"Gaz va elektr muammosi parlamentda muhokama qilinsin!"

Image copyright bbc
Image caption So‘nggi yillarda gaz balonlari qaytadan ommalashgan

"Ezgulik" inson huquqlari guruhi O‘zbekiston aholisini gaz va elektr bilan ta‘minlash masalasini mamlakat parlamentining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritishga chaqirgan.

Tashkilot shuningdek, mamlakatdagi huquq himoyachilarini bu boradagi "o‘ziga xos petitsiya"ga qo‘shilishga da‘vat qilgan.

Bu kabi da‘vatga aholi vakillaridan gaz va elektr ta‘minoti borasida kelib tushayotgan shikoyatlarning ko‘paygani, mutasaddi tashkilotlarning esa chora ko‘rmayotgani sabab bo‘lgan.

Guruh tarqatgan xabarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi vaziyat misol qilib keltiriladi.

Boyovut tumani G‘alaba jamoa xo‘jaligida yashovchi 84 nafar fuqaro imzo qo‘ygan shikoyatda aytilishicha, qishloq ahli hozirda og‘ir ahvolda qolgan.

"Hozirgi kunda na svetimiz, na gazimiz yonmoqda. Maktablarimizda bolalarimiz sovuqda qolgan. Ahvolimiz og‘ir, bolalarimiz sovuqdan tez-tez shamollab qolmoqda. Kechalari esa bolalarning dars tayyorlashi uchun svet yo‘q. Qariyalarimiz kasalmand bo‘lib azob chekmoqdalar. Aksariyat kishilarning kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘q", - deya fuqarolar shikoyatidan iqtibos keltiradi "Ezgulik".

"Ijtimoiy norozilik"

Guruhga ko‘ra, "84 nafar kishining bir shikoyatga imzo chekkani, ya‘ni ijtimoiy norozilik borasidagi uyushgani diqqatga sazovordir".

Ammo "Ezgulik"ning aytishicha, sovuq kunlarda energiya taqchilligi bilan yuzma-yuz qolgan fuqarolarning o‘qtin-o‘qtin bo‘y ko‘rsatayotgan chorasizlik amallari ham hokimiyatni chora ko‘rishga unday olmayapti.

"Ayrim tumanlarda avtomagistrallarni to‘sayotgan norozi ayollar to‘dasining harakatlari ham 2-3 kunlik g‘alabadan nariga o‘tmayapti", deyiladi xabarda.

Qish oylarida aholining elektr va gaz ta‘minotidagi muammolar yuzasidan norozilik chiqishlari bot-bot kuzatiladi.

Ammo rasmiylar bu kabi chiqishlarni alohida olingan hududda muammoni vaqtinchalik hal qilish bilan yechishga urinadilar.

Ikki yil muqaddam Qashqadaryoda gaz muammosi yuzasidan norozilik chiqishlarini muvofiqlashtirishga uringan ikki nafar huquq faollari hibsga olinib, ma‘muriy jazoga tortilgan.

Rasmiylar energetika muammolarini ko‘pincha aholining qarzdorligi bilan tushuntirishga urinadilar.

Ammo "Ezgulik"ning ta‘kidlashicha, muammoning keskinlashishiga amaldorlar orasidagi korruptsiya sabab.

"Korruptsion doiralarning birovi gaz, elektrni o‘zining issiqxonasiga, yana birovi xususiy tegirmoniga tortib ketgan. Hokim-u hukamolar, huquqni muhofaza qilish organlari esa ulardan mo‘maygina cho‘tal olib turishadi".

O‘zbekiston parlamentining quyi palatasi - Oliy Majlis shu yil aprel oyida gaz ta‘minoti masalasini muhokama qilgan, ammo unda aholiga gaz yetkazib berishni yaxshilash emas, balki gazdan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik haqida so‘z borgan edi.

Gazini chetga sotib...

So‘nggi yillarda gaz va elektr ta‘minotidagi uzilishlarning surunkali tus olishi joylarda odamlarni uylarini isitish va yoritishning turli usullariga bosh urishga majbur qilgan.

Har yili qish mavsumida ko‘mir va o‘tin narxi ko‘tarilarkan, xususan o‘tgan yildan boshlab gaz balonlardan foydalanish ommaviy tus olgan.

Hukumat xorijga gaz eksportining ko‘payganini e‘tirof etgani holda aholi yetkazib beriladigan gaz hajmining qisqargani borasida sukut saqlab keladi.

Tahlilchilar O‘zbekiston, xususan, Xitoy oldida gaz sotish borasida olgan majburiyatining bir qismini aholi hisobidan qoplayotganiga ishonishadi.

Xitoyga sotilayotgan gazning narxi va energetika sohasidagi kelishuvlarining boshqa tafsilotlari aholidan sir tutiladi.

Mustaqil siyosiy tahlilchi Toshpo‘lat Yo‘ldoshevning BBCga aytishicha, o‘z aholisi gazga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda O‘zbekiston hukumatining yildan-yilga Xitoyga sotiladigan gaz hajmini ko‘paytirishini izohlash qiyin.

"Xitoyning O‘zbekistondan ko‘proq gaz sotib olishi sof iqtisodiy hisob-kitobga asoslangan, tushunarli bir qadam. Ammo o‘z aholisini gaz bilan ta‘minlay olmayotgan hukumatning xitoyliklarga gaz yetkazib berishni ko‘paytirishini hech narsa bilan tushuntirib bo‘lmaydi", - deydi tahlilchi.