Toshkentlik inson haqlari faoli jarimaga tortildi

Toshkent shahar jinoyat ishlari mahkamasi norasmiy O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilari alyansi faoli Shuhrat Rustamovga 8 million so‘mlik jarima solish haqidagi hukm chiqargan.

Shuhrat Rustamov fuqarolar huquqini himoya qilib yozgan shikoyat arizalari uchun soxta ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan, unga tuhmat va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish bo‘yicha ayblov qo‘yilgandi.

Oxirgi mahkamada prokuror uni 6 yillik qamoq jazosi va eng kam ish haqining 300 baravar miqdorida jarimaga tortishni so‘ragan edi.

Shuhrat Rustamovning aytishicha, o‘ziga qo‘yilgan 159-modda bo‘yicha ayblov olib tashlangan bo‘lsa-da, sud uni to‘la oqlamagan.

"Mening yakuniy so‘zimdan keyin bir soat maslahatga kirib ketishgach, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz bo‘yicha ayblov olib tashlanib, jarimaga tortish qoldirildi.

Menga 159 modda bilan jinoiy ish ochishning o‘zi qonunbuzarlik. Rasmiy idoralarga shikoyat arizasi yozganim, yana fuqarolarning huquqlarini himoya qilganim tuzumga tajovuz deb baholanyapti. Prokuratura organlariga yozgan shikoyat arizalarim esa umuman ko‘rilmadi, oldin ularni ko‘rib chiqish, ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha prokuratura xulosa bildirishi kerak avvalo. Tergovchiga bu vakolat berilmagan. Ularning o‘zi Jinoyat kodeksining 206 moddasi buzishdi", - deydi Shuhrat Rustamov.

Huquq faoli chiqarilgan hukm yuzasidan 2 dekabr kuni apellyatsiya tartibida shikoyat arizasi yozishini bildirdi.

Shuhrat Rustamov o‘ziga nisbatan bosimlar Zomin tuman hokimi ustidan shikoyat qilgan jizzaxlik fermer Aliqul Sarimsoqov himoyasiga chiqqanidan keyin boshlanganini aytgandi.

"Hakam ham nima qilsin, o‘zi mustaqil bir ish qilolmaydi. Meni oqlab qaror chiqarsa, soxta ayblov qo‘yganlarni jinoiy ishga tortishi kerak bo‘ladi. U ham oilasini boqishi kerak. Bunday hukm chiqarsa, ishsiz qolishi tabiiy", - deydi huquq-tartibot idoralaridagi qonunbuzarliklarni gapirgan huquq faoli.