BBCga aytaman: Xorijga chiqsang, ishdan ketasan!

BBC O‘zbek xizmati yangi loyiha boshladi.

Uni "BBCga aytaman" deb nomladik.

Ko‘pchilik O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning BBC haqidagi she‘rini yaxshi eslaydi.

Zamonlar o‘zgardi, o‘zgardi do‘st-yov, Davr ham o‘zga bir libosni kiydi. Bugun xafa qilsa birovni-birov, Darhol BBCga aytaman! deydi.

Yangi loyihamizdan ko‘zlagan maqsadimiz - radiotinglovchi va mushtariylarimizni "o‘zlarida bori"ni biz bilan bo‘lashishga, ularning ijtimoiy mediadagi faolliklarini yanada oshirishga undash.

Sizda qiziqarli axborot yo ma‘lumot bormi?

Ko‘pchilik uchun ahamiyatli fotosurat yoki videolavhangizni BBC web-saytida ko‘rishni istaysizmi?

Unda "BBCga aytaman" loyihasiga marhamat!

Aytadiganingizni BBCga aytish uchun "Sizning yangiligingiz, sizning suratingiz" sahifasidan foydalaning!

Shuningdek, elektron pochtamiz manzilini eslatamiz: uzbek@bbc.co.uk

----------------------------------------------------------------------------

Xorijga chiqsang, ishdan ketasan!

"Bugun O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasida ana shunday shior ostida majlis tashkil qilindi. Uni kompaniyaning "Rejim va xavfsizlik" bo‘limi boshlig‘i olib bordi. Uning aytishicha, kompaniyada faoliyat olib borayotgan har bir xodimning ta‘til vaqtida ham, boshqa vaqtda xam xorijga chiqishi taqiqlanadi. Sababi, uning ta‘kidlashicha, xorijga chiqqan kishi davlat sirini sotib qo‘yar ekan. Kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, shu paytga qadar biror bir jurnalistning davlat sirini bilishi O‘zbekiston fuqarosining aqliga sig‘maydi. Chunki bugun O‘zbekistonda bu soha xodimlari har joyda chegaralanib qo‘yilgan. Savol tug‘iladi, o‘zi bilmagan sirni kimga aytishi mumkin?! Bu xam aslida erkin bo‘lishi lozim bo‘lgan jurnalistlarni yanada ko‘proq qo‘lga olishning bir yo‘li bo‘lishi mumkin. Yaqinda O‘zbekiston prezidenti va uning to‘ng‘ich qizi janjali ortidan yopib qo‘yilgan 4 ta telekanal xam fikrimizni to‘ldiradi. Yana bir tomoni borki, O‘zMTRK rahbariyatining o‘zi xorijdan dala hovli va villa sotib olayotgan bir davrda uning xodimlarini chetga chiqarmaslikdan nima ma‘ni? Aslida hamma sirni o‘sha boshliqlarning o‘zlari bilishadiku! Ogohlantirilishicha, xorijga chiqqan jurnalist so‘zsiz ishdan haydalar ekan", deb yakunlaydi o‘z xatini Krasniy Aleksandr.

Xatda keltirilgan gaplarni BBCning O‘zbekiston teleradiokompaniyasidagi bir nechta manbalari ham tasdiqladi. Ularning aytishicha, televideniyening katta majlislar zalida hamma xodimlar rahbarlar ishtirokida yig‘ilib, xorijga chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida buyruq yaxshilab tushuntirilgan.

Majlisga turli sabablar bilan kirmagan xodimlar ogohlantirilib, ulardan tushuntirish xatlari yozib olingan.

Bunday taqiqning sababi nima ekanini jurnalistlar o‘zlari ham bilmasliklarini aytishdi.

"Rahbarlar yuqoridan shunday buyruq bor, deyishadi. Ular tushuntirib o‘tirishmaydi. Xuddi ko‘rsatuvlarda shu gap ketmasin, degandek. Tamom, bajarishga majbursiz. Aks holda, ishdan ajralib qolishingiz hech gap emas", deydi yuqoridagi majlisda qatnashgan jurnalistlardan biri.

----------------------------------------------------------------------------

"Qozog‘istonda o‘zbek o‘zbekni jarga itarmoqda"

Qozog‘istonga novvoychilik qilish uchun borgan namanganlik huquq faoli Zohidjon Zokirov qozoq politsiyasining zo‘ravonliklaridan yozg‘irdi. Uning aytishicha, politsiyachilar mehnat muhojirlarining ruxsatnomasi bor-yo‘qligiga qaramay, hibsga olishada va qiynoqqa soladilar. Zohidjonning o‘zi hibsga olinib, do‘pposlangani, tirnoqlari ostiga bigiz tiqilganihaqida gapirib berdi. Ammo ayni paytda uning aytishicha, o‘zbeklarni qiynayotganlar faqat qozoqlar emas. Muhojirlarni qop-qop va‘da bilan Qozog‘istonga olib ketgan o‘zbekistonlik ish beruvchilar ularning pasportlarini olib qo‘yishadi, og‘ir sharoitlarda saqlaydilar va haqlarini berishmaydi. Namanganlik huquq faoli o‘zini Qozog‘istonga olib ketgan devor-darmiyon qo‘shnisidan 4 oylik ish haqini ololmayotganini aytdi. "Xafa bo‘lmang-u, oddiy qozoqlar o‘zimizning o‘zbeklardan tuzukroq ekan. Bizga yordam bergan qozoqlar bo‘ldi. Ammo o‘zbek o‘zbekni jarlikka itarayapti", - deydi Zohidjon Zokirov BBC bilan suhbatda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------

BBCga aytaman: Biz ham sochimizni qilich bilan olib tashlab yurishimiz kerakmi?

Image caption Rossiyadagi millatchilar davlatning o‘zi paydo qilgan harakat, deydi Maksim Nazirov

Ko‘p yillar Rossiyada mardikorlik qilgan, ayni paytda Frantsiyada ham ishlab, ham til o‘rganayotganini aytgan Maksim Nazirov:

Salom! Biz ham bog‘lansak bo‘ladimi? Yoki sochimizni qilich bilan olib tashlab yurishimiz kerakmi, degan xatni yo‘llagan edi.

Maksim Nazirov bilan bog‘langanimizda, u Rossiyadagi muhojirlar, millatchilarning munosabati va davlat idoralaridagi korruptsiya kabi o‘zini qiynayotgan muammolar haqida gapirib berdi. "Rossiyadagi millatchilarga o‘chakishib, biz ham boshqa joylarda uchragan ruslarni kaltaklashimiz, sochimizni qirib olib tashlab yurishimiz kerakmi endi? Muammo hal qilinmasa, uning oxiri yaxshi bo‘lmaydi", deb aytadi u.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------------

"O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirish uchun sog‘lom kuch va tashkilot kerak"

Image copyright AP
Image caption "Millionlab muhojirlar katta kuchga aylanishi mumkin"

Usmon Nosir degan mushtariymiz shunday fikrda:

O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirish uchun, uni o‘zgartira oladigan bir sog‘lom kuch va tashkilot kerak. Bunday tashkilot, millionlab muhojirlarni birlashtira oladigan siyosiy partiya bo‘lishi mumkin. Bu partiyani programmasi xalq dardini tushunish, millat kelajagini o‘ylagani holda, adolatparvarlik, haqiqatparvarlik ruhida, vatanni sevgan insonlar g‘oyalari ifodalangan programma bo‘lishi kerak. Bu partiya ishonchni qozonsa, qudratli bir kuchga aylanadi.

------------------------------------------------------------------------

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlarga nisbatan qo‘pol munosabatga ularning o‘zlariga turtki bermoqda, deb hisoblaydi BBCga gapirgan muhojirlardan biri

O‘zbekistonlik mehnat muhojiri Asilbek Matkarimov BBCga maktub yozgan.

Rossiyaning Qozon shahrida besh yildan buyon muhojirlikda bo‘lgan Asilbek Matkarimovning fikricha, mehnat muhojirlarining hammasi ham axborot vositalarida aytiladiganidek "jabrlangan" emas.

"Men o‘ylaman, hozirgi mehnat muhojirlari bilan bo‘layotgan barcha xodisalarga asosan ularning o‘zlari aybdor. Ular menimcha unutib qo‘yishgan kim qayerda mehmonligini. Hayronman nima bu yerga kelib xuddi tog‘dan tushganday tutishadi o‘zlarini...shu mavzuda fikr yuritmokchi edim".

Asilbek Matkarimovning fikrlarini tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------

Toshkentdagi UzGazOil shirkati xodimi yozgan maktubdan:

Image caption UzGazOil O‘zbekistonda eng yirik benzin ta‘minotchisi hisoblanadi

Hozir O‘zbekistonda benzin taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda UzGazOil AYoQShlari kechasi 12 dan tonggi 7 gacha ishlamaslik haqida ko‘rsatma oldi. Kechasi shaharda umuman benzin bo‘lmayapti. Poytaxt Toshkentda tungi soat ikkilar atrofida xususiy AYoQShlar oldida tirbandlik kuzatilyapti. Bu hammasi UzGazOil benzin bilan ta‘minlab bera olmayotganida. UzGazOiL ishchi xodimlari esa oyiga 240 soat majburiy ishlatilib, 160 soat uchungina haq olishmoqda. UzGazOil O‘zbekiston mehnat kodeksini buzayotgan yagona korxonadir. Uch mingga yaqin ishlayotgan korxonada o‘z huquqlarini talab qilishni sirayam iloji yo‘q, chunki Bosh prokuraturaga bir necha marta yozilgan shikoyatlar javobsiz yoki tekshiruvlarsiz qolgan. Kadrlar bo‘limi boshlig‘iga arz qilsangiz, uni javobi bitta: "Men bu yerda kichkina odamman, men shunchaki rahbar buyrug‘ini bajarib o‘tiraman. Vazifam shu", - deydi. Ha, gapida jon bor. U ham nima qilsin bechora. Axir endigina 28 yoshga kirgan bo‘lsa, uch ming odamga tomdan tarasha tushganday kadrlar boshlig‘i bo‘lib qolgan bo‘lsa, unga ham qiyin. Lekin uch mingga yaqin odamni dardini ularni ko‘p ishlatib ikki baravar kam haq to‘lanayotganini, ularning huquqlari buzilayotganidan kim xabardor bo‘lib, yordam beradi? Ma‘lumotlarga qaraganda, UzGazOil Gulnora Karimovaga tegishli deb ishoniladi. Rasman korxona Uzgazxolding nazoratidadir. Sizlardan iltimos, shu mavzuni kengroq Yevropa jamoatchiligida yoritishda yordamingizni ayamang. Zora Bosh prokuratura eplay olmayotgan ish iszlar tufayli amalga oshib, ishchilar haq-huquqlari tiklansa... Agar rahbariyatdan 240 soat ishlatib, 160 soat uchun haq to‘lar ekansizlar, desangiz darhol rad etishadi. Ammo buning isboti judayam oddiy. Xodimlar ikkita tabelga qo‘l qo‘yishadi. Biri 160 soatlik, ikkinchisi 240 soatlik. Oyning oxirida esa 160 soatlik tabel bo‘yicha ish haqi olishadi, 240 soatlik tabel esa saqlab qo‘yiladi. Mabodo ishchilar huquqlarini talab qilgudek bo‘lsalar, na shu tabellar ish beradi. Toshkentdagi beniz taqchilligining asosiy sababchisi ham UzGazOil. Chunki yil boshidan beri me‘yoridan ko‘p benzin sotib yuborishdi. Bu yoqilg‘i Toshkentdan viloyatlarga tashib ketildi. Bir kunda UzGazOil tarmog‘ida 50 ming litrdan ziyod benzin rahbarar tarafidan talon-taroj qilinadi. Qanday qilib deysizmi? Yoqilg‘i quyish uskunalaridagi hisoblagichlar ortga qaytarib qo‘yiladi, vassalom. Qani edi Human Rights Watch tashkiloti ham biz bechoralar holidan xabar olsa.

----------------------------------------------------------------

Ushbu loyihaning ilk namunasi sifatida O‘zbekistonda ishchi o‘rinlari qanday yaratilishi haqidagi navoiylik o‘quvchimiz mulohazalarini e‘tiboringizga havola etmoqchimiz.

Kuni kecha BBC "830 ming ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa nega millionlab o‘zbekistonlik Rossiyada?" deb sarlavhalangan maqola e‘lon qildi.

Navoiydan Ahmad ushbu maqolaga munosabat bildirib, jumladan shunday yozadi:

Men tadbirkorman, bor-yo‘g‘i 18 ta ishchim bor. Har choraklikda statitiska organi xodimlari, soliqchilar, prokuratura xodimlari yangi ishchi o‘rin ochilgani to‘g‘risida yolg‘on ma‘lumot berishni talab qilishadi. Menda yuqorida aytganimday 18 ta ishchi xodim bor. Kattalar menga "100 ta ishchim bor deb yozing", deydi. "Bu davlatni aldash-ku", desam, "Aka, davlat ham hammani aldayapti-ku. Bizga yuqoridan buyruq kelgan, nima qilaylik, axir", deyishadi. Mana sizga qayerdan 830 mingta ish o‘rin yaralgani...

BBC bilan suhbatda Ahmadning aytishicha, statistika xodimlari ishchilar o‘rni sonini ko‘paytirib yozib hisobot topshirishni so‘raydilar.

Soliq xodimlari esa "senda 30 ta xodim bor ekan, nega atigi 10 kishi uchun soliq to‘layapsan", degan savolni beradilar.

Oxirida esa prokuratura kelib, "nega ishchilar sonini qo‘shib yozding", deb so‘raydi.

Va prokuraturaga tushuntirish xati yozib berib, prokuratura xodimining bir "xizmatini qilib berish" bilan tadbirkor javobgarlikdan qutuladi.

Bu xizmat esa "mashinaga benzin solib berish" yoki prokurorning qaysidir restorandan 100000-200000 so‘mlik qarzini uzib berishdan iborat bo‘ladi.

Ahmadning BBCga aytganlarini tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi