Ukraina: Nikolay Azarov hukumati o‘z o‘rnida qoldi

Image copyright AP
Image caption Oliy Radadan tashqarida namoyishchilar "Iste‘fo" deb qichqirishgan

Ukraina muxolifatining Oliy Rada orqali hukumat iste‘fosiga erishish talabi amalga oshmadi. Hukumatni tarqatish uchun ovoz berganlar soni talab qilingan hisobga yetmagan.

Nikolay Azarov hukumati iste‘fosini yoqlab 186 deputat ovoz bergan, bu Oliy Radadagi tarkibning yarmidan kamdir. Boshqaruvdagi Regionlar partiyasi hukumatda 204 o‘ringa ega.

"Batkivshchina" partiyasi yetakchisi Arseniy Yatsenyuk Ovro‘po Maydonida qilgan chiqishida muxolifat endi prezident Viktor Yanukovichdan hukumatni tarqatish haqida qaror chiqarish va muddatdan oldin parlament va prezidentlik saylovlari e‘lon qilishni so‘rashini aytdi.

Oliy Radadagi ovoz berish tashqarida ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlar manzarasida kechdi.

Oliy Rada binosi oldida to‘planganlar "Iste‘fo" deb baqirishgan.

Muxolifat ukrainaliklarni Maydondagi muddatsiz namoyishlarga qo‘shilishga chaqirmoqda.

Bugun ham Mustaqillik Maydonida 10 minglab kishilar namoyishlarda qatnashgani xabar qilinadi.

Bosh vazir Oliy Radada rus tilida chiqish qilib, muxolifatni hokimiyatga kelish uchun mamlakatda beqarorlikni yuzaga keltirayotganlikda aybladi.

Nikolay Azarovning ta‘kidlashicha, hukumat Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuvdan voz kechmaydi. Faqat Ukraina uchun manfaatli jihatlarni qaytadan ko‘rib chiqish lozim, deb aytgan bosh vazir.

Norozilik namoyishlari va tartibsizliklar Prezident Yanukovichning Ukrainani Ovro‘po Ittifoqiga yanada yaqinlashtirish maqsadi ko‘zlangan kelishuvni imzolashdan voz kechganidan keyin boshlanib ketdi.

"Berkut" maxsus bo‘linmasi bilan to‘qnashuvlarda o‘nlab odam jarohat oldi.

Tartibni saqlash xodimlari namoyishchilarga qarshi yosh sizdiruvchi gaz va to‘qmoqlarni ishga soldi.

Faollar kecha Kasaba uyushmasi binosi, Kiyev shahri hokimligini egallab olishgan, dushanba kuni parlamentga kiradigan yo‘lni to‘sgan namoyishchilar prezident va hukumat iste‘fosini talab qilishgan edi.