UzWebiston: Amaldorlarning o‘zi qonunlarni buzishmoqda

Ayrim davlat hokimiyati va boshqaruvi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yishgan.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan idoralararo yig‘ilishda gap ketdi.

Tekshirishda murojaatlarni qonunda belgilangan muddatlarda yoki asossiz ravishda ko‘rib chiqmaslik, ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma shaklda xabar bermaslik, qonuniy talablarni asossiz rad etish kabi boshqa ko‘plab holatlar aniqlanganligi qayd qilindi.

Prokuratura organlari tomonidan 2013 yilning 10 oyida yo‘l qo‘yilgan fuqarolarning huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha 4323 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Shundan 4011 nafar mansabdor shaxsiy intizomiy yoki ma‘muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha esa 44 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida 123 ming nafardan ziyod fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqilishi natijasida 11 mingga yaqin fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Shuningdek, yig‘ilishda sohaga mas‘ul davlat organlari fuqarolarning murojaatlari-ni ko‘rib chiqishlari ustidan tizimli idoraviy nazoratni kuchaytirishi va fuqarolarning qonuniy huquqlari buzilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishlari zarurligi qayd qilib o‘tildi, deb yozdi Gazeta.uz sayti.

"Sun-Bogim" koreya cherkovi faoli missionerlikda ayblanmoqda

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan Olmaliq shahrida "Sun-Bogim" koreya cherkovi faoli Vera Butusova qo‘lga olindi.

12uz.com axborot portalining O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralaridagi manbaga tayanib bildirishicha, 62 yashar Butusova o‘z uyida noqonuniy diniy yig‘ilishlarni o‘tkazishda ayblanmoqda.

Uning uyida ashyoviy dalil sifatida diniy mazmundagi adabiyot va videomahsulotlar qo‘lga kiritilgan. Shu paytda uning uyida noqonuniy diniy ishlar bilan shug‘ullanayotgan yana besh kishi bo‘lgan.

Ayni paytda nafaqadagi Butusovaga ma‘muriy jazo ko‘rilishi kutilmoqda.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi sobiq ijrochi direktori sudlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan Bolalar sportini rivojlan-tirish jamg‘armasi sobiq ijrochi direktori Abdulla Achilov va uning "Arklav Biznes" MChJdagi sheriklariga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

"Huquq" gazetasining bildirishicha, sudlanuvchilar jamg‘arma tomonidan jamiyat hisob raqamiga o‘tkazib berilgan pul mablag‘lari hisobiga 18-sonli shartnoma asosida jami 1 mlrd. 147 mln. 886 ming so‘mlik, 19-sonli shartnoma bo‘yicha esa 968 mln. 700 ming so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Gazetada yozilishicha, uchovlon til biriktirib, tenderda sun‘iy raqobatni yuzaga keltirishadi. "Arklav Biznes" MChJning g‘olibligini ta‘minlash maqsadida MChJ bilan "Mal-rusimpeks" korxonalari nomidan tender hujjatlari tayyorlanadi va jamg‘armaning tender komissiyasiga taqdim qilinadi.

Keyinchalik sport anjomlari yetkazib berish yuzasidan soxta shartnomalar tuzilib, savdo qoidalari buzilgan holda, turli firmalar orqali katta miqdordagi pul mablag‘lari naqdlashtirib olinadi.

Avval xabar berilganidek, o‘tgan yilning noyabr oyida Achilov o‘z lavozimidan bo‘shatilgan edi. 53 yashar Achilov jamg‘arma tuzilgan 2004 yildan e‘tiboran ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi.