UzWebiston: O‘zbek hay‘ati tashrifi Karimova twitlari soyasida qoldi

O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning yaqinda Britaniyaga qilgan tashrifi aftidan ko‘pgina milliy ro‘znomalarimizning nazaridan chetda qoldi. Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Twitter mikroblogi orqali qoldirgan izohlari oxirgi o‘n yil ichida Britaniyaga ilk tashrif buyurgan O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirining safaridan ko‘ra ko‘proq qiziqish uyg‘otdi.

Mening O‘zbekistonga 1990 yillarning boshida qilgan birinchi safarim shunchalik ta‘sirli bo‘lgandiki, pirovardida Toshkentda ko‘p yillar yashab qoldik. Men o‘z bilganlarimdan kelib chiqib, O‘zbekistonning xalqi kabi bag‘rikeng, mehmonnavoz, saxiy odamlarni butun dunyoni kezib, hech qayerda uchratmaganman, deya olaman.

Bunday samimiy, haqiqiy munosabatni men ayniqsa o‘zim ma‘lum vaqt yashab, ishlagan Farg‘ona vodiysida kuchliroq his qildim.

2000 yil yozida men ona shahrim Liverpuldan O‘zbekistonga, Farg‘ona shahridagi musobaqalarda qatnashish uchun 14-16 yoshlardagi havaskor bokschilar guruhi bilan safar tashkil qilishga muvaffaq bo‘ldim. Bu safar ular uchun bir hayotiy tajriba ham edi. Bugun men afsuslanamanki, Toshkent aeroportiga qo‘nganimizda Farg‘onagacha bir soatlik yo‘lni kichikroq "Yak" uchog‘ida bosib o‘tishimizni aytishganda, ular yuzidagi taassurotni muhrlab qololmaganimga.

Hatto mehmonsevarligi bilan yaxshi tanish liverpulliklar ham yosh yigitlarimiz Farg‘onaga borganlarida ularga ko‘rsatilgan mehmondorchilikni ko‘rib lol qolgandilar. Toshkent va Farg‘ona safarlari davomida mahalliy aholining yoshlarimizga ko‘rsatgan samimiy munosabatini so‘z bilan ta‘riflash mushkul.

Menga o‘shanda, kelgusi 2001 yilda yosh o‘zbek bokschilarining Liverpuldagi havaskorlik musobaqalarida qatnashishi uchun homiylik qilishdek sharafli vazifa nasib qilgan, o‘zbek xalqi ko‘rsatgan qaynoq mehrni qaytarish imkoniyati tug‘ilgandi.

Shu tariqa ona shahrim Liverpul va O‘zbekiston o‘rtasida homiylik sport va madaniyat tadbirlari bir necha yil davom etdi. Britaniya universitetlarining O‘zbekistonda bo‘limlari ochilishidan oldinroq men O‘zbekiston Oliy mahkamasi hakamlarining akademik anjumanda ishtirok etishiga homiylik qildim. Bu kabi ijobiy uchrashuvlar faqatgina ilmiy jurnallarda yoritilgani achinarli.

Afsuski ham O‘zbekistonda, ham Britaniyada turli sabablar bilan ahamiyatli bo‘lgan yuqoridagi uchrashuvlar ommaviy axborot vositalarining katta e‘tiborini tortmadi. Bunda men o‘zimning ham aybim bor deb o‘ylayman, sababiki, ularni yoritishga harakat qilmaganmiz. Aks holda unday xabarlar bir qancha ommaviy axborot vositalarida keyingi yillarda O‘zbekiston haqida salbiy fikrlarni bir qadar yo‘qotgan bo‘lardi.

Bunday safarlarning yosh insonlar hayotiga ijobiy ta‘siri chegarasiz. Men homiylik ishlarini hech kimdan yordam olmay, shunchaki O‘zbekistonda uchratgan samimiy oddiy odamlarga, jumladan Ulug‘bek, Sotvoldi, va Ravshanlarga chin hurmatim sababli qilgan edim.

2000 yilda o‘z ona shahrim Liverpuldan minglab chaqirim olisda, musobaqada qatnashishga borgan yoshlar orasida hozirda Britaniyaning o‘rta vazndagi taniqli bokschisi Pol Smit ham bor edi. Kim o‘ylabdi deysiz, uning chempionlik tomon mashaqqatli yo‘li Ipak Yo‘li O‘zbekiston, Farg‘ona orqali o‘tishini. U haligacha O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligi bilan bog‘liq yorqin xotiralarini eslab turadi.

Va nihoyat Twitterda davom etayotgan "serial" va Britaniyada O‘zbek rasmiylari bilan rasmiy diplomatik uchrashuvlar uzoq xotiralar bo‘lib qoladi. Mening O‘zbek xalqiga muhabbatim, va bu tuyg‘u yarim O‘zbek bo‘lgan qizimga ham o‘tishini istar ekanman, ajoyib kunlarning birida u menga ikki buyuk xalqlarimiz o‘rtasida yana sport va madaniy almashinuv bo‘lgan tadbirlarni tashkil qilishimga yordam beradi deb ishonaman.

Filip Meyn