Olma-ota politsiya reydida ayol quvurga tiqilib qoldi

Image caption Qozog‘istonda fohishalik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan

Qozog‘istonning Olma-ota shahridagi yirik mehmonxonada o‘tkazilgan politsiya reydida jinsiy xizmatlarni ko‘rsatishda gumon qilingan ayol binoning ventilyatsiya quvuriga tiqilib qolgan.

Reydning maqsadi mehmonxona majmuasida fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollarni qo‘lga olish bo‘lgan. Bu haqida Tengrinews xabar agentligi ma‘lumot tarqatdi.

Olma-ota shahar Ichki ishlar boshqarmasi bildirishicha, politsiyadan qochib qutulishni istagan ayollardan biri "o‘z jismoniy imkoniyatlarini to‘g‘ri baholamay, tor quvurga tiqilib qolgan".

Reyd chog‘ida fohishalik qilishda gumon qilingan bir necha o‘nlab ayollar hibsga olinganlar.

Qo‘lga olinganlar orasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari borligi aniqlangan. Biroq, qochishga uringan ayolning qaysi mamlakat fuqarosi ekani xabar qilinmadi.

Politsiyaning bildirishicha, ayollar Qozog‘istonda noqonuniy tarzda ishlab kelganlar va endilikda deportatsiya qilinishlari mumkin.

Mehmonxona hududidagi islovatxonani Janubiy Qozog‘iston viloyatidan kelgan 30 yoshli ayol boshqargani aniqlangan. U jinoiy javobgarlikka tortilishi kutiladi.

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, qo‘shmachilik jinoyat hisoblanadi. Mamlakatda, shuningdek, o‘z ko‘chmas mulkini "bila turib fohishalik yoki qo‘shmachilik uchun ajratish" uchun ham ma‘muriy jazo belgilangan. Biroq, fohishalik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Qozog‘istonning yirik shaharlarida o‘zbek ayollarning fohishalik bilan shug‘ullanishi hujjatlashtirilgan. Qozoq politsiyasi reydlarida qo‘lga olingan o‘zbek ayollari odatda O‘zbekistonga qaytariladi.

Your contact details
Disclaimer