O‘zbekiston: Davlat oilalarga g‘amxo‘rmi?

Ijtimoiy so‘rovdan farqli ravishda aholi energiya muammolariga duch kelayotganini aytadi Image copyright none
Image caption Ijtimoiy so‘rovdan farqli ravishda aholi energiya muammolariga duch kelayotganini aytadi

"Ijtimoiy fikr" markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirokchilarning qariyb 90 foizi davlatining oila muammolariga qaratayotgan e‘tiborini yuksak baholagan. Oilaning farovonligi to‘g‘risidagi savolga ham 75 foizga yaqin ishtirokchi "juda yaxshi" va "yaxshi", deb belgilagan.

Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar bergan. "Oila va ma‘naviyat" mavzusidagi ijtimoiy so‘rovda necha kishi va qaysi qatlam vakillari qatnashgani borasida hech narsa deyilmaydi. Ma‘lum bo‘lgani unda qishloq aholisi ham qatnashgan.

Natijasi hukumatning oddiy insonlar hayotida tutgan o‘rniga yuksak baho beruvchi va to‘g‘ri siyosat olib borilayotganini tasdiqlovchi bunday so‘rovnomalar O‘zbekistonda tez tez o‘tkazilib turiladi.

BBC ushbu so‘rovdan kelib chiqib o‘zining kichik tadqiqotini o‘tkazishga harakat qildi.

Farg‘ona shahri yoshlaridan Abdusattor bilan bog‘lanib undan oilasiga nisbatan davlat tomonidan e‘tiborni his qilib qilmayotgani haqida so‘radik.

"Oldin "Kabool Farg‘ona" tekstil korxonasida ishlardim. U yerda ishlagim kelmasdan chiqib ketdim. Ish izlab Mehnat birjasiga bordim. Diplomimni ko‘rsatdim. Meni qurilish sohasida 10 odamga brigadir qilib qo‘yishdi. Oyiga qo‘limga 700 ming so‘m maosh tegadi", deydi Abdusattor.

Abdusattor ijtimoiy so‘rovda qatnashgan 90 foiz odamning ijobiy fikri haqiqatga yaqin ekanligini ta‘kidlaydi.

"O‘tgan safar hokimiyatda majlis bo‘lganida bordim. Hokim kimga ish va kredit kerak bo‘lsa yoki bankda muammo bo‘lsa menga uchranglar dedi. Katta katta bankning xo‘jayinlari va boshqa rahbarlarni turgizib, necha soatning ichida hal qilib berasan, deb so‘radi. Xullas 90 foiz odam ijobiy deb javob berganiga qo‘shilaman", deydi Abdusattor.

Biroq Jizzaxlik uy bekasining aytishicha, u davlat tomonidan oilasiga e‘tibor berilganini sezmagan.

"Necha yildan beri yashayotgan bo‘lsam, hech kim menga yordam bermagan. Faqat xo‘jayinim boqadi bizni. Boshqa hech kim yordam qilmaydi lekin. Topgani yetmasa ham amal taqal qilib yetkazishga harakat qilamiz".

Buxorolik Hamid aka davlat tomonidan g‘amxo‘rlikni shaxsan his qilayotganini bildirdi.

"Xudoga shukr yashab yuribmiz. Suv, gaz, chiroq bor. Hayotimiz yaxshi. Prezidentimiz boshimizda sog‘".

Biroq Hamid akaning aytishicha, ish yo‘qligi sabab Rossiyaga borib ishlab keladi. U yashayotgan hududdagi aksar erkaklar oilani tebratish uchun Rossiyaga borib ishlashga majbur.

Paxtakor tumanidan yolg‘iz ona va hech qayerda ishlamaydigan ismi o‘zgartirilgan Xolbuvi opaga davlat farzandi uchun moddiy yordam beradi. Ammo Xolbuvi opa bu yordam yetarli emasligini aytadi.

"Hech qayerdan yordam olganim yo‘q. Faqat mahalladan bu yildan boshlab yordam puli olaman. Uni ham yugurib, mahallaning raisiga borib yalinib yolvorib bir yilda sharoiti og‘irlarga 119 ming so‘m moddiy yordam beradi. Lekin bergan puli hech narsaga yetmaydi. O‘g‘lim maktabda o‘qiydi. Kitob, daftar, kiyim va oziq ovqat deganday yetkizolmayman. Uning ustiga davolanishim kerak, ammo shifoxonada yotishga ham hozir imkoniyatim yo‘q", – deydi Xolbuvi opa.

Xolbuvi opa so‘rovnomada ishtirok etgan 90 foiz odamning davlat tomonidan e‘tibor berilayapti deb javob berilishi bo‘rttirilgan ekanligini aytadi. U yashab turgan joydagi odamlar bunday e‘tiborni sezmayapti.

"Davlat tomonidan gaz ko‘tarildi, elektr o‘chib qolayotgan bo‘lsa ham yonib turibdi. Lekin bu 90 foiz odam qoniqaman deganini bildirmaydi. 50 foiz bo‘lishi mumkin. Bu narsalar bizda bo‘lgani bilan boshqa joyda yo‘q. Ishlayin desak bizda ish yo‘q. Bu yerdagi 60-70 foiz aholisi Rossiyaga borib ishlasa, erkaklarga qo‘shilib ayollar ham ketib borayotgan bo‘lsa".

Buxorodagi kollejlarning birida dars beruvchi suhbatdoshimiz biror muammo bilan davlat organlariga murojaaat qilmagani aytadi. Uydagi gaz yo‘qligi muammosini esa o‘zi o‘tin topib hal qilishni afzal biladi.

"Davlat idoralariga biror muammmo bilan chiqqanim yo‘q. O‘zim ishlaganim uchun bu narsaga qiziqmaganman. Masalan qo‘shni qishloqlarda gaz bor. Lekin bizning qishlog‘imiz tarmoqdan uzilgan. Gaz nima uchun yo‘qligi bilan bilan qiziqib ham ko‘rmaganman. Buni qishloq oqsaqollari hal qilsin. Bolalarim katta bo‘lib qolgan, pechkaga o‘tin yoqib o‘tiraveramiz", - deydi kollej o‘qituvchisi.

G‘ijduvonlik oliy ma‘lumotli Shokir aka bir necha yildan beri Rossiya ko‘chalarini supiradi. Oilasi bilan ko‘chib ketgan Shokir aka vatanga kamdan kam kelib turadi. Ammo hamqishloqlarining gaz va chiroq borasidagi muammolarini telefon orqali tez tez eshitadi.

"Oilaviy muammoni yechmasin, o‘zining hukumatlik burchini bajarsin, tamom. Bizning qishloq eng chekka qishloqlardan hisoblanadi. U yerda gaz va chiroq masalasi umuman unitilgan. Xalq o‘rta asr qoloqligida yashayapti. Shunday holatda men qanday qilib O‘zbekiston hukumati xalqqa yordam berayapti deb ayta olaman".

Shokir aka davlatdan ishsizlik borasidagi muammolarni hal qilib berishni so‘ramasligini aytadi, balki davlat chetga eksport qilayotgan gaz va tokdan o‘z xalqiga ham berishi kerak.

"Biz ishsizlar Rossiyaga kelib qornimizni to‘yg‘azayapmiz. Lekin chiroq bilan gazni boshqa davlatga eksport qilib xalqidan qiyishiga nima deysiz. Biz Rossiyadan pul va mayda chuyda yuborishimiz mumkin. Lekin xalqqa gaz va chiroq yubora olmaymiz".

Your contact details
Disclaimer