Prezident Islom Karimov ilk bor dunyoning eng qudratli musulmonlari ro‘yxatida

Image copyright BBC World Service
Image caption Misrlik taniqli shayx qudratlilik bobida bu yil Saudiya Arabistoni podshohini ham ortda qoldirib ketdi

Ammo O‘zbekiston prezidenti ilk bor kiritilgan ro‘yxatda Misrning "Al-Azhar" universiteti buyuk shayxi va masjidining Bosh imomi Ahmad Muhammad at-Toyib qudratlilik bobida barcha raqiblarini ortda qoldirib ketdi.

Prezident Islom Karimov esa, qolgan 499 ta qudratli musulmonning safidan joy oldi.

Uning ism-sharifi ostida berilgan izohda esa, "...O‘zbekistonning qariyb 30 million aholisi bo‘lsa, shundan 95 foizdan ortiqrog‘i musulmon. Ko‘plar, odatda, har qanday e‘tiqodli musulmonning, xoh u vahhobiy bo‘lsin yo xoh sufiy, "islomiy ekstremizm" tamg‘asi bilan qatag‘on yoki ta‘qiblarga uchrashini sezishgan", - deyiladi.

Bu gal, hatto, ketma-ket besh yildirki hammadan o‘zib kelayotgan Saudiya Arabistoni podshohi Abdulla bin Abdulaziz ham ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

"Dunyoning eng qudratli 500 musulmoni" ro‘yxati Ummonda joylashgan Qirollik Islomiy Strategik Tadqiqotlar markazi tomonidan e‘lon qilib kelinadi.

O‘tgan yil ro‘yxatda dunyoning eng qudratli ikkita musulmonidan biri, deb topilgan Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on esa, bu yil oltinchi o‘ringa tushib qolgan.

Marokash podshohi Muhammad VI ni chetga surib, Eron Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy uchinchi o‘ringa chiqib olgan.

Yuqori to‘rtlikni esa, bu yil Iordaniya qiroli Abdulloh to‘ldirgan. Qirol hazratlari Misrning "Musulmon birodarligi" harakati ruhoniy rahbari Muhammad Bediyaning o‘rnini egallagan.

Ushbu ro‘yxat 2009 yildan buyon Amerikaning George Town universiteti qoshidagi Shahzoda Al-Valid bin Talal markazi bilan hamkorlikda chop etib kelinadi.

Bundan maqsad esa, dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarning Islom olami, musulmonlarning bugungi dunyoga ta‘siri va odamlarning Islom dinini yaxshiroq anglashlariga ko‘mak berishdir.

"Ular - musulmonlar, ularning e‘tiqodlari, g‘oyalari va ishonchlariga bevosita ta‘siri qiluvchi diniy ulamo yoki odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvollarini o‘nglashga xizmat qilgan davlat rahbari bo‘lishi mumkin", deydi ushbu kitob muharriri Abdulla Shlayfer.

Yuqori o‘ntalik

Image copyright Reuters
Image caption O‘tgan yil yuqori o‘nlikka kirishiga bir bahs qolgan Misrning "Musulmon birodarligi" harakati rahbari Muhammad Mursiy esa, bu gal, hattoki, yuqori elliktalikka ham kira olmadi

Dunyoning eng qudratli ellikta musulmoni ro‘yxatiga kirgan ayollar esa, faqat Iordaniya Qirolichasi Raniya al-Abdulloh, Suriyadagi "Qubaysiy" harakati yetakchisi shayx Munira Qubaysiy va Qatar jamg‘armasi rahbari Sheyxa Moza bint Nosir al-Misned hazrati oliyalari bo‘lishgan, xolos

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, ro‘yxatda yuqori o‘nlikning barchasini siyosiy va diniy rahbarlar egallashgan.

Ularning orasida Marokash podshohi, iroqlik oyatulloh, Indoneziya prezidenti, Ummon sultoni va Birlashgan Arab Amirliklari valiahd shahzodasi bor.

Bu yil Turkiyadagi "Nurchilar" oqimi rahbari Fathulla Gulen bor yuqori o‘nlikka kira olmagan.

O‘tgan yil 11-o‘rinda kelgan Misrning yaqinda qudratdan chetlatilgan yangi prezidenti Muhammad Mursiy esa, bu gal, hatto, yuqori elliktalikka ham kira olmagan.

Alohida kitob holida chop etiluvchi ro‘yxatda eng avvalo dunyoning ellikta qudratli musulmoni ism-sharifi keltiriladi.

Ammo, bu yilgi ro‘yxatga qaralsa ham, ularning orasida biror bir sobiq Sho‘ro davlati vakili yo‘q.

Qolgan qudratlilar

Image copyright Reuters
Image caption Bu - O‘zbekiston rahbarining ilk bor "Dunyoning eng qudratli musulmonlari" ro‘yxatiga tushishi ekani aytiladi

Prezident Islom Karimovdan tashqari "Dunyoning eng qudratli 500 musulmoni" ro‘yxatida O‘zbekistonni bu yil yana mamlakat Bosh muftiysi Usmon Alimov namoyon etgan.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, Tojikistonning muxolifatdagi "Islom Uyg‘onish" partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov ushbu ro‘yxatga tushishgan.

O‘tgan yildagisidan farqli tarzda, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bu gal umuman ro‘yxatga kirmagan.

Sobiq Sho‘ro davlatlarini Ozarbayjon prezidenti, Bosh muftiysi, taniqli hofizi Olim Qosimov, Rossiya Bosh muftiysi, Sankt-Peterburg masjidi imomi va Checheniston prezidenti namoyon etishgan. Tatariston rahbari bu gal ro‘yxatdan chiqib ketgan.

Yaqinda Tolibonning hujumiga uchrab, og‘ir yaralangan pokistonlik faol o‘quvchi qiz Malala Yusufzay ham bu yil jahonda katta ta‘sirga ega muslima, deb topilibdi.

Dunyoning eng boobro‘ 450 ta musulmoni 15 ta tasnif bo‘yicha aniqlab olinadi. Ammo ularga o‘rin berilmaydi.

Ya‘ni musulmon liderlari yoki ulamolarining siyosatdan tortib din, matbuotdan tortib, san‘at, ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shgan hissalari inobatga olinadi.

Eng e‘tiborlisi shuki, bu yil ham Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzaydan tashqari, "Haqqoniy" jangari guruhi rahbarlaridan Sirojiddin Haqqoniy, "Hizbi Islomiy" guruhi lideri Gulbiddin Hikmatyor, Tolibon harakati rahbari Mulla Umar va o‘zining ashaddiy tanqidchiligi bilan tanilgan sobiq parlament vakili Malalay Joya ham "Dunyoning eng qudratli 500 musulmoni" ro‘yxatiga tushishgan.