AQSh: Tayvanchik ishida ilk hukmlar yangradi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Tayvanchik - Olimjon To‘xtaoxunov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etadi

"Amerika Qo‘shma Shtatlari Olimjon To‘xtaoxunovga qarshi" deb nomlangan mahkama ishida ilk hukmlar yangragan.

Ayni ish bo‘yicha shu yil aprelida 34 kishi mahkamaga tortilgan.

Ular orasida Tayvanchik laqabi bilan mashhur asli o‘zbekistonlik ishbilarmon Olimjon To‘xtaoxunov bilan birga bir necha ameriklik millionerlar bor.

BBC Rus xizmatining AQShdagi muxbiri Vladimir Kozlovskiyning xabar berishicha, Manxetten federal prokuraturasi To‘xtaoxunov hamda "professional qartabozlar" ekani aytilgan boshqa sobiq Sovet Ittifoqidan chiqqanlarni "qonundagi o‘g‘rilar" sifatida ayblaydi.

Prokuratura ushbu jinoiy guruhni "To‘xtaoxunov-Trincher" guruhi deb ataydi.

Prokuratura tarqatgan press-relizda aytilishicha, ushbu tashkilot "butun mamlakat bo‘ylab amal qiluvchi Rossiya va Ukraina bilan yaqin aloqalarga ega" guruh hisoblanadi.

"Tashkilot rahbarlari xalqaro sport musobaqalarida pul tikishni uyushtirishgan va asosan Rossiya, Ukraina va dunyoning boshqa mmalakatlarida yashovchi rossiyalik oligarxlarga xizmat ko‘rsatganlar".

Ushbu oligarxlarning nomlari ochiq mahkama hujjatlarida keltirilmagan.

Sudlanuvchilar AQShda noqonuniy qimorbozlik biznesini yuritishda ayblanadilar.

Ulardan biri, "Poker Malikasi" laqabi bilan bilingan 34 yoshli Molli Blum Gollivudda Leonardo Di Kaprio, Mett Deymon, Tobi Makgvayr hamda Ben Affleklar ishtirokida poker o‘yinlari uyushtirgani haqidagi matbuot xabarlarini rad etmagan.

Ayblovlarda aytilishicha, Tayvanchik qimorbozlik tizimidagi o‘zaro bahslarni "echib berish xizmati" evaziga 2011 yil yanvar oyidan 2012 yil yanvar oyigacha tashkilotdan 10 million dollar to‘lov olgan.

Shuningdek, Tayvanchikning Rossiyadan tashqariga juda kamdan-kam safar qilishi, 2002 yili huddi shu mahkama unga qarshi Qishki Olimpiada o‘yinlari davrida hakamlarga pora berishga harakat qilishda ayblagani aytilgan.

Ushbu ayblovdan so‘ng To‘xtaoxunov 2003 yil Italiyada hibsga olindi, lekin keyinchalik mahalliy mahkama uni AQShga ekstraditsiya qilmaslik haqida hukm chiqardi.

44 yoshli Brayan Zuriff, Olimjon To‘xtaoxunovning aybiga iqror bo‘lgan qimordagi birinchi sherigi bo‘lgan.

Hakam Gollivud prodyuseri bo‘lgan Zuriffga ikki yillik shartli va 6 oylik uy qamog‘i jazosi tayinlagan.

U shuningdek yarim million dollar mablag‘ni davlat hisobiga o‘tkazishi, 20 ming dollar jarima to‘lashi va 300 soat jamoat ishini bajarishi kerak.

Rasman qochuvda ekani aytilgan Olimjon To‘xtaoxunov BBC bilan suhbatda AQSh prokuraturasi o‘ziga qarshi ilgari surgan ayblarni rad etgan.

U mahkamada o‘zining sherigi sifatida taqdim etilgan Hillel Naxmadni tanimasligini aytgan.

"Men Rossiyadan tashqariga chiqmaganimga 10 yil bo‘ldi. Qayerdadir, kimdir nimanidir sodir qilib qo‘ygan bo‘lsa, mening bunga qanday daxlim bor? Men Rossiyada yashaymanu, meni Amerikada qandaydir tashkilotmi-jamiyat tashkil qilishda ayblashayotgani g‘alati", - deb aytgan Olimjon To‘xtaoxunov BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda.