"Xotinimni o‘ldirib, bo‘laklab, muzlatgichga solib qo‘ydim"

Image copyright BBC World Service

Hindistonlik 27 yoshli Girish Pote rafiqasining yaqinlariga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, qilgan qotilligiga shu tariqa iqror bo‘lgan.

Uning qo‘ng‘irog‘idan xavotirga tushib, Madhuvanti xonimning oilasi politsiya bilan bog‘langan.

Ikkovlonning Mumbaydagi hashamatli villasiga kelgan politsiya xodimlari esa, ayolning bo‘laklab tashlangan jasadini muzlatgichdan topishadi.

Politsiya xodimlaridan birining BBCga aytishicha, Girish Pote Frantsiya fuqarosi bo‘lgan xotinini avval pichoqlab o‘ldirgan va so‘ngra tanasini qiyma-qiyma qilgan.

Muzlatgichdan bo‘laklab tashlangan jasadini topgach, politsiya xodimlari shu zahotiyoq Madhuvanti xonimning erini qo‘lga olishadi.

Hozir hibsxonada bo‘lgan Girish Pote esa, qilgan ishi yuzasidan hozircha miq etib og‘iz ochmagan.

2006 yilda bir yostiqqa bosh qo‘ygan ikkovlon Hindistonning boy Bhayander mavzesida yashashgan.

Qotillik yuz bergan paytda ularning ikki yashar o‘g‘ilchasi Madhuvanti xonimning ota-onasinikida bo‘lgan.

Politsiya xodimlarining aytishlaricha, mudhish hodisa seshanba kuni kechqurun ro‘y bergan.

Dastlabki tergov natijalaridan ayon bo‘lishicha, er-xotin bir necha kundan buyon pul ustidan janjallashib yurishgan.

Madhuvanti xonimning hindistonliklar o‘ziga yoqmasligini aytib, Frantsiyaga qaytib ketish istagi ham eriga yoqmagani o‘zaro g‘idi-bidilariga sabab bo‘lib yurgan, deydi politsiya vakili.