O‘sh sobiq hokimi: "Vazifamdan olish haqidagi qarorni qonunga bo‘ysunuvchi fuqaro sifatida ijobiy qabul qildim"

Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov uni vazifasidan bo‘shatish haqidagi Bosh Vazir imzolagan qarorni qonunga bo‘ysunuvchi fuqaro sifatida ijobiy qabul qilganligini aytdi.

BBC bilan msuhbatda janob Mirzakmatovning aytishicha, shahar hokimi vazifasini yurt fuqarosi xizmati sifatida tushunadi.

"Bu ish juda masu‘liyatil ish va 5 yil mobaynida men uni qo‘limdan kelgancha qonunga muvofiq bajarib keldim. Qonun nuqtai nazaridan, hozirda saylovlar jarayonini tartibga solish ma‘nosida bu hukumatning qarorini tushunib qabul qildim", dedi Melis Mirzakmatov.

O‘sh shahar hokimligi uchun kelgusi saylovarda qatnashish ehtimoli haqida gapirar ekan janob Mirzakmatov so‘zsiz ravishda qatnashishini bildirdi.

"El qo‘llasa, xudo buyursa saylovlarda g‘olib chiqamiz. Holbuki bizning partiyamiz mahalliy saylovlarda qatnashib kelgan va hamisha peshqadam bo‘lgan", dedi u.

Ana shu asosda janob Mirzakmetov kelgusi saylovlarda yana qo‘li baland kelishiga deyarli shubha qilmasligini aytdi.

Uning qo‘llovchi va tarafdorlari ishdan olinishiga qarshi namoyishlarga chiqish ehtimoli haqidagi savolag javob berar ekan, men saylovchilarimning fikrini hozircha aytolmayman, bu yangilik endigina yangradi , shuning uchun bundan bu yog‘iga nimalar bo‘lishini ayta olmayman, deya aytdi.

Shahar hokimi sifatida o‘z faoliyatiga nazar tashlar ekan, O‘sh aholisi o‘z boshiga tushgan eng og‘ir kunlarda uni qo‘llab quvvatlagani, ana shu nuqtai nazardan millatlararo totuvlikni yaratishda ancha ko‘p ishlar bajarilgani va natijada asosan millatlararo totuvlikka yetishdik, deya aytish mumkinligini bildirdi.

"O‘sh iqtisodini hodisalardan avvalgi darajaga qadar rivojlantirdik. O‘sh mening davrimda mamlakatning yana bir siyosiy markaziga aylandi", dedi Melis Mirzakmatov BBC bilan suhbatda.

Melis Mirzakmatovning vazifasidan bo‘shatilishi sabablari keltirilmagan

Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotboldiyev tomonidan imzolangan farmonda Melis Mirzakmatovning ishdan olinishi sabablari keltirilmagan.

Bir necha kundan beri O‘sh shahrida muxolif siyosatchi, korruptsiya amallarida ayblangan Ahmadbek Keldibekov tarafdorlari namoyish o‘tkazmoqda edilar. Janob Mirzakmatovga ko‘ra, u shaxsan bu kabi namoyishlarni o‘tkazishga ruxsat bergan.

Bosh vazir Jonto‘ra Sotboldiyev unga qo‘ng‘iroq qilib, namoyishchilar o‘ngida so‘zlagan nutqida o‘z salohiyati chegaralarini buzganligi haqida ogohlantirgan.

Melis Mirzakmatov anchayin o‘zboshimcha, markaziy hukumatga bo‘ysunmaydigan shaxs sifatida tanilgandi.

Qirg‘iziston janubida 2010 yili yuz bergan milliy nizolarning bir yilligi arafasida O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov BBC bilan suhbatda unga qarshi bo‘lgan kuchlar uni narkobaron, bandit qilib ko‘rsatishga harakat qilgani, biroq shahar hokimiyati bajarayotgan ishlar bu ayblovlarning bari asossiz ekanini isbotlaganini aytgan.

U, shuningdek, Qirg‘iziston janubida yuz bergan hodisalar yuzasidan Xalqaro Komissiya xulosalarini "bir yoqlama" deya baholagan.

Ayni vaqtda, Xalqaro Inqiroz Guruhi doxil qator tashkilotlar Qirg‘iziston janubida kengayib borayotgan etnik bo‘linishlar yuzasidan xavotir bildirib kelmoqda edilar.

Xalqaro kuzatuvchilar qirg‘iz hukumati janubdagi etnik ziddiyatni hanuz tinchita olmagani va bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqdalar.

Qator hisobotlarda O‘sh hokimi, "ashaddiy qirg‘iz millatchisi" Melis Mirzakmatovning mahalliy o‘zbek jamoasi muammolariga e‘tiborsizligi va ba‘zi hollarda hatto atayin aks amallar yuritishi aytilgan.

"O‘shni sun‘iy tinchlik egallagan, lekin na qirg‘iz yo na o‘zbek aholisi uning ushlab turilishiga ishonadi. O‘zbeklar borgan sari o‘z qobiqlariga o‘ralib qolishmoqda. Ular qirg‘iz ko‘pchiligi tomonidan kamsitilishlari, hamda jamiyat va kasblaridan siqib chiqarilganlarini aytadilar. O‘zbek tilidagi matbuot vositalarining aksari yopilgan, taniqli millatchilar esa o‘zbeklarni diaspora deb atab, ularning ayri va past mavqeini urg‘ulashadi", - deb aytgandi Xalqaro Inqiroz Guruhining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Pol Kuin-Jadj BBC bilan suhbatda.

Melis Mirzakmatov 2009 yili O‘sh shahar hokimi etib tayingandi.

Qirg‘iziston qonunlariga muvofiq Bosh vazir Jonto‘ra Sotbildiyev yangi hokim tayinlangunga qadar muvaqqat hokim tayinlash huquqiga ega va Olimjon Baygazakov O‘sh shahar vazifasini vaqtincha ijro etuvchi shaxs etib tayinlangan.

Avvalroq Qirg‘iziston poytaxti Bishkek hokimi Isa Omurqulov o‘ziga qarshi ochilgan jinoiy ish manzarasida iste‘fo bergandi.

2 dekabr kuni Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Isa Omurqulovni Bishkekdagi Pobeda istirohat bog‘ining chegaralarini noqonuniy belgilashda gumon qilib, unga qarshi jinoiy ish ochgandi.

Biroq, janob Omurqulov iste‘fosi jinoiy ish bilan bog‘liq ekanini rad etgan.

Yaqinda prezident Almazbek Atabmboyev mamlakatda korruptsiyaga qarshi qat‘iy kurash olib borishini ma‘lum qilgandi.

Ammo muxolifat bu kurash bahonasi bilan o‘ziga nomaqbul siyosiy muxoliflaridan xalos bo‘lishga harkat qilishi mumkinligi haiqda ogohlantirgandi.

Melis Mirzakmatov qanday siyosatchi edi?

O‘shlik jurnalist Shohruh Soipovning BBC bilan suhbatda aytishicha, Melis Mirzakmatov 2009 yili saylanganidan so‘ng shaharni rivojlantirishning maxsus dasturini ilgari surgan.

Lekin 2010 yilgi qonli voqealar uning dasutri va obro‘siga bir ma‘noda putur yetkazgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi