O‘zbekiston: "kommunistik mafkura"dan holi ruscha-o‘zbekcha lug‘at nashr etildi

Image caption Yangi ruscha-o‘zbekcha lug‘at kommunistik mafkuradan holi ekani aytilmoqda

O‘zbekistonda "Sovet davridagi kommunistik mafkura"dan holi ruscha-o‘zbek lug‘at nashrdan chiqdi.

"O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi" davlat ilmiy nashriyoti "Ruscha-o‘zbekcha lug‘at"ning yangi nashrini chiqardi.

O‘zA xabariga ko‘ra, lug‘at 5 ming nusxada chop etilgan va sotuvga chiqarilgan.

"Ushbu yangi nashrda tarjimasi Sovet davridagi kommunistik mafkura nuqtai nazaridan berilgan ko‘plab so‘zlarning, xususan, ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy, tarixiy, iqtisodiy terminlarning ma‘nosi eng so‘nggi manbalarga tayangan, qiyoslangan holda xolisona izohlangan. Hozirgi imlo amaliyotidan kelib chiqqan holda, ayrim so‘zlarning yozilishiga aniqliklar kiritilgan", - deyiladi O‘zA xabarida.

Yangi lug‘atda 60 mingdan ortiq so‘z o‘rin olgan.

Kitob keng kitobxonlar ommasiga va, avvalo, rus tilini o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan.

U tarjimonlar, noshirlar, matbuot, radio va televideniye xodimlari uchun ham muhim qo‘llanma bo‘ladi, deyiladi O‘zA xabarida.

Ayni xabarni kun.uz web sahifasi ham tarqatgan.

"Endi kommunistik mafkuraga oid so‘z, ibora uchrab qolsa bosh qashib o‘tirarkanmiz-da?", - deb yozadi web foydalanuvchi "Shukhrat Nazarov" kun.uz websaytining Twitter saxifasida.

Bu xabar Facebook tarmog‘idagi professional va havaskorlar tarjimonlar guruhida ham keng muhokama qilingan.

"Zo‘r xabar. Besh ming nusxa bu oz emasmi? Lekin, to‘g‘ri, odamlarning elektron nusxalarga ko‘proq suyanib qolganining ham ta‘siri bo‘lsa kerak", - deydi "Sayfulloh Nosir"

"Abu Yusuf" nikli foydalanuvchi esa kitobni qayerdan sotib olish mumkinligini so‘ragan.

"Hamidbek Yusupov" esa lug‘atning kiril alifbosida chiqqanini savol ostiga olgan.

"Lotinda ba‘zi harflarda hali ham ikkilanib, yakuniy xulosaga kelmay turganlaridan shunday qilishgan, degan gumondaman. Chindan ham lotin alifbosi hali ancha chala", - deya javob qaytaradi "Sayfulloh Nosir".

"Ular manimcha bitta mafkurani ikkinchisiga almashtirganov. Ishqilib lug‘at bo‘lsinda. Tag‘in kinodagidek, rus tili juda boy til, subbota desayam bo‘ladi, shestnitsa desayam bo‘ladi, degan gaplar chiqmasin", - deya fikr bildirgan "Abdukarimov Abdurashid".

"Rozmetov Daniyor" nikli foydalanuvchi "bitta lug‘at"ni chiqarishga 20 yildan ortiq vaqt, qoyil, deya istehzo qilgan.

"Sardor Salimov": "75 000 som ekan o'zini narxi, endi sotuvga chiqadi. Lekin 244 3438 (Nashriyot) bilan gaplashib sotib olsangiz bo'ladi".