O‘zbekiston Uzwebistonda

OSh tadbiri ishtirokchilarini militsiya "yaxshi ko‘radi"...

Image caption OSHsevar mirshablar

Jinoyatchilik va qonunbuzarlikka qarshi kurashish asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston militsiyasi xabarlarga ko‘ra, bu gal yana Ommaviy Shodlik ishtirokchilarini ushlagan...

Qator huquq himoyachilarining bu yig‘inidan maqsad O‘zbekiston konstitutsiyasi kuni arafasida tinch norozilik amallarini boshlash bo‘lgan.

Ayni tadbirni uyushtirish niyatida bo‘lgan "Birdamlik" tashkiloti vatanparlarga murojaat qilgan va 5 dekabrdan to 8 dekabrga qadar tinch norozilik ramzi o‘laroq oq libos kiyib yurishga chaqirgan.

Toshkentdagi muxbirlarga ko‘ra, shahar ko‘chalarida hali ommaviy oq kiyganlar ko‘ringanicha yo‘q...

"Cho‘ntak" partiyalarning rahbarlari o‘zgardi

Image caption O‘zbekiston hukumati qo‘rqadigan muxolifat esa xorijda...

Qator internet nashrlari tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi eng yirik siyosiy partiyalardan biri Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik-partiyasi rahbari o‘zgardi.

O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi, O‘zbekiston qahramoni Sodiqjon Turdiyev partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi etib saylangan.

Liberal demokratlar partiyasi ham mavjud hukumat siyosatini so‘zsiz dastaklab kelayotgan "cho‘ntak" partiyalardan biridir.

Partiya bundan o‘n yilcha avval tuzilgan va o‘shanda muxbirlarimizga ko‘ra, Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning ham ayni firqa "etakchilari"dan biri ekani haqida mish-mishlar urchigan edi.

Hukumat chizgan chiziqdan adashmay yuradigan yana bir "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi rahbariyatida ham o‘zgarish yuz bergan.

Shu kungacha partiya Siyosiy kengashi raisi, partiya ijroiya qo‘mitasiga raislik qilib kelgan Ismoil Saifnazarov o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Ismoil Saifnazarov o‘rniga "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi etib O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narimon Umarov tayinlangan.

Sal avvalroq, Toshkentda sobiq kommunistlar partiyasining merosxo‘ri sanalgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashining plenumida partiyaning yangi rahbari etib, shu paytga qadar Andijon viloyati hokimining diniy va jamoat tashkilotlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Hotamjon Ketmonov saylangan edi.

"Milliy demokratik" partiyasi ham rahbarini yangilab oldi. Markaziy kengashi plenumi qarori bilan Sarvar Otamurodov partiyaning yangi rahbari etib saylandi.

O‘zbekiston hukumati muxolifat partiyalar faoliyatiga ruxsat bermaydi.

Sho‘rolar qulashi bilan qisqa muddat mamlakat ichkarisida faoliyat ko‘rsatilgan muxolifat firqalarining rahbarlari va faollari yo kuchli bosimlar ostida mamlakatni tark etganlar va yoki qamoqqa otilganlar.

Chiqindi to‘lash uchun kredit

Image copyright AP
Image caption Toshkent chiqindilardan tozaroq bo‘ladi

Osiyo Taraqqiyot Banki O‘zbekistonda chiqindi to‘plash jarayonini yaxshilash uchun 69 million AQSh dollariga teng kredit ajratmoqchi...

Kredit 20 yilga berilar ekan. Shundan 5 yili imtiyozli muddat.

Umumiy qiymati 76,2 million dollarlik loyihaga muvofiq Toshkentdagi chiqindi to‘plovchi mashinalar parki yangilanadi, chiqindi to‘plovchi 520 ta qo‘riqlanadigan maydoncha quriladi, 7 mingta 750 litrli konteynerlar qo‘yiladi.

Loyihani amalga oshirish muddati – 4 yil.

Toshkent shahri hokimiyati ma‘lumotiga ko‘ra, hozirgi chiqindi to‘playdigan mashinalar "qarib qolishgan" ...ulardan 14 yildan beri foydalanilyapti, vaholanki, ularning ekspluatatsiya muddati o‘rtacha 10 yil.