HRW: O‘zbekistonda siyosiy mahbuslar tutqinlikdan ozod qilinsin, qiynoqlar to‘xtatilsin

Human Rights Watch tashkiloti O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinganiga 21 yil to‘lishi munosabati bilan hukumatga murojaat bilan chiqqan. Bayonotda siyosiy vajlar bilan qamalgan barcha mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi va qiynoqlarga barham berilishi lozimligi aytiladi.

Bunday qadamlarning tashlanishi O‘zbekistonda tinmasdan ta‘kidlanayotgan islohatlarning amalda bo‘layotganiga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.

"Jurnalistlar, huquq himoyachilari, yozuvchi va muxolifat faollari hamda dindorlar o‘zlarining tinch faoliyati uchun panjara ortida azob chekmoqda. Ularning ko‘pchiligi qiynoqlarga yoki xastaliklarga yuz tutgan", deydi Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Konstitutsiya kunida siyosiy mahbuslarni ozod qilish Islom Karimovning islohatlar borasida jiddiyligidan darak beradi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati minglab mahbuslarga har yili amnistiya e‘lon qiladi. Bu kabi amnistiyalar odatda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun qamalganlar va o‘smir, ayollar va 60 yoshdan o‘tgan mahbuslar kabi muayyan demografik qatlamga qo‘llaniladi.

Biroq siyosiy mahbuslar deyarli ozodlikka chiqarilmaydi. Amnistiya olishga huquqi bor siyosiy tutqunlar, go‘yoki qamoqxonaning ichki tartibini buzganlikda ayblanib ularning imtiyozlari yildan yilga rad etilaveriladi.

Human Rights Watch ning yozishicha, bunday tartibbuzarlikka oq ko‘ylakda namoz o‘qish kabi holatlar ham kiritilgan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi noyabr oyida O‘zbekistondagi qiynoqlar borasida hisoboti chiqdi.

Unda O‘zbekiston qamoqxonalari va politsiya bo‘limlarida qiynoqlar muntazam qo‘llaniladi, degan xulosa bor.

Qo‘mita chiqargan hisobotga ko‘ra, ko‘p sonli va oxiri yo‘q murojaatlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda hibsga olinganlar majburiy ko‘rsatmalar uchun shafqatsiz qiynoqlar va jinsiy zo‘rlashlarga duch kelishadi.

Bir qancha hollarda mahbuslar qiynoqlar natijasida vafot etganlari ham ma‘lum, deb bildiradi BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi.

Your contact details
Disclaimer