Qozog‘istonliklar yangi yilga tayyorgarlik erta boshlanib ketganidan norozi

Archalar bir oy oldin bezatilgan Image copyright none
Image caption Archalar bir oy oldin bezatilgan

Qozog‘istondagi jamoat faollari mamlakatda yangi yilga tayyorgarlik erta boshlanib yuborganidan norozi bo‘lmoqda. Bir oy oldin viloyat va shahar markazlarining yangi yilga atab bezatilishi 16 dekabrga nisbatan hurmatsizlik deya baholanmoqda.

"10 kundan keyin har qanday davlat uchun asosiy bayram bo‘lgan – Mustaqillik kuni, qonga belangan Jelto‘qsan va Janao‘zen bo‘la turib ularga ahamiyat bermaslikka urg‘u berilayapti. Agar osmondan bo‘ron kelib ushbu bemavrid va o‘rinsiz o‘rnatilgan archalarni supirib ketsa, ajablanarli bo‘lmasdi", - deb yozadi siyosatchi Muxtar Tayjan o‘z sahifasida.

Tayjanning ushbu fikriga 325 odam layk bosgan.

Qozog‘istonda yangi yil bayramiga tayyorgarlik 1 dekabrdan boshlab yuborilgan. Aynan mana shu kuni shahar va viloyat markazlarida bosh archa o‘rnatildi va chiroqlari yoqildi.

Davlat va byudjet tashkilotlariga esa 15 noyabrga qadar ko‘chaga qaragan binolarni mos ravishda bezash topshirig‘i yuklandi.

Yangi yilga tayyorgarlik bemavrid boshlangani to‘g‘risidagi fikrlarni boshqalar ham bildirgan.

"Ko‘chalardagi turli bezaklar, archalar rostdan ham yangi yil kayfiyatini beradi, Mustaqillik kuni esa uning soyasida qolib ketadi. 16 dekabr mamlakatimiz uchun eng ahamiyatli kun. Biz unga shunday ma‘no berishimiz kerakki, kelajak avlod ushbu kunning tarixini bilsin va qadrlasin. Dekabrning qolgan 14 kuni yangi yilni his qilishga va uni oliy darajada o‘tkazishga yetarli", – degan Mussin Yedil.

16 dekabr Qozog‘istonda Jelto‘qson nomi bilan mashhur kun hisoblanadi. 1986 yilning mana shu kunida o‘sha vaqtdagi poytaxt Olma ota shahrida yoshlarning namoyishi bo‘lib o‘tgandi.

Namoyishchilar Sobiq Ittifoq Markazqo‘m Bosh kotibi Mixail Gorbachevning Qozog‘iston Kommunistik partiyasi bosh kotibi Dinmuhammad Qo‘nayevni ishdan olib uning o‘rniga Qozog‘istonda umuman ishlamagan Gennadiy Kolbinni tayinlashidan norozi bo‘lgan.

Hukumat kuchlari va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qurbonlar berilgan.

Ushbu kun Qozog‘istonda mustaqillik uchun tashlangan ilk qadam deb ko‘rilib Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.

Amma aynan shu kunda mustaqil Qozog‘iston tarixida yana bir qonli voqea bo‘ldiki ushbu sananing ahamiyati yanada ko‘tarildi.

2011 yili Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahri neftchilarining 7 oylik besamar norozilik aktsiyasi 16 dekabr kuni qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Namoyishchilar yetti oydan beri turgan maydonning markaziga o‘tovlar tikilib, archa bezatilib Mustaqillik kuni nishonlanayotgan bir mahalda to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Hukumat kuchlari va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvda 15 kishi halok bo‘ldi va 100 dan ortiq odam jarohatlandi.

Jamoat faollari hukumatni tinch aholiga qarshi qurol ishlatganlikda ayblab chiqdi.

Your contact details
Disclaimer