RIA Novosti agentligi Putin farmoniga ko‘ra tugatildi

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi yirik axborot agentliklaridan biri RIA Novostini tugatish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkan.

Uning o‘rniga "Rossiya segodnya" agentligi tuzilishi xabar qilinadi. Yangi agentlik rahbari etib telejurnalist Dmitriy Kiselyov tayinlangan.

RIA Novostining barcha mulki farmonda xalqaro agentlik deb ko‘rsatilgan yangi agentlikka o‘tkaziladi.

RIA Novosti bilan birga "Golos Rossiya" radiosi ham tugatilishi aytilgan.

BBCning RIA Novostidagi manbalarining aytishicha, agentlik rahbariyati xodimlariga vaziyat hozircha noaniqligi va ishni davom ettiraverishlarini aytgan.

RIA Novosti tarkibida xalqaro agentlik tashkil qilinishi haqidagi xabar xodimlar uchun kutilmagan yangilik bo‘lgan.

Kremlning web sahifasida e‘lon qilingan farmon matniga ko‘ra RIA Novostining tugatilishi "davlat ommaviy axborot vositalarining ta‘sirini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar" sifatida izohlangan.

Axborot agentligi rahbariyati xodimlariga prezident farmoni uch oy muddat ichida amalga oshirilishi va Mehnat kodeksiga binoan agentlik likvidatsiya komissiyasi tuzilgunga qadar faoliyatini davom ettirishini ma‘lum qilgan.

RIA Novostining Huquq va mahkama axborot agentligi bo‘limi 2013 yilning bir nechta shov-shuvli mahkama jarayonlaridan jonli onlayn-reportajlar olib borgan.

Jumladan Kirovda muxolifatchi Aleksey Navalniy ustidan o‘tkazilgan mahkama aynan agentlik tayyorlagan reportajlar orqali jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lgan.

Agentlikning ushbu reportajlari Rossiya sud tizimining shaffofligi uchun jurnalistlarning qo‘shgan hissasi sifatida 2013 yil oktyabrda Axborot erkinligi fondining mukofotini olgan.

RIA Novosti ilk bor 1941 yil Ikkinchi Jahon Urushi davrida Sovet informatsiya byurosi tariqasida tuzilgan. 1961 "Novosti" agentligiga aylantirilgan. 1991 yil esa agentlikka RIA Novosti nomi berilgan edi.