Ukraina: "Millionlar yurishi"da prezident Yanukovich iste‘fosi talab qilinmoqda

Image copyright AFP

Muxolifatning Kiyev markazida o‘tayotgan "Millionlar yurishi"da 100 mingdan dan ortiq kishi ishtirok etayotgani xabar qilinadi.

Mustaqillik Maydonida muxolifat rahbarlari va faollar Prezident Viktor Yanukovichdan iste‘fo berishni talab qilishgan.

Ko‘cha yurishlari tinch o‘tayotgani, militsiya aralashmayotgani aytilsada, ko‘chalarga xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan. Hukumat binosiga boradigan yo‘llar avtobuslar bilan to‘sib olingan.

Yuliya Timoshenkoning qizi Yevgeniya Timoshenko onasining murojaat maktubini o‘qib eshittirgan. Qamoqdagi sobiq bosh vazir Timoshenko xonim Yanukovichni "tinch va qonuniy" iste‘foga chiqarish kerakligini yozgan.

Muxofatdagi "UDAR" partiyasi yetakchisi Vitaliy Klichko namoyishlarning asosiy maqsadi muddatdan oldin saylovlar o‘tkazilishiga erishishdir, degan BBCga.

"Batkivshina" rahbari Yatsenyuk ham namoyishlar ko‘lami kengayib borishini ma‘lum qildi.

Ayni paytda namoyishchilar prezident ma‘muriyati tomon yura boshlaganlar.

Ukraina muxolifati Yanukovichdan Azarov hukumatini tarqatish uchun 48 soat vaqt bergan. Shuningdek siyosiy mahkumlarni ozod qilish va Ichki Ishlar vaziri Vitaliy Zaxarchenkoni hibsga olish talabi ilgari surilgan. Aks holda Mejigoredagi prezident qarorgohi to‘sib qo‘yilishini bildirganlar.

Namoyishchilar Bessarabskoy maydonidagi 1946 yil o‘rnatilgan Lekin haykalini ag‘darib tashlashgan. Militsiya mazkur ish harakat bo‘yicha hozircha hech kimni hibsga olmagan.

Putin va Yanukovich uchrashuvi vaziyatni o‘zgartirmadi

Image copyright Reuters
Image caption Yanukovich siyosati Moskva bilan yanada ko‘proq yaqinlashish ekani ayon bo‘layotgani aytiladi

Juma kuni Ukraina va Rossiya Prezidentlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuv va Bojxona Ittifoqiga kirish muhokama qilingani aytilgandi.

Biroq keyinroq, Rossiya va Ukraina Prezidentlari Sochida Kiyevning Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishini muhokama etmadilar, deb aytgan Vladimir Putinning matbuot so‘zchisi Dmitriy Peskov.

"Uchrashuvda Rossiya-Ukraina davlatlararo komissiyasining Moskvada o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlik va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, moliya-kredit masalalari muhokama qilindi. Asosiy e‘tibor energetika sohasidagi hamkorlikka qaratildi. Biroq bu borada yakuniy qarorga kelingani yo‘q", deb ma‘lum qiladi Peskov.

Oldinroq Britaniyaning Economist jurnali redaktori Edvard Lukas Twitterda o‘z manbalariga tayanib Vladimir Putin va Viktor Yanukovich Ukrainaning Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishi to‘g‘risida kelishuvga kelganini xabar qilgan edi.

"Eshitishimcha, Yanukovich Sochida Rossiya bilan strategik kelishuvni, gaz narxini 200 dollardan sotib olishni va Bojxona ittifoqiga qo‘shilishni imzolagan", - deb yozadi janob Lukas Twitterda.

Yana uning aytishicha, Yanukovich Putindan Ukraina uchun 15 milliard dollar yordam olishi va‘da qilingan. Yanukovich Putinga 2015 yilgacha Bojxona ittifoqiga qo‘shilishga va‘da bergan.

Moskva Ukrainani Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi Bojxona ittifoqiga qo‘shilishni taklif qilib keladi.

Janob Yanukovich Ovro‘po Ittifoqi bilan yaxshi aloqalar o‘rnatish istagida ekanini aytsada, uning siyosati Moskva bilan yanada ko‘proq yaqinlashish ekani ayon bo‘layotgani aytiladi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida paydo bo‘lgan gaz tortishuvi natijasida Ukrainadan o‘tgan gaz quvurlari bois Ovro‘po davlatlari ham gaz taqchilligi bilan ro‘baro‘ kelishi xavfi paydo bo‘lgandi.

Gaz ta‘minoti masalasi ikki mamlakat o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy mavzu hisoblangan.

Lukasning so‘zlariga ko‘ra, Sochidagi kelishuv tartiblari Moskvaning xohishlari asosida tuzilgan, "G‘arb davlatlari esa bundan shokdalar".

Bundan oldin "Batkivshina" deputati Nikolay Tomenko Yanukovichdan Rossiya bilan "strategik kelishuv" tafsilotlarini oshkor qilishni so‘ragan edi.

Ayni paytda Ukrainaning Kiyev va boshqa shaharlarida hukumatning Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuvni imzolamaganiga qarshi 21 noyabrda boshlangan norozilik harakatlari davom etmoqda.

Muxolifat muddatidan oldin parlament va prezidentlik saylovlarini o‘tkazish, joriy parlamentni tarqatish va prezident iste‘fosini talab qilib chiqdi.

Bosh vazir Nikolay Azarov esa xorij jurnalistlariga bergan intervyusida namoyishchilar talabi konstitutsiyaga zid ekanini bildirgan.

O‘tgan shanba Kiyev markazidagi ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari kuch bilan tarqatildi. O‘nlab kishilar jarohatlangani va hibsga olingani xabar qilindi.

Muxolif partiyalar tinch namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llaganlikni tekshirib, aybdorlar jazolanishini talab qilgan.

Yakshanba kuni Kiyevda hukumatning Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuvni to‘xtatganiga qarshi "Millionlar yurishi" o‘tkazilmoqda.