Suriya: xorijiy jihodchilar Turkiyadan xavfsiz joy sifatida foydalanmoqdalar

Image copyright n
Image caption Minglab xorijiy jangarilar o‘tgan yili Turkiya orqali Suriyaga kirganlar

Jangarilar guruhi Turkiyaning janubidagi uylarda yashab, Suriyaga kirib olishga harakat qilayotganlari xabar qilinadi.

Suriya bilan chegaradosh Rayxonli shahridagi uyda uch oy mobaynida 150 dan ortiq xorijlik, jumladan 20 tagacha britaniyalik yashab Suriyaga o‘tish uchun qulay fursat kutishgan.

Rayhonli yaqinidagi uyning xavfsizligi uchun javob beruvchi kishining BBC muxbiriga aytishicha, do‘stlarining iltimosi bilan 150 dan ortiq odamga oxirgi 90 kunda xizmat qilgan.

Uning so‘zlariga qaraganda, jihodchilar bir yoki ikki kun Suriyani kesib o‘tish uchun va vataniga qaytib ketishda bu uylardan foydalanishadi.

Ma‘lumotlarda keltirilishicha, Turkiya orqali yo‘l keyingi paytda aksariyati "Al-Qoida" guruhiga aloqador xorijiy jangarilar tomonidan keng foydalanilayapti.

Suriya muxolifatiga ko‘ra, xorijdan kirib kelayotgan jihodchilar Suriya inqilobini barbod qilishi mumkin.

Frantsiyalik jangari o‘zining guruhi orasida butun dunyodan kelganlar borligi va ular Al-Qoidaga qarashli ekanini aytadi.

Frantsiyalik sobiq talaba 8000 a‘zosi bo‘lgan guruhga borib qo‘shilgan. "Biz Iroq Islom Respublikasi va Buyuk Suriya islomiy guruhlarga sodiqlikda qasamyod qildik", deydi u BBC muxbiri bilan suhbatda.

O‘tgan yili minglab xorijiy jangarilar, xususan 300 atrofida Britaniya fuqarolari Bashar al- Assad tuzumiga qarshi kurashish maqsadida Suriyaga kirgan.

Suriya Ozodlik armiyasi vakillari jihodchilar nafaqat hukumat kuchlari bilan balki o‘zlariga qarshi ham kurash olib borayotganidan xavotirda.

Muxolifning sobiq yetakchilaridan biri jihodchilar ularning bo‘linmasini qamal qilganidan so‘ng Turkiyaga qochishga majbur bo‘lganini gapirib beradi.

"Ular bizning haqiqiy musulmon emasligimizni aytishdi", deydi sobiq qo‘mondon.

"Men jangarilar do‘stlarimni shafqatsizlarcha, temir bo‘laklari bilan urganlari, o‘q qutilari bilan yuzlarini yorib yuborganlarini ko‘rdim. Ular keyin o‘ldirildi. Yer qonga to‘ldi". "Biz tenglik va ozodlik uchun inqilob qilmoqchimiz. Jihodchilar esa buni xohlashmaydi. Ular Suriyani yakson qilish uchun kelishgan", deb aytgan suriyalik kishi.

Sobiq qo‘mondonning so‘zlashicha, o‘zi bilan bir necha kishigina tirik qolib, jihodchilar zulmidan qochishga muvaffaq bo‘lganlar.