Ukrainada namoyishchilar hukumatning murosaga kelishini kutmoqda

Image copyright AP

Ukraina poytaxti Kiyevda yuzlab muxolifatchilar tomonidan egallab olingan Mustaqillik maydoniga politsiya kuchlari joylashtirilmoqda.

Biroq, namoyishchilar soni kechagidan ko‘ra keskin qisqargan.

Kecha yuz minglab namoyishchilar maydondagi Sovet Ittifoqi asoschisi Lenin haykalini ag‘darib tashlashgandi.

Namoyishchilar hukumatdan iste‘foga chiqishni, boshqatdan saylovlar o‘tkazishni va Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqin aloqalar o‘rnatishni talab qilmoqda.

Prezident Viktor Yanukovich esa Rossiya bilan yaqinroq aloqalar o‘rantilishini istaydi.

Hozirda Ukraina poytaxtida bo‘lgan O‘zbek muxolifati faoli Ismoil Dadajonov hodisalarning so‘nggi rivojlanishi haqida gapirib berdi.

Kiyevdagi Mustaqillik maydonida namoyishchilar orasida hukumat kuchlari yana kuch qo‘llashi mumkinligi haqidagi xavotirlar pasaygan, deb aytadi BBC muxbiri ham.

Uning aytishicha, odamlar tinch, maydondagi namoyishchilarga issiq choy va shirinlik ulashilgan.

Oldinroq hukumatning odamlarga ruhan bosim o‘tkazayotganiga qarshi "Udar" partiyasi rahbari Vitaliy Klichko namoyishchilarni markaziy maydonga yig‘ilishga chaqirgan edi.

"Hukumat bizni qo‘rqitib, ruhan bosim o‘tkazmoqchi. Biz qancha ko‘p bo‘lsak, ularning rejasi amalga oshmaydi", degan Vitaliy Klichko to‘planganlarga.

Ovroittifoq prezidenti Manuel Barrozu dushanba kuni Yanukovich bilan telefon orqali so‘zlashib, uni tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka, ozodlikni hurmat qilishga chaqirgan. "Ukraina shu kunlarda murakkab vaziyatni boshdan kechirmoqda. Ukrainaliklar tinch va ozod kelajaklari haqida xavotirlanmoqdalar", degan u.

Ukraina Prezidenti mamlakatning sobiq birinchi prezidenti Leonid Kravchukning umummilliy muzokaralar stoli atrofiga o‘tirish taklifini quvvatlagan.

Seshanba kuni Ukrainaning to‘rt prezidenti Leonid Kravchuk, Leonid Kuchma, Viktor Yushenko va Viktor Yanukovich mamlakat uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun yig‘ilishlari kutilmoqda.