O‘zbekistonda 2014 yil "Sog‘lom bola yili" deb e‘lon qilindi

Prezident Karimov har yilga nom berib keladi
Image caption Prezident Karimov har yilga nom berib keladi

Prezident Islom Karimov kelayotgan yilni "Sog‘lom bola yili" deb e‘lon qilgan.

6 dekabr kuni O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining 21 yilligiga bag‘ishlab Toshkentdagi "O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilgan tadbirda ma‘ruza qilgan Islom Karimov kelasi yilga shunday nom bergan.

"Har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida men kirib kelayotgan yangi – 2014 yilni mamlakatimizda "Sog‘lom bola yili" deb e‘lon qilishni taklif etaman", - degan Islom Karimov.

Karimov janoblari nutqi davomida "2014 yilga qanday nom berish haqida maslahatlashib, fikrlashib olishimiz kerak", - degan.

Ammo zaldan biror maslahat va fikr bildirilmasdan kelasi yilga o‘zi nom bergan.

O‘zbekiston prezidenti har yili Konstitutsiya kuni arafasida bo‘lajak yilga nom berish an‘anasini shakllantirgan.

O‘tib borayotgan yilni Yurtboshi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish va obod qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, "Obod turmush yili" deb nomlagandi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda yillarni nomlash bir birini takrorlayotgandek tasavvur paydo qildirayotganini aytishadi.

2000 yili O‘zbekistonda "Sog‘lom avlod yili" bo‘lgan. Avlod va bola so‘zlari bir biriga ma‘no jihatdan yaqinligiga e‘tibor qaratiladi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida "Avlod" so‘ziga arabchadan olingan deya "o‘g‘illar, bolalar, nasl" deya izoh beriladi.

Tanqidchilar yil nomlaridagi o‘xshashliklarni Oqsaroyda g‘oya tanqisligi muammosi borligi bilan bog‘laydi.

Prezident Islom Karimov esa buni "sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirish" deya izohlaydi.

Your contact details
Disclaimer