O‘zbekiston: Fikr yuritishni cheklovchi Konstitutsiya

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi muqarrar ekanligi aytiladi
Image caption Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi muqarrar ekanligi aytiladi

O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganiga bu yil 21 yil to‘ladi. Davlat eng mukammal va insonparvar deya ko‘klarga ko‘taruvchi Konstitutsiyani ba‘zilar xato va kamchiliklarga boyligini ta‘kidlashadi. Kuzatuvchilar konstitutsiyada shaxs erkinligi va huquqlaridagi cheklovlarga e‘tibor qaratishadi. Bosh qomusdagi qonunlarga havolalar ham tanqid ostiga olinadi.

Konstitutsiya kuni yaqinlashishi bilan o‘zbekzabon Twitter foydalanuvchilari undagi ayrim kamchilik va anglashmovchilikka e‘tibor qaratishdi.

@kainbek nomli yuzer konstitutsiyadan hech narsa ustun bo‘lmasligi kerakligini yozadi. Biroq O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qonunga havolalar qilish orqali o‘z qiymatini yo‘qotgandek.

"Konstitutsiya hech qachon qonunga havola qilmasligi lozim. Ya‘ni konstitutsiyada hammasi aniq va tiniq yozilmog‘i kerak. Afsuski, bizning Bosh Qomusimizda juda ko‘p holatlarda qonunga havola qilish holatlari uchraydi. Ayrimlari: 18-modda: "...Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos bo‘lishi shart." 21-modda: "...Fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi", - deb yozadi @kainbek.

Unga ko‘ra agar konstitutsiya qonunga havola qiladigan bo‘lsa, uning obro‘yi va kuchi qolmaydi. Konstitutsiya aniq bo‘lishi kerak.

Konstitutsiya qabul qilinganining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma‘ruza qilgan prezident Islom Karimov Bosh qomusdagi tamoyil va qodalari puxta o‘ylanganligini ta‘kidlagan. U 2014 yilni "Sog‘lom bola yili" deb e‘lon qilgan.

"1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz O‘zbekiston tarixida, uzoq, davomli maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab berishda o‘zining puxta o‘ylangan tamoyil va qoidalari bilan ishonchli va hal qiluvchi omil bo‘ldi, deb ta‘kidlashga barcha-barcha asoslarimiz bor", - degan Islom Karimov.

O‘ylashni ham cheklovchi Konstitutsiya

21 yildan beri amal qilib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyasi varaqlasangiz "Shaxsiy huquq va erkinliklar" bobida fuqarolarning erkinliklari bilan birga cheklovlar ham kiritib ketilgan.

29 moddada shunday yoziladi:

"Har kim fikrlash, so‘z va e‘tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir".

Ushbu moddada boshqa cheklashlarning nimadan iboratligi haqida biror izoh yoki sharh berilmagan.

29 moddaning ikkinchi satridan boshlab fikr yuritish erkinligi qonun bilan cheklash mumkinligi yozib qo‘yilgan.

"Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin", - deyiladi konstitutsiyada.

Mustaqil jurnalist ismi o‘zgartirilgan Nodirbek bu moddani amalda qo‘llashning iloji yo‘qligini aytadi.

"Albatta, hayotda bunday bo‘lishning ilojisi yo‘q-ku. Siz fikr yuritayapsiz. Xohlasangiz fikringizni o‘zingizda saqlab qolishingiz, istasangiz bildirishingiz mumkin. Amaliy nuqtai nazardan bu narsaning umuman iloji yo‘q".

Toshkentdan huquq faoli Su‘rat Ikromov fikr yuritishni cheklashni tasavvur qilib bo‘lmasligini bildirdi.

"Buni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Masalan, odam fikr yuritayapti, fikr erkinligi bo‘ladi. Davlat sirlari bo‘yicha fikr yuritilmasin deyilayapti. Bu aqlga sig‘maydigan gap", - deydi Su‘rat Ikromov.

E‘tiqod erkinligi konstitutsiya belgilab berilgan bo‘lsa ham o‘sha moddada qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bu erkinlikni cheklashi mumkinligi haqida yozuv oqibatida O‘zbekiston qamoqxonalarida 10 mingdan ortiq siyosiy va diniy mahbuslarning saqlanayotgani aytiladi.

E‘tiqod va so‘z erkinligi cheklanganligi sabab yana ko‘plab odamlar O‘zbekistondan qochishga va boshqa o‘lkalardan qochqinlik maqomi olish majburiyati ostida qolmoqda.

Twitter foydalanuvchisi @kainbek davlat sirlarini qo‘riqlash davlatning vazifasi ekanligini uni g‘arazsiz e‘lon qilgan odam jazolanmasligi kerakligini aytadi. Unga ko‘ra erkinlikni cheklab bo‘lmaydi.

Image copyright AFP
Image caption Islom Karimov Konstitutsiya qoida va tamoyillarini puxta o‘ylangan, deydi

"Erkinlik bu Tepadan beriladi, uni bandasi cheklashga haqqi yo‘q. Erkinlik cheklanmaydi. Yashash, fikrlash, vijdon - bu erkinlik. Huquq esa cheklanishi mumkin. Ya‘ni saylov huquqi, ta‘lim olish yoki tibbiy xizmat olish huquqi cheklanishi mumkin. Shuning uchun erkinlik, huquq butun insoniyat uchun universal, o‘zbekcha huquq va erkinlik bo‘lmaydi, qayta velik kashf qilish kerak emas", - deb yozadi @kainbek.

Konstitutsiyada fuqarolarning huquqi borligi ko‘rsatilgan, ammo o‘sha yerning o‘zida bu huquqlar cheklanganini ko‘rish mumkin. Natijada hayotda bu huquqlarning o‘ta qo‘pol ravishda buzilayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Konstitutsiyaning 28 moddasi fuqarolarning respublika hududida harakatlanish va undan chiqish va kelish huquqi haqida yoziladi. Biroq qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno ekanligi ham belgilab ketilgan.

Buning natijasida hozir O‘zbekistonda propiska rejimi kiritilgan bo‘lib, fuqaro boshqa shahardan poytaxt Toshkent va Toshkent viloyatiga kelib ko‘proq yurishi va ishlashi cheklanadi.

Chiqish vizasi joriy qilingani bois hukumat o‘zi istamagan shaxslarning chetga chiqish huquqlarini cheklaydi. Yaqinda O‘zbekiston MTRK xodimlarining ham xorijga chiqishga to‘siqlar qo‘yilgani ma‘lum bo‘ldi.

Mustaqil jurnalist Nodirbek konstitutsiya erkinliklarga nisbatan belgilangan cheklovlarni davlat o‘z manfaatida ishlatayotganini aytadi.

"Bu davlat tomonidan o‘zlarining maqsadlari uchun foydalanishga va har kuyga solishga imkon beradigan cheklovlardir. Ya‘ni hukumatga yoqmaydigan jihatlar paydo bo‘lsa, o‘sha qonun osti hujjatlarni keltirishib, ko‘rsatishadi", - deydi Nodirbek.

"Hali pishmagan Konstitutsiya"

Muxolifat faoli Namoz Normo‘min konstitutsiyani parlamentda qabul qilishda muxolifatning fikr va e‘tirozlari inobatga olinmaganini aytadi.

"O‘sha vaqti muxolifat ta‘sir kuchini o‘tkaza olmagan. Chunki Karimov "biz dunyoning hamma tarafidan tajribalarni o‘rganayapmiz va h.k.z" deb shu tarzda qabul qilindi. Ammo o‘sha vaqti muxolifat yoki jamoatchilikning fikrini inobatga olishga imkon boridi. Muxolifatning gazetasi chiqardi. Hech bo‘lmasa nomiga bo‘lsa ham partiya, harakatlar bor edi. Lekin afsuski, ularning fikr o‘sha vaqti e‘tiborga olinmagan", - deydi Namoz Normo‘min.

Huquq faoli Surat Ikromov konstitutsiya qabul qilinayotgan vaqtida uning ustida ishlagan yuristlar uning hali xomligi va ko‘p jihatlari qayta ko‘rib chiqilishi , qo‘shimchalar kiritilishi kerakligini aytishgan.

"Mega ma‘lum bo‘lishicha, o‘sha vaqti prezident konstitutsiyani dekabr oyi boshida qabul qilish kerak deb qattiq turib olgan. Menimcha, konstitutsiya hali chala. Oradan 21 yil o‘tgan bo‘lsa ham har bir moddaning sharhi hali ham chiqqani yo‘q".

Mutaxassilar O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasi huquqiy jihatdan mukammal tuzilmaganini va vaqti kelib ushbu moddalarga o‘zgartirishlar kiritilishi tayin ekanligini ta‘kidlashadi.

Your contact details
Disclaimer