Prezident Karimov parlamentni yana kuchaytirmoqchi

Image caption Prezident Karimov yana konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ta‘kidlagan

O‘zbekistonda avval bir palatali, keyin esa ikki palatali bo‘lib ham qoniqarsiz gaz ta‘minoti uchun ijroiya hokimiyatini savolga tutolmaydigan parlament vakolatlarini oshirishga qaror qilingan.

Bu haqda Prezident Karimov O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganining 21 yilligiga bag‘ishlangan marosimda e‘lon qilgan.

"...O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi - Senat hamda quyi - Qonunchilik palatasining rolini yanada kengaytirish, faqatgina qabul qilingan qonunlarning ijrosini tekshirish bilan chegaralanmasdan, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish, ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishda, eng muhim strategik masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda huquq va vakolatlarini oshirish uchun Konstitutsiyamizga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shular qatorida Vazirlar Mahkamasi va joylardagi ijro hokimiyatlarining mas‘uliyatini oshirish, Oliy Majlis va mahalliy kengashlarda ularning hisobotini muntazam ravishda eshitish va tegishli xulosalar chiqarishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda," deb aytgan Prezident Islom Karimov Toshkentdagi marosimda.

Prezident Karimov aytishicha, O‘zbekistonda ko‘ppartiyali tizimni mustahkamlash va partiyalararo raqobatni kuchaytirish lozim.

Tantanali marosimda O‘zbekiston rahbari parlamentda "saylovda mazkur partiya uchun ovoz beradigan odamlar manfaatlarini qat‘iy himoya qilishga qodirligi bilan saylovchilar o‘rtasida obro‘ qozongan partiya" bo‘lishini xohlashini aytgan.

Mustaqillik deklaratsiyasi uchun ovoz bergan parlament

Prezident Karimovga ko‘ra, bu amallar O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish uchun zarur.

Aslida esa O‘zbekistondagi davlat tizimi demokratik institutlar taraqqiyotini bo‘g‘ib kelayotgan avtoritar tizim sifatida tanqid qilinadi.

O‘zbek siyosatchilari minbarlardan qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatlarining bir-biridan ajratilgani haqida ma‘ruzalar o‘qishlariga qaramasdan, xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida O‘zbekiston 24 yildan buyon bir shaxs diktaturasi ostida qolayotgan mamlakat deb ta‘riflanadi.

Mamlakatda parlament va deputatlarning rolini oshirish haqidagi bayonotlarni ham tanqidchilar ayni shu maqsadni ko‘zlab emas, Prezident Islom Karimovning hokimiyatini yanada kuchaytirish deb qabul qilganlar.

O‘zbekiston tarixida ijroiya hokimiyatidagi prezident va hukumatdan hisobot talab qilishga jur‘atli parlament 1989 yilda saylangan, ayni shu parlament a‘zolari hukumat qarshiliklariga qaramasdan, 1990 yil yozida Mustaqillik deklaratsiyasi uchun ovoz berishga muvaffaq bo‘lgan edilar.

O‘zbekiston mustaqilligi e‘lon qilinganidan keyingi ilk parlament 1994 yil oxirida saylandi.

O‘zbekistonning Oliy Majlisi

O‘sha paytdan u Oliy Majlis deb atala boshlandi.

245 parlament a‘zosining kommunistlar vorisi Xalq-Demokratik partiyasi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, "Vatan taraqqiyoti" va "Milliy tiklanish" partiyalarining a‘zolari ekani xabar qilindi.

1999 yilgi parlament saylovida O‘zbekistonda yana bir yangi partiya "Fidokorlar" tashkil qilindi.

Keyinchalik "Vatan taraqqiyoti" bilan "Fidokorlar"ni birlashtirishga qaror qilindi.

2004 yili O‘zbekistonda Liberal-demokratlar ham paydo bo‘ldi.

1999 va 2004 yilgi parlament saylovlarida muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi va "Birlik" Xalq harakati o‘z vakillarining parlament a‘zosi bo‘lishiga intilib, O‘zbekistonning saylov haqidagi qonunchiligi doirasida deputatlikka nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qildilar.

Biroq hukumat nazoratidagi saylov mas‘ullari turli xato-kamchiliklarni ro‘kach qilib, muxolifat nomzodlarining parlamentga o‘tishi oldini oldilar.

Nafaqat muxolif qarashdagi, balki nisbatan demokratik dunyoqarashdagi deb ko‘rilgan insonlarning ham O‘zbekiston parlamenti a‘zosi bo‘lishiga to‘siq qo‘yildi.

Bu haqda Toshkent viloyatidan deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qonunga zid ravishda saylov musobaqasiga qo‘yilmagani haqida BBCga 2004 yil kuzida batafsil gapirib bergan va bu haqda BBC xabar tarqatgan ham edi.

Keyin esa katta minbarlardan O‘zbekiston parlamenti deputatlarining "tishi o‘tmasligi" ko‘p tanqid qilindi.

O‘zbekistonda yaxshisi ikki palatali parlamentga o‘tgan ma‘qul, degan qarorga kelindi.

2005 yil O‘zbekiston Oliy Majlisining yuqori palatasi - Senat, Oliy Majlisning quyi - Qonunchilik palatasi ish boshladi.

Qonunchilik palatasida 120 deputat, Senatda esa O‘zbekiston prezidenti nomzodlarini tasdiqlagan 100 senator bo‘lsa O‘zbekistonda parlamentarizm mukammal bo‘lishi aytildi.

Keyin matbuotda Xalq-demokratik partiya a‘zolari va liberal-demokratlarning o‘zlari uchun ovoz bergan saylovchilarning manfaatlarini ko‘zlab "qattiq janglarga kirishgani" haqidagi maqolalar e‘lon qilindi.

Bu dahanaki janglar parlamentda hamon qizg‘in davom etayotgani, endi parlament Bosh vazirni chaqirib savol-javobga tuta olishi va hatto Bosh vazirga impichment e‘lon qilishga izn beradigan qonunlar qabul qilingani xabar qilindi.

Ehtiyotkorona taxmin

Biroq kelingan yagona xulosa shuki, O‘zbekiston parlamenti hali ham "faqatgina qabul qilingan qonunlarning ijrosini tekshirish"dan ziyodiga qodir emas.

Toshkentdagi konstitutsiya bayramiga bag‘ishlangan marosim haqida xabar tarqatgan Uzmetronom.com sayti Prezident Islom Karimovning mamlakatdagi sud-huquq tizimi faoliyatini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan tilagiga e‘tibor qaratgan.

"O‘zbekistondagi sud-huquq tizimini isloh qilish rejalari haqida mulohaza yuritarkan, Islom Karimov ishonch bildirdiki, yana 10 yildan keyin o‘zi va bu zalda o‘tirganlarda hukumatning bu tizimni xalqaro andozalarga mos keltirish yo‘lidagi harakatlariga baho berish imkoniyati bo‘ladi... O‘zbekiston prezidenti birorta ham so‘zni behuda aytmasligini inobatga olib, ehtiyotkorlik bilan shunday taxmin qilish mumkinki, yaqin o‘n yilda u siyosiy sahnani tark etishga chog‘lanayotgani yo‘q," deb yozadi Uzmetronom.com.

Bundan keyin O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilishi mo‘ljallanayotgan o‘zgartirish matnini kutib turish lozim bo‘ladi.