Braziliya 2014: Qur‘a tashlandi, Osiyo vakillaridan kimga qiyin bo‘ladi?

Image copyright Getty
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentdan taniqli futbol eksperti Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, guruh bosqich bellashuvlarida Ispaniya va Gollandiyaga qarshi to‘p surishiga to‘g‘ri kelayotgani uchun ham eng qiyini Avstraliyaga bo‘ladi.

"Endi, Chili bilan teng kelishi mumkin. Ammo Ispaniya va Gollandiyaga, menimcha, kuchi yetmaydi", - deydi u kishi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

Axbor Imomxo‘jayevning nazdida, Osiyo vakillaridan orasidan eng osoni Janubiy Koreyaga bo‘lishi mumkin.

"Agar, biz Janubiy Koreya futbolchilarining himoyadan hujumga tezkorlik bilan o‘tishda dunyodagi eng kuchli jamoalardan biri ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, u har uchala raqibini ham dog‘da qoldirishi mumkin", - deydi tajribali futbol mutaxassisi.

Axbor Imomxo‘jayev, o‘z o‘rnida, Urugvay, Italiya, Kosta Rika va Angliya tushgan "D" guruhining "O‘lim" guruhi bo‘lganiga oid boshqa xorijlik mutaxassislarining fikrlariga qo‘shilishini ham aytadi.

"Ularning aytganida jon bor. Hozirning o‘zida, menimcha, inglizlar ma‘lum bir darajada cho‘chishayotgan bo‘lsa kerak. Bunday deyishimizga sabab nima - to‘rtta jamoadan uchtasi: Urugvay, Italiya va Angliya o‘z vaqtida jahon chempionlari bo‘lishgan. Menimcha, Kosta Rika ularga, endi, nima deydi, bir "go‘sht" bo‘lishi mumkin. Bu, endi, bizning bashoratimiz".

Suhbatdoshimizdan so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, juma kuni Braziliyaning Baiya shtati oromgoh Kosta-du-Saupe shaharchasida bo‘lib o‘tgan qur‘a tashlash marosimi O‘zbekistonga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilgan.

"Tadbirning oynai jahon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berilganligi butun qit‘a, butun kurrai zaminimizning futbol muxlislari uchun katta bir o‘ziga xos bayram bo‘ldi. Hamma to‘g‘ridan-to‘g‘ri ana shu qur‘aning qanday o‘tgani, kim qaysi guruhga tushganligiga oid ma‘lumotlarni bilib olishdi", - deydi u kishi.

O‘zbekistonlik taniqli futbol eksperti Axbor Imomxo‘jayevning suhbatimiz so‘nggida bashorat qilishicha, futbol bo‘yicha yangi jahon chempioni Ispaniya emas, mezbon Braziliya bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilgi jahon chempionati 12 iyun kuni start oladi, final uchrashuvi esa, 13 iyul kuni Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadi.