O‘zbekiston: Go‘zallik salonlarining yetishmasligi qishloq ayollarining asosiy muammosimi?

Image copyright none

Prezident Islom Karimovning Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan ma‘ruzasidagi e‘tiborga molik nuqta bu ayollar mavzusi bo‘ldi. Prezident har gapirganda ayollar mavzusini chetlab o‘tolmasligini aytgan. U qishloq joylarda go‘zallik salonlarini ko‘paytirishni iltimos qildi. BBC qishloq joylarida go‘zallik saloni bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi. Prezident go‘zallik salonlar borasida biroz adashgan ko‘rinadi.

Prezident Islom Karimov ma‘ruzasining oxirgi qismlarida ayollar mavzusini ko‘tardi. Ayollarni gapirmasdan o‘tib ketolmasligini bildirdi.

Tasvirchi ushbu gaplarni mamnuniyat va jilmayish bilan qabul qilgan ayollarni yirik planda ko‘rsatdi. Karimov Farg‘ona shahar Xotin qizlar qo‘mitasi rahbaridan hursandligini, shaharda go‘zallik salonlarini ko‘paytirganini maqtab o‘tdi. U qishloq joylarida ham go‘zallik salonlarini ko‘paytirishni so‘radi.

"Go‘zallik salonlarini qishloqda ko‘paytiringlar. Bunga ko‘p pul ketmaydi, lekin buni Prezidentning iltimosi deb qabul qilinglar", - dedi Islom Karimov.

BBC go‘zallik salonlari bilan bog‘liq vaziyatni bilish uchun G‘allaorol tumanidagi bir ayol bilan bog‘landi. "Barkamol avlod" bolalar markazida to‘garak rahbari bo‘lib ishlovchi Lola Eshonqulovaning aytishicha, u yashab turgan joyda go‘zallik saloni bilan bog‘liq muammo yo‘q.

"Uyimning ikki tomonida 3 chaqirim joyda go‘zallik saloni bor. Ikki tomonga yursam ham go‘zallik saloni. Biz undan foydalanamiz. Yaxshi-da, ayollar qoshini terdiradi, bir oyda bir marta sochlarimizni qisqartirib o‘zimizga qaraymiz. Hamma shunday. Ayollar shu narsaga moslashib qolgan".

Lola Eshonqulovaning qo‘shimcha qilishicha, narxlar borasida ham bu tumanda shaharlarga qaraganda ancha hamyonbop.

"Shaharlarga qaraganda, bizda yaxshi. Masalan uch ming so‘mga sochimizni qisqartiramiz. Ming so‘mga qoshimizni terib, bo‘yab qo‘yadi. Biz ortiqcha zeb qilmaymiz. Sochimizni kuzatib qoshimizni terdiramiz, bo‘ldi".

Paxtakor tumanidagi shirkat xo‘jaliklarining birida istiqomat qiluvchi Umida opa u yashab turgan joyda uylarning birida xususiy go‘zallik saloni borligini aytadi. Narxlar ham aksari ishsiz bo‘lgan ushbu shirkat xo‘jaligi ayollarining hamyoniga moslashgan.

"Qimmat emas, narxlar sharoitimizga mos. Masalan, shahar joylarda qimmat. Oyda bir marta boraman, to‘y marakalardan oldin borib xizmatidan foydalanaman".

Umida opaning aytishicha, oldin ushbu shirkat xo‘jaligida bunday go‘zallik salonlari bo‘lmagan. Keyinchalik ayollarning ehtiyojidan kelib chiqib xususiy tadbirkor tomonidan ochilgan.

Samarqandning Pastdarg‘om tumani "Go‘zalkent" poselkasidan uy bekasining aytishicha, poselka gazlashtirilmagan, chiroq o‘chib turadi. Qishloq aholisi faqat qishloq xo‘jaligi bilan band. Erkaklar ish izlab Rossiyaga ketgan. Ammo shunday bo‘lsa ham qishloqda go‘zallik saloni borasida muammo yo‘q.

"Bitta yoki ikkita salon bor. Salon to‘yxonaning oldida. Ammo o‘zim bormayman, borish yoshidan o‘tganmiz. Qizlar va kelinlar boradi", – deydi 50 yoshli uy bekasi.

Chekka chekka qishloqlarga ham qo‘ng‘iroq qilib shunga amin bo‘ldikki, ayollarning ehtiyojidan kelib chiqib go‘zallik salonlari deyarli ko‘pchilik joyda faoliyat yuritadi. Xususiy biznes bo‘lgan bu yo‘nalish davlatning e‘tiborisiz ham o‘z kuchi bilan rivojlanmoqda.

Suhbatdosh ayollarimiz ularni go‘zallik saloni yo‘qligi kabi muammolar o‘ylantirmayotganini, balki boshqa qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bisyorligini aytishdi.

Jizzaxlik ayol suhbatdoshimiz, uning uchun eng birinchi o‘rinda maktab va bog‘chalar muhimligini aytadi.

"Men uchun birinchi o‘rinda maktab va bog‘chalar turadi. O‘sib kelayotgan yosh avlodlarimiz uyda o‘tirmasdan yoki ko‘chada yurmasdan bog‘cha, maktab va musiqa maktablarida yurishini istayman. Go‘zallik salonlarini ikkinchi o‘ringa qo‘yaman".

Tumanlarning birida istiqomat qiluvchi Nasiba go‘zallik salonida ishlaydi. U yashab turgan joyda go‘zallik salonlari yetarli ekanligini va raqobat katta ekanligini aytadi. Biroq farzandlari uchun o‘ynaydigan maydonchalar qurish borasida e‘tibor yo‘q.

"Biz kichik shaharda yashaymiz, lekin shahrimizda bolalar o‘ynaydigan maydoncha yo‘q. Ayol va ona sifatida shunaqa maydoncha bo‘lishini istayman. Sport sektsiyalari, bolalar boradigan joylar yo‘q, ular maktabdan keyin bekor yuradi. Band bo‘lishini xohlayman".

Jizzaxlik huquq faoli Saida Qurbonova qishloq ayollarini o‘ylantirayotgan muammo bu go‘zallik salonlari emasligini aytadi.

"Qizlar, kelinchak va ayollarni asosan ish muammosi qiynaydi. Masalan, erkak kishi bozorga chiqib ishlashi, mardikorchilik qilishi, kimningdir yerini ag‘darishi, uyini ta‘mirlashi mumkin. Lekin ayollar bunaqa ishlarni qilolmaydi. Bizni asosan ishsizlik qiynaydi, xolos".

Your contact details
Disclaimer