O‘shda deputat Keldibekov tarafdorlari ochlik e‘lon qilishdi

Image caption Ayollarga ko‘ra, o‘zlarining namoyish o‘tkazishlari uchun hech kim pul tarqatmagan

O‘shning markaziy maydonida Ahmatbek Keldibekovning hibsga olinganiga qarshi noroziliklarini davom ettirayotgan odamlar u ozod qilinmaguncha ochlik qilishlarini aytishgan.

Ularga ko‘ra, namoyishga o‘zlari chiqqanlar, hech kim pul bermagan.

Maydonga uchta chodir o‘rnatib olgan 20 kishidan iborat bu guruh orasida 40 yoshdan 80 yoshgacha kishilar bor.

Ochlik qilganlar Keldibekovga bog‘liq voqealar televideniye va axborot vositalarida bir tomonlama yoritilayotgani, harakatlari haqida salbiy fikrlar bildirib, odamlarda yomon ta‘surot uyg‘otilayotganidan norozi bo‘lishgan.

"Men Oloy tumanidan kelganman. Bizning gapimizni hech kim eshitmayapti. Bizni ko‘rsatishmayapti. Biz haqiqat uchun oxirigacha kurashamiz", deb aytadi ayollardan biri.

Ochlik qilganlarning aksariyati ayollar, ular Ahmatbek Keldibekovni tergov paytida uy qamog‘iga o‘tkazishni so‘rashmoqda. "Bu talabimiz bajarilmas ekan, shu yerda turaveramiz. Oramizda keksalar ham bor", - deydi 55 yoshli Aynura Jaqipova degan ayol.

"Men Qadamjoydan keldim. 11 ta bolam bor. Bizni tumandagi 100 dan ortiq qahramon onalar quvvatlamoqda. Men ham Ahmatbek chiqmagunicha ochlik qilmoqchiman", deb aytadi Suxsur Abdulaizova.

Ularning ta‘kidlashicha, o‘zlarining ochlik qilishlari va namoyish o‘tkazishlari uchun odamlar aytayotganidek hech kim pul tarqatmagan. "Biz haqiqat tarafdorimiz. O‘z xohishimiz bilan Ahmatbekni yoqlab chiqdik. Pul olganimiz yo‘q", deyishgan ochlik boshlagan ayollar.

Oldinroq miting qatnashchilari pul evaziga namoyishga chiqqanlari va ularga qanchadan pul berilgani haqidagi xabarlar internetda tarqalgan edi.

Ahmatbekov Keldibekovni ozod qilish aktsiyasiga chiqqan ayollar Oloy, Novqat, Qorasuv tumanlaridan kelishgan.

"Ata jurt" partiyasi deputati Ahmatbek Keldibekov 20 noyabrda xizmat vazifasini suiste‘mol qilish va pora olishda ayblanib hibsga olingan.

Bishkek mahkamasi norozilik chiqishlariga qaramasdan, tergov ishlari davomida Ahmatbek Keldibekovni yana ikki oy hibsda qoldirishga qaror qilgandi.

Namoyishlar orqasidan o‘tgan hafta O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov bosh vazir tomonidan lavozimidan bo‘shatilgan.

Janob Mirzakmatov tasdiqlashicha, u shaxsan bu kabi namoyishlarni o‘tkazishga ruxsat bergan.

Lekin Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotboldiyev tomonidan imzolangan farmonda Melis Mirzakmatovning ishdan olinishi sabablari keltirilmagan.