Rossiyada "elim kvartira"larga qarshi yangi qonun qabul qilinadi

Image copyright Reuters

Rossiyada registratsiyasiz yashaganlar uchun kattaroq jarimalar va soxta registratsiyasi bo‘lganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni ko‘zda tutadigan qonun loyihasining muhokamasi oxirgi bosqichga kirgan.

Rossiya Dumasi chorshanba kuni mazkur hujjatni ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.

Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning aksari 1993 yilgi "Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi ichida harakat qilish, turar joy va yashash joyini tanlash erkinliklari" qonuniga taalluqli bo‘ladi.

Loyihaga binoan, har qanday odam, fuqaroligidan qat‘iy nazar, 90 kun ichida registratsiyadan o‘tmasa, 2 ming rubldan 3 ming rublgacha (60-90 dollar) jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. Moskva va Sankt-Peterburgda esa jarima 3 ming rubldan 5 ming rublgacha qilib belgilanadi.

Deputatlar o‘z yonida shaxsini aniqlovchi hujjati bo‘lmaganlarga qarshi ham shunday jarima kiritilishini istashadi.

Yanada ko‘proq miqdordagi jarimalar registratsiyasiz odamga turar joy ajratib bergan fuqarolarga nisbatan ham kiritiladi.

Image copyright AFP
Image caption Rossiya jamoatchiligi o‘z huquqlari muhojirlarnikiga tenglashtirilganidan norozi

Soxta ma‘lumotlar va hujjatlar asosida registratsiyadan o‘tgan shaxs esa uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Qizig‘i shuki, ayblanuvchi Rossiya fuqarosi yoki xorijlik ekanining farqi yo‘q.

Dumaning konstitutsion qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Pliginning BBCga aytishicha, bunday qonun-qoidalar har qanday mamlakatda mavjud.

Biroq inson huquqlari faoli Yevgeniy Gontmaxer yangi loyiha Rossiya fuqarolarining huquqlarini cheklashi, poraxo‘rlarga foyda keltirishi va noqonuniy migratsiya muammosini hal etmasligiga ishonadi.

"Men bu loyihada muhojirlarga qandaydir tahdid solinayotganini ko‘rmayapman, ular harakatchan odamlar, ular har doim qonunni aylanib o‘tish yo‘lini topadilar. Uning ustiga, bizda mavjud bo‘lgan korruptsiya har qanday tekshiruvdan pul bilan qutilishga imkoniyat yaratib beradi", - deydi ekspert.

Qonun loyihasi asosan noqonuniy muhojirlarga qarshi qaratilgani ishoniladi. Oxirgi yillarda ba‘zi hollarda o‘nlab muhojirlarning kichik xonadonlarda istiqomat qilishlari Rossiya matbuoti va jamoatchiligining jig‘iga tekkan.

Odamlar orasida bunday turar joylar "elim kvartiralar" deya nom olgan.

Biroq, Rossiya jamoatchiligining endi norozi bo‘lishicha, yangi loyiha Rossiya fuqarosini ham noqonuniy yashagani uchun muhojirlar bilan bir xilda jazolashi mumkin.

Your contact details
Disclaimer