Rossiyadagi O‘zbeklar jamiyati muhojir ayol uchun pul to‘lamaydi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Shoira Ulasheva voqeasidan keyin O‘zbek muhojir ayollariga tibbiy yordam olish qiyinlashishi mumkin, deydi O‘zbek jamoasi vakili

O‘tgan oyda Vladivostokdagi 1-tug‘ruqxonaga hujjatlari yo‘qligi bois dastlab qabul qilinmagan muhojir ayolning xarajatlarini O‘zbeklar jamoasi to‘lamoqchi emasligini bildirgan.

Mahkama muhojir ayolni vataniga deportatsiya qilish uchun uchun qaror chiqargan bo‘lsada, ayol yosh bolasi bilan hali ham Rossiyada qolmoqda.

Primoryadagi O‘zbek jamoasi bunday buyon tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan o‘zbekistonlik ayollarning muammolari ijobiy hal qilinmasligidan xavotirda.

Biroq "Adolat" jamoatchilik tashkilotining vakili Bahodir Nurakov o‘zbekistonlik ayollar qanday muammolarga duch kelishlarini nazarda tutayotganiga to‘xtalmagan.

U O‘zbek diasporasi tug‘ruq xarajatini ko‘tarmasligini ham aytgan.

Buning o‘rniga Shoira Ulasheva va uning uch bolasiga O‘zbekistonga qaytib ketish chiptasi sotib olinadi, degan Nurakov.

6 noyabrda Vladivostok tug‘ruqxonasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Shoira Ulasheva puli, hujjatlari va tibbiy qog‘ozi bo‘lmagani sababli qabul qilinmagan edi. Guvohlar xabar bergan politsiyaning aralashuvi bilan muhojir ayol tug‘ruqxonaga qo‘yilgan va o‘sha paytning o‘zida farzandi tug‘ilgan. Bu voqea Rossiyaning o‘zida va internet tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Tibbiy yordam sifati bo‘yicha mustaqil ekspertiza markazining direktori Tatyana Voloxovich tug‘ish jarayoni boshlangan ayolni hujjatsiz ham qabul qilinishi shartligini bildiradi.

Shu bilan birga, ayol va bola hayoti xavf bartaraf etilgach, tibbiy muassasa xizmat haqini talab qilishga haqli, deb aytgan Voloxovich o‘zbekistonlik ayol aynan shunday paytda tug‘ruqxonani tark etganligini qayd etarkan.

Ayni paytda ona va bolaning hayoti xavf ostida emasligini aniqlash har doim ham oson emas.

Muhojir ayol o‘ziga shoshilinch yordam ko‘rsatilmaganlik haqida shikoyat qilishi mumkin.

Dekin mamlakatda noqonuniy yashagan ayolning bu ishda yutib chiqishi ham muammo bo‘ladi, deb aytadi moskvalik himoyachi Olga Astaxova BBCga.

Ayolning rasmiy ish haqi bo‘lmagani ham keltirilgan zararni aniqlashda muammo tug‘diradi.

Qizig‘i, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj mijozga kerakli hujjatsiz ham yordam ko‘rsatish kerakligi Vladivostokdagi 1- tug‘ruqxona rasmiy saytida ham ko‘rsatilgan.

Muhojirlik xizmati aytishicha, 2011 yilda Rossiyaga hujjatsiz kelgan ayol belgilangan 90 kun ichida vataniga qaytib ketmay, o‘zi qonunni buzgan.

O‘zbekistonlik muhojir ayolning qachon deportatsiya qilinishi noma‘lum.

Noyabrning oxirida Rossiyaning Primore o‘lkasi Hakamlar hay‘ati Federal xizmatidan BBCga ma‘lum qilishlaricha, o‘z vaqtida Rossiya hududini tark etmagani uchun Shoira Ulashevani deportatsiya qilish ishi mahkamada ko‘rilayotgan vaqtda o‘zbekistonlik ayol chaqalog‘i o‘zini yomon his qilayotgani va o‘zining qornida og‘riq borligi haqida aytgan.

Mahkamadan Shoira Ulasheva va uning emizikli bolasini "Tez tibbiy yordam" mashinasi Vladivostok shahrining bolalar shifoxonasiga olib ketgan.