UzWebiston: "Mirabror Usmonov lavozimida qolmasa ochlik qilaman"

Image caption Janob Usmonov 2006 yildan buyon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga rahbarlik qilib keladi

"Bugun O‘zbekistonda bir guruh "shoumen masxarabozlar" ishtirokida tragokomedik teatr bo‘ldi. Eng qizig‘i ushbu teatr UFF binosida bo‘lgani...", deb yozadi Obid To‘lanov degan o‘quvchi BBCga.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovning o‘z vazifasiga yana qayta saylangani oldinroq xabar qilingandi.

Ushbu xabar internet olamida qizg‘in muhokama etilmoqda.

O‘zbekistondagi "Stadion.uz" web-sayti va boshqa internet bloglarida futbol muxlislarining fikrlariga qaralsa, Mirabror Usmonovning qayta saylanishi "hafsalani pir qilgan".

Xabarlarga ko‘ra, Federatsiya prezidenti Mirabror Usmonov saylovdan oldin men ketaman endi, deb hamma bilan xayrlashib chiqqan.

"Ammo saylov paytida shou bo‘lib, mutasaddilar rahbarga sodiqligini isbotlash bo‘yicha musobaqa qo‘ydi. Futbol Fanatlari rahbari Abdurahmon Fozilovning gaplari hammasidan oshib tushdi" deydi bir internet foydalanuvchi.

Abduraxmon Fozilovning Mirabror Usmonovga "Agar o‘z lavozimingizda qolmasangiz, muxlislar bilan O‘FF binosi yoniga kelib, bannerlar ko‘taramiz, kerak bo‘lsa ochlik e‘lon qilaman", deb aytgani zalda kulguga sabab bo‘lgani yoziladi.

Bunga javoban Twitter foydalanuvchilari Fozilovning gaplariga kinoya qilib, Usmonov ketsa ochlik tutaman, dedimi yo och qolaman?- dedimi deb so‘rashgan.

Jurnalistlardan uzr

O‘tgan hafta O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov o‘zi tanqid qilgan jurnalistlarni chaqirib uzr so‘ragan.

Federatsiya binosida bo‘lgan 1,5 soatlik suhbat davomida Mirabror Usmonov prezidentlik lavozimidan ketishi mumkinligini bildirgan.

"O‘tgan ishlarni unutaylik. Men sizlardan uzr so‘rayman. Rivojlanishda davom etaylik, oldinga intilaylik", - degan Mirabror Usmonov yaqinda jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvida .

O‘zbekistonda rahbar odamning jurnalistlardan uzr so‘rash holati deyarli kuzatilmaydi.

Janob Usmonov shuningdek 10 dekabr kuni bo‘ladigan hisobot yig‘ilishida federatsiyaga yangi rahbar tayinlanishi mumkinligini ta‘kidlagan.

"O‘ylaymanki, yangi tayinlanadigan O‘FF prezidentiga ancha oson bo‘ladi. Infratuzilma va fundamentni qo‘ydik. Ana endi terma jamoalarimizdan konkret natija talab qilsa bo‘ladi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimizdan, har doimgidek, JChga chiqish va kamida chorak finalga chiqish vazifasi talab qilinsa, Olimpiya terma jamoamiz oldiga Rio-de-Janeyrodagi olimpiadaga chiqish va milliy terma jamoamiz oldiga esa 2018 yilgi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifalari yuklatiladi", deya Mirabror Usmonov gaplaridan iqtibos keltiradi stadion.uz sayti.

Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Braziliyada bo‘ladigan Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lgach, stadion.uz saytida tanqidiy maqolalar paydo bo‘lgandi.

Ularning ichida terma jamoa bosh murabbiyi Qosimov o‘z vazifasini bajara olmagani uchun iste‘foga chiqishi kerakligi haqida maqolalardan tortib Qosimovga yana imkoniyat berilishi kerakligini haqidagi turli fikrlar bor edi.

Mirabror Usmonovning jurnalistlar bilan uchrashuvidagi chiqishidan so‘ng, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidentligiga yana qayta saylanishini futbol muxlislari "masxarabozlik", "shou", "oldindan tayin bo‘lgan ish" deb atashgan.

Savdo vaziridan Futbol Federatsiyasiga

Janob Usmonov 2006 yildan buyon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.

66 yoshli Mirabror Usmonov 1990 yilda O‘zbekiston Savdo vaziri bo‘lgan, mamlakat mustaqilligidan so‘ng "O‘zbeksavdo" kompaniyasini boshqargan.

U 1994 yildan 2005 yilgacha O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimini egallagan, O‘zbekiston hukumatida savdo masalalari bilan shug‘ullangan.