Putin: "Mehnat muhojirligi tartibga solinishi kerak"

Image copyright AP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ko‘ra, mehnat muhojirligi tartibga solinishi, ammo bu jarayonda sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari bilan maxsus aloqalarga putur yetkazilmasligi kerak.

Putin janoblari bu haqda Federal Yig‘inda qilgan yillik chiqishida gapirgan. Yig‘in Rossiya davlat telekanallari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilgan.

Janob Putin xorijiy ishchilarni yollash uchun mehnat muhojirligini idora qiluvchi iqtisodiy qurol sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yangi patent tizimi joriy qilishga ham chaqirgan.

Unga ko‘ra, tartib-qoidalarga rioya qilmaganlar 3-10 yilgacha Rossiyaga kirishlari taqiqlanadi.

Putinning aytishicha, xorij fuqarolarining mamlakatga kirishdan maqsadlarini aniqlash amallari kuchaytirilishi lozim.

"...barcha tsivilizatsiyalashgan mamlakatlar qilishadi buni. Davlat Rossiyaga safar qiladigan xorijlik nima maqsadda va qancha muddatga kelayotganini bilishi kerak", deydi Rossiya rahbari.

Mehnat muhojirligi uchun tartib zarur

Putin: "Mehnat bozoridagi vaziyatga bog‘liq yana bir mushkul muammo mavjud, bu - xorijiy mehnat muhojirligi. Zaruriy tartibning yo‘qligi nafaqat ish berish tizimi shaklu shamoyilini o‘zgartiradi, balki ijtimoiy doirada ham muvozanatsizlikka sabab bo‘ladi, milliy qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi va jinoyatchilikni kuchaytiradi", deb aytgan.

"Rossiyaga vizasiz keluvchi xorij fuqarolariga ish berishni tartibga solish va xorijiy ishchilardan foydalanish mas‘uliyatini oshirish shart. Va, albatta, agar ular Rossiyada yashab, ishlashsa, ta‘lim va sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanishlari, majburiyatlarni hurmat qilishlari, soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lab borishlari kerak", deydi Prezident.

Ayni paytda Vladimir Putin bu murakkab vazifa ekani va tartib-qoidalar yo‘lga qo‘yilarkan, sobiq Sho‘ro davlatlari bilan maxsus aloqalarga ziyon yetkaza olmasliklarini ta‘kidlaydi.