O‘zbekistonda yana amnistiya: bu gal kimning baxti kulgan?

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati mamlakat konstitutsiyasining 21 yilligi munosabati bilan "Amnistiya to‘g‘risidagi" qarorni chiqargan.

Avf qarori Senatning yalpi majlisida qabul qilingan.

Avf qaroriga ko‘ra, xorij fuqarolari, balog‘atga yetmaganlar, ayollar va yoshi 60dan oshgan mahkumlar ozodlikka chiqariladi.

Senat a‘zolaridan birining aytishicha, diniy ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar "birinchi marta ozodlikdan mahrum etilib tuzalish yo‘liga qat‘iy o‘tgan" bo‘lsagina, ozodlikka chiqarilishi mumkin.

Biz ayni qarorni sharhlashni so‘rab, Frantsiyadan o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Nadejda Atayevaga murojaat qildik.

Nadejda Atayeva: O‘zbekiston sharoitida mamlakat senati tomonidan qabul qilinuvchi avf qarori ko‘plab fuqarolar uchun juda muhim hisoblanadi. Nima uchun? Chunki, bu hokimiyatda adolat va ma‘naviy qadriyatlar o‘ta noyobdir. Va shu ma‘noda, ko‘plab siyosiy va e‘tiqod mahkumlari uchun avf o‘z e‘tiqodidan qaytish yoki rejimga bo‘ysunish bilan ozodlikka chiqishning yagona yo‘lidir. 2008 yilga qadar avf Prezident farmoni bilan chiqardi, ammo oxirgi olti yildan buyon Senat qarori deyarli har yili chiqayapti. Bu galgi amnistiyaning burungilaridan farqi shundaki, bu gal siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan mahkumlar ozodlikka chiqishlari mumkin.

BBC: Bu gal barcha siyosiy mahkumlar ozodlikka chiqadi deb o‘ylaysizmi?

Nadejda Atayeva: Yo‘q, menga katta shubha bilan qarayman. Chunki, o‘tgan yillarda chiqqan amnistiyalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, asosan ozodlikka qonunni amalda buzganlar chiqariladi. Bular asosan mayda o‘g‘irlik qilganlar, avtohalokat yo bo‘lmasa qandaydir iqtisodiy jinoyat sodir etganlardir. Ammo, unutmaylik, ozodlikka chiqarilganlarning ko‘pi qamoqdan shartli ozod etiladi. Ular doimiy qora ro‘yxatda qolishadi va ular ustidan ham mutlaq nazorat saqlanib qoladi. Endi siyosiy va diniy mahkumlar masalasiga kelsak, hukumat odatda fuqaroviy jamiyat faollari, ayniqsa, "Erk" partiyasi, inson huquqlari tashkilotlari faollariga nisbatan deyarli 20 yildan buyon qattiq tartibni saqlab qolmoqda. Bizning hisob kitoblarga ko‘ra, hukumatning o‘ta qat‘iy nazorati ostida 27 nafar shaxs bor. Ularga nisbatan qamoqxonada ham juda kuchli bosimlar davom etmoqda.

BBC: O‘zbekistonda ozodlikka chiqarilgan shaxslarni tinch hayotga qaytarish bo‘yicha qandaydir dasturlar mavjudmi?

Nadejda Atayeva: Qog‘ozda milliy ma‘ruzachilar milliy dasturlarni o‘ta bezab ta‘riflashadi. Ular bunday dasturlarga turli xil kulgili nomlarni qo‘yishadi. Misol uchun, "Qiynoqlarga qarshi dastur va plyus". Lekin, agar O‘zbekiston qiynoqqa qarshi BMT konventsiyasini imzolagan ekan, bunday dasturlarning nima keragi bor? Mavjud konventsiyaga rioya etishning o‘zi yetarli emasmi?! Siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan shaxslar, ularning omadi kulib, xalqaro tashkilotlar bosimi ostida ozodlikka chiqsalar ham, qattiq nazorat ostida bo‘lishadi. Hukumat ozodlikka chiqarilgan bunday shaxslarga nisbatan istagan paytida birorta jinoyatni tirkab qo‘yishi ham mumkin. Siyosiy va diniy mahkumlar uch kundan ko‘proqqa shahardan tashqariga chiqa olishmaydi, mamlakatni tark eta olishmaydi va hokazolar. Chetga chiqqan taqdirda ham, vatanlariga qaytgach, siyosiy va diniy mahkumlarning qamoqqa tashlanish xavfi yanada kuchayadi.

BBC: Shunday ekan, amnistiyaning kimga nafi bor, degan savol tug‘iladi...

Nadejda Atayeva: Bilasizmi, repressiyalar keng ko‘lamda qo‘llanuvchi va insonlarni ushlash va qamoqqa tashlash bo‘yicha aniq rejalar bo‘lgan mamlakatda hokimiyat avfni yangi mahkumlar uchun qamoqxonalarni eski mahkumlardan tozalash uchun qo‘llaydi. Lekin, shunda ham, siyosiy va diniy motivlar bilan qamalganlarning ozodlikka chiqarilishi deyarli imkonsiz. O‘zbekistonda mustaqillikning birinchi yillaridan buyon qamoqda o‘tirganlar bor. Ularga dastlab 5-10 yil berilgan bo‘lsa, bu muddat tugagach, yangi jazo muddatlari qo‘shilishda davom etmoqda.