Demensiya yoki keksalikdagi aqliy zaiflikni to‘xtatish mumkinmi?

Image copyright SPL
Image caption Dementsiya bilan zararlangan miyaning ko‘rinishi

Demensiya yoki Altsgeymerni ko‘pincha "o‘z vaqtini kutayotgan dunyo fojeasi" hamda hozirgi avlodning asosiy tibbiy muammosi bo‘lishi aytiladi.

Yer yuzida har to‘rt daqiqada qarilik aqliy zaiflik tashxisi qo‘yiladi. 2050 yilga borib bu xastalik bilan og‘riganlarning soni hozirgi 44 milliondan 135 millionga chiqishi kutiladi. Ayni paytda bu kasallik uchun jahon bo‘yicha 604 milliard dollar sarflanadi.

Shu haftada "Yirik sakkizlik" mamlakatlari sog‘liqni saqlash vazirlari Londonda uchrashib, asr balosiga aylanib borayotgan xastalikka qarshi kurashish yo‘llari muhokama etishadi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron demensiya, keksalik aqliy zaiflikni tadqiq etish uchun ajratiladigan mablag‘ni oshirishga va‘da bergan.

Agar olimlar xalta pul va muhim siyosiy dastak oldi desak, ular bu xastalikka qarshi kurashda nima qilishlari mumkin?

Demensiya nima o‘zi?

Bu bir qator kasalliklarning umumiy termini bo‘lib, unda miya to‘qimalarining o‘lishi ro‘y beradi.

Bunda bemorlarning 60 foizida Altsgeymer kuzatiladi.

Kasallik vaqt o‘tishi bilan kuchayib boradi va bemorning butunlay imkonsizligiga olib keladi.

Kasallik ayni paytda davosizdir.

Demensiya bilan kurashishning eng hal qiluvchi nuqtasi uni boshlang‘ich bosqichida aniqlashdir.

Shifokor bemorga demensiya bilan xastalanganini aytganda, u dastlabda bosqichdaman, deb o‘ylashi mumkin. Lekin aslida unday emas.

Xotira bilan bog‘liq muammolar kasallik boshlangandan so‘ng 10-15 yil o‘tib yuzaga chiqa boshlaydi. Bu vaqtga kelib asosiy xotira markazlarining katta qismi allaqachon ishdan chiqadi. Shu bois, kasallik kech bosqichlariga o‘tganligidan bemor qabul qiladigan dorilar yetarli ta‘sir ko‘rsata olmaydi.

Londondagi Milliy nevrologiya va neyroxirurgiya klinikasi professori Nik Foksning fikricha, eng avvalo kasallikni erta bosqichida aniqlab olish lozim.

Bu sohada ba‘zi bir natijalar ham yo‘q emas. Biroq olingan natijalarni demensiyaga qarshi kurashda ishlata bilish qiyin kechmoqda.

Shuningdek, kasallikni boshlanganini ko‘rsatadigan qondagi kimyoviy moddalarning tarkibini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Demensiya bir qator kasalliklarning umumiy nomi bo‘lsada, ularni davolash yo‘llari bir-biridan farq qiladi.

Olimlar kasallikning turlari uchun alohida davolash usulini aniqlab olishlari kerak.

Miya to‘qimalari qurishini to‘xtatish

Hozircha bu kasallikni to‘xtatish, hatto sekinlatish imkoniga ega dori kashf etilmagan.

Altsgeymerni davolash uchun yaratilgan solanezumab va bapinezumab miyaning faoliyatini yaxshilash borasida kutilgan natijalarni bera olgani yo‘q.

Biroq ba‘zi olimlarga ko‘ra, solanezumab kasallikning dastlabki bosqichlarida yaxshi ta‘sir ko‘rsata oladi. Shuning uchun yangi tadqiqotlar keksalik aqliy noqisligi hali namoyon bo‘lmagan shakllarida bemorlarni kuzatishga qaratiladi.

Qirollikning Altsgeymer kasalligi bo‘yicha tadqiqot instituti direktori doktor Erik Kerranga ko‘ra, dori ta‘siri kutilganidek bo‘lsa, uni yurak xastaligida ishlatiladigan dori kabi qo‘llash mumkin.

Kerranning aytishicha, demensiyani to‘liq davolash kelajakdagi orzu bo‘lsa ham, uni hech bo‘lmaganda sekinlatish ham bemor hayotini tubdan o‘zgartira oladi.

Dastlabki belgilarni davolash

Demensiya rivojini sekinlashtiradigan yagona dori vositasi memantin bo‘lib, u 2003 yil AQShda ishlab chiqilgan.

Boshqa urinishlar hali natija bermagan yoki yetarli emas.

Doktor Ronald Pitersen "Infarktdan keyin davolash vositalari ta‘sir ko‘rsatganidek, demensiya uchun ham belgilarini davolaydigan va kasallikni sekinlashtiradigan dori yaratish kerak" deb aytgan BBCga.

Kasallikka chalinish xavfini kamaytirish

O‘pka saratoni bo‘lmaslikning eng asosiy sharti avvalo chekmaslik kerak. Infarktdan qochish uchun sog‘lom va faol hayot tarzi olib borish talab qilinadi. Keksalik aqliy noqislikka chalinmaslik uchun nima qilish kerak? Afsuski, bunga hali javob yo‘q.

Yosh darajasi ham asosiy faktorlardan hisoblanadi. Britaniyada 95 yoshga yetgan har uchinchi kishi demesiyaga chalinadi. Lekin hech kim buning davosini bilmaydi.

Demensiya jamiyatga juda qimmatga tushadi. Tibbiy xarajatlar bu zararning bir qismi xolos.

Shu boisdan bemorlarga e‘tibor, ularning parvarishi va quvvatlash ham bu xastalikka chalingan insonlarni mumkin qadar uzoqroq mustaqil bo‘lib qolishiga yordam beradi.