Eri xotinining burni va labini kesib tashladi

Image copyright Reuters

Bu kabi mash‘um hodisa kecha tunda Afg‘onistonning g‘arbiy Hirot shahrida yuz bergan.

Xabarlarga ko‘ra, bangivor modda sotib olishga pul bermagani uchun eri xotinini shu kuyga solgan.

Giyohvand modda xurujida pichoq bilan uxlab yotgan ayolining burni va ustki labini kesib tashlagan.

O‘zi esa, qilgan qilmishi ortidan qochib qolgan.

Qora qoniga belanib yotgan yoshgina juvonni onasi kasalxonaga yetkazgan.

Jabrdiyda ayolginani borib ko‘rgan mahalliy mac‘ullarning aytishlaricha, hozir uning ahvoli biroz yaxshilangan.

To‘rt farzandning onasi Sitora bor-yo‘g‘i 22 yoshda bo‘lgan.

Hirotdagi muxbirimiz Humon Hadidning aytishicha, ikki kundirki, qochib ketgan erining qayerdaligi ma‘lum emas.

Yuz bergan hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgani va politsiya tomonidan uni izlab topish uchun qidiruv e‘lon qilingani aytilmoqda.

Ayon bo‘lishicha, giyohvand moddalarga ro‘jo‘ qo‘ygan bu erkak hech qayerda ishlamagan.

Olti jondan iborat oilaning tirikchiligi yolg‘iz xotinining mardikorchilik qilib topgan to‘rt tanga puli orqasidan o‘tgan.

Muxbirimizning aytishicha, shunga qaramay, ayol erining doimiy kaltaklari ostida yashab kelgan.

Ilk hodisa emas

Image caption Zo‘ravon erlari tomonidan xotinlarining burun va tillari kesib tashlangan hollar esa, o‘tgan yaqin yillarning o‘zida bir necha bor yuz berdi

12 yoshida turmushga uzatilgan Sahar Gulning kechmishi ham o‘tgan yili butun dunyoni larzaga solgan va Afg‘onistonning o‘zida ham kishilarning qahru g‘azablariga sabab bo‘lgandi.

Yosh boshi bilan o‘zidan ancha katta kishiga erga tegishga majbur bo‘lgan Sahar Gul eri va uning yaqinlari tomonidan shafqatsiz qiynoqqa solinadi.

Ular Sahar Gulni yerto‘lada och-nahor saqlashadi, tirnoq va sochlarini sug‘urib olishdan tashqari, badanini sigaret cho‘g‘i bilan kuydirishadi.

O‘tgan yili afg‘on politsiyasi o‘lishiga bir bahya qolgan Sahar Gulni qutqarib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Ammo Afg‘oniston Oliy mahkamasi Sahar Gulning qasddan odam o‘ldirishda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosi berilishi kutilgan qaynota, qaynona va qayn opasini bir yilning o‘zida ozodlikka chiqarishga qaror qilgandi.

Xotin-qizlarga qarshi turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklar, yillarki, Afg‘oniston to‘qnash kelib turgan eng jiddiy muammolardan biriligicha qolmoqda.

Agar, mahalliy inson huquqlari faollari so‘zlariga tayanilsa, hatto, yangi afg‘on hukumati tomonidan 2009 yilda qabul qilingan maxsus qonun ham ularning himoyasi yo‘lida hech bir ish qila olmagan.

Zo‘ravon erlari tomonidan xotinlarining burun va tillari kesib tashlangan hollar esa, o‘tgan yaqin yillarning o‘zida bir necha bor yuz berdi.

O‘zlarining boshlariga tushgan dahshatli ko‘rguliklardan yana hayotga qaytishlari oson kechmaydigan bu kabi ayollar esa, hozir yengib o‘tishi kerak bo‘lgan yana bir mushkulot qarshisida qolishgan.

Afg‘onistonda Tolibonga o‘xshash o‘ta an‘anador guruhlarning ta‘sirlari yana kuchaya boshlarkan, Sitorayu Sahar Gul va boshqa afg‘on ayollarining taqdirlaridan xavotirlar ham kuchayib bormoqda.