Qozog‘iston ayrim mehnat muhojirlarining faoliyatini qonuniylashtirdi

Endi uy yumushlariga jalb qilinadigan migrantlar qonuniy ishlaydi Image copyright Valeriy Kaliyev
Image caption Endi uy yumushlariga jalb qilinadigan migrantlar qonuniy ishlaydi

Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev mamlakatga kelib ishlaydigan bir toifa mehnat muhojirlarini qonuniylashtirishga qaratilgan qonunga imzo chekkan. Endi o‘ziga to‘q qozog‘istonliklar 5 nafargacha mehnat muhojirini qonuniy ravishda uy yumushlarida ishlatishi mumkin. Buning uchun davlat g‘aznasiga oyiga 22 dollar atrofidagi soliq to‘lansa kifoya.

Prezident Nazarboyev "Qozog‘iston respublikasining mehnat muhojirlari to‘g‘risidagi ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi" qonunga imzo chekdi.

Qonunda shuningdek, barmoq izlarini olish orqali mehnat muhojirlari ustidan nazorat oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ostonadan iqtisodchi Saparboy Jubayev ushbu qonun Qozog‘istonning Bojxona ittifoqidagi faolyati va tashkilot tomonidan qo‘yilgan talablar asosida qabul qilinganini aytadi.

"Bojxona ittifoqining ham umumiy talablari asosida yangi qonun qabul qilindi. Iqtisodiy tomondan juda katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin keladigan odamlar ro‘yxatga olinish sharti bilan tartibga solinadi. Masalan, qishloqda uy soladigan bo‘lsa, uyiga chet eldan besh odamni jalb qilishi mumkin. Shu vaqtgacha ham ishlatilgan, lekin ko‘p holatda ular ro‘yxatga olinmasdan, bor qonunlarni aylanib o‘tib ishlataversa bo‘lardi".

Qonun loyihasi qabul qilingunga qadar muhokamalarga sabab bo‘lgan. Parlament uni yozgi ta‘tilga chiqib ketishdan oldin senatga yuborgandi. Ammo senat qayta ishlash uchun yana parlamentga qaytardi. Natijada bir necha o‘zgartirishlar ortidan qonun qabul qilindi.

Ushbu qonun muhokamasida faol ishtirok ekspert Akbar Husainov qonun bir toifa mehnat muhojirlari uchun yaxshi xabar bo‘lganini aytadi.

"Bu qonunni bizning bir qism migrantlar uchun yutuq desa bo‘ladi. Ammo to‘liq holatda yutuq deb bo‘lmaydi. Bu g‘alabalarning boshlinishi bo‘lishi mumkin. Oxirigacha yetish uchun vaqt kerak".

Akbar Husainovga ko‘ra qonunning asosiy maqsadi noqonuniy yurgan mehnat muhojirlarini qonuniylashtirish va davlat g‘aznasiga pul tushirish bo‘lgan. Biroq ushbu qonun faqat jismoniy shaxslarga belgilangan ishlarni bajartirish uchun migrantlarni jalb qilish imkonini beradi. Unda ishchilarning soni ham cheklangan bo‘lib 5 tadan ortiq bo‘lmasligi kerak. Ammo Qozog‘istonda asosiy mehnat muhojirlari qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi aytiladi.

"Lekin afsuski, migrantlarning orasida mana shunday ishlarga jalb qilinadigani 10 -15 foiz chiqishi mumkin. Asosiy qism qurilish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadi. Afsuski, qonunda bu sohalaorga doir tushintirshlar yo‘q. Quruvchi bo‘lib kelaman desa qonunda bunga ruxsat yo‘q", – deydi Akbar Husainov.

Husainovga ko‘ra, qonun qabul qilingani bilan uning ishlash mexanizmi hali ishlab chiqarilmagan va uy yumushlari bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan migrant ruxsatnomani qaysi mutasaddi organdan olishi mumkinligi ko‘rsatilmagan.

Qonun bo‘yicha mehnat muhojiriga 1 oydan 3 oygacha Qozog‘istonda yurish va ishlash ruxsati beriladi. Ushbu ruxsat qozog‘istonlik ish beruvchining arizasi asosida 1 yilgacha cho‘zilishi mumkin.

Hozir O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda uzog‘i bilan 2 oygacha yurishi mumkin. 2 oydan so‘ng mamlakatdan chiqib ketishga majbur yoki domiy yashash uchun hujjatlarni to‘g‘rilashi kerak.

Shu bilan birga ushbu qonunga qarshi tomonlar ham bor, shulardan biri qozog‘istonlik ekspert Marat Shibutov migrantlarning faoliyati qonuniylashtirilishi ortidan bir necha salbiy holatlar paydo bo‘lishini taxmin qiladi.

"Bizda 2,5 million atrofida o‘z o‘zini ish bilan ta‘minlagan aholi borligini inobatga olsak, xorijliklarning ishlashini qonuniylashtirish katta muammo keltirib chiqaradi. Bu odamlar doimiy maosh olmaydi, ish topolmaydi. Quruvchi yoki uy ishlarida ishlashadi", - deydi Marat Shibutov.

Tahlilchiga ko‘ra agar qonun kuchga kirsa bu odamlarning ko‘pchiligi ishsiz qolishi, ular egallab turgan ish o‘rinlariga arzon ishchi kuchi bo‘lgan mehnat muhojirlari egallashi mumkin.

Biroq iqtisodchi Saparbay Jubayev bu fikrlarga qo‘shilmaydi. Unga ko‘ra, migrantlarning qonuniylashtirilishi mehnat bozoridagi raqobatni oshiradi.

Your contact details
Disclaimer