Shimoliy Koreyaning ikkinchi qudratli shaxsi qatl qilingan

Image copyright Reuters
Image caption Yaqin-yaqingacha Shimoliy Koreyaning eng qudratli shaxslaridan bo‘lgan Chan Son siyosiy byuro majlisidan olib chiqib ketilgan

Shimoliy Koreya Markaziy Telegraf agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, hokimiyatni bosib olish bilan davlat to‘ntarishiga harakat qilishda aybdor deb topilgan Chan Son Txek qatl qilingan.

Chan Son Txek mamlakat rahbari Kim Chen Inning pochchasi, u yaqin yaqingacha Davlat Mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Xabarlarga ko‘ra, payshanba kuni harbiy mahkama hukmidan so‘ng u darhol ijro etilgan.

Agentlik bildirishicha, Chan Son Txek o‘ziga qo‘yilgan hukumatni egallash maqsadida guruh tuzish va davlat to‘ntarishiga urinish ayblarini tan olgan.

Shimoliy Koreya Telegraf agentligi xabarida mamlakatdagi Kim Chen Indan keyingi qudratli odam deb ko‘rilgan Chan Son Txek korruptsiya, axloqqa zid hatti harakatlar, aksilinqilobiy faoliyat va giyohvand moddalarni iste‘mol qilish kabilarda ham aybdor deb topilgani xabar qilingan.

Keyinroq Shimoliy Koreya Telegraf agentligi video ham e‘lon qilgan, bu videoda harbiy kiyim boshdagi kishilar Chan Son Txekni mamlakat partiyasi siyosiy byurosi majlisidan olib chiqib ketayotgani namoyish etilgan.

Oldinroq Chan Son Txekning ikki yordamchisi qatl etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

67 yoshli Chan Son Txek mamlakat rahbari Kim Chen Inning pochchasi bo‘lib Kim Chen Irning singlisiga uylangan, u yaqin yaqingacha Davlat Mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan.

Axborot agentligi xabarida Chan Son Txek "mafkuraviy buzuq" va "itdan ham battar" deb ta‘riflanadi.

Davlat televideniyesi targ‘ibot ruhidagi hujjatli filmdan Chan Son Txek ko‘ringan barcha kadrlarni qirqib tashlagan.

AQSh hukumati Chan Son Tek o‘limini mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlay olmagani, lekin tarqatilgan xabarlarga shubha yo‘qligini aytgan.

"Agar bu xabar tasdiqlansa, shimoliy koreya rejimining qanchalik shafqatsizligining yangi misoli bo‘ladi. Biz mintaqadagi hamkorlarimiz orqali Shimoliy Koreyadagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz", deyiladi Oq Uy chiqargan murojaatda.

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe "bu hodisa Kim Chen In hokimiyatini mustahkamlash maqsadida rasmiy Pxenyan terror siyosatini kuchaytirganini ko‘rsatadi, deydi.

Kuzatuvchilar Kim Chen Ir o‘limidan so‘ng otasini o‘rnini egallagan 30 yoshli Kim Chen In mamlakatdagi tajribali siyosatchilar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolishini bashorat qilishgandi.

Aynan shunday tajribali siyosatchilarning eng qudratlisi Chan Son Txek edi.

Kim Chen Ir davrida uning merosxo‘ri sifatida qaralgan Chon Son 2004 yil to‘satdan siyosat sahnasidan yo‘qoladi va uy qamog‘iga olinadi.

Aytilishicha, Chon Sonning haddan tashqari oshib borayotgan nufuzi Kim Chen Irni xavotirga solgan, unga siyosiy barqarorlikka yoki o‘z taxtiga tahdid deb qaragan.

2006 yilda Chon Son yana siyosatga qaytadi, unga siyosiy byuro a‘zoligi va Harbiy komissiya vitse prezidentligi beriladi. Xotini Yengil sanot vaziri lavozimiga tayinlanadi..

2011 yilda Chan Son va uning xotini yosh rahbarning maslahatchilari bo‘lishadi. Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, o‘shandayoq barcha qarorlar Chon tomonidan qabul qilib borilgan bo‘lishi mumkin.

Chan Son Txek Shimoliy Koreyaning yagona hamkori mintaqadagi qudratli mamlakat Xitoy bilan muzokaralarga javob berib kelgan.