O‘zbekiston: amnistiya "keng ko‘lamli" bo‘lmaydi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Konstitutsiya kuni munosabati bilan qabul qilingan bu yilgi amnistiyaning "keng ko‘lamli" bo‘lishi haqidagi matbuot xabarlarini rad etgan.

"Novy Vek" nashrining nomi oshkor etilmagan JIBB vakilidan iqtibos keltirishicha, payshanba kuni Senat tomonidan qabul qilingan amnistiyaga muvofiq, jazodan muddatidan avval ozod qilinadigan mahbuslar soni o‘tgan yilgidan ko‘p bo‘lmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim matbuot vositalarining amnistiya 90 ming nafar mahbuslar va tergovdagi shaxslarga nisbatan qo‘llanishi haqidagi ma‘lumoti "haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi".

2012 yilda qabul qilingan amnistiyaga muvofiq, 19 mingdan ortiq shaxslar avf etilgan.

Yana bir qator mahbuslarning jazo muddatlari kamaytirilgan va manzil koloniyalariga o‘tkazilgan.

Senat qaroriga ko‘ra xorij fuqarolari, balog‘atga yetmaganlar, ayollar va yoshi 60dan oshgan mahkumlar ozodlikka chiqariladi.

Senat a‘zolaridan birining aytishicha, diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar "birinchi marta ozodlikdan mahrum etilib, tuzalish yo‘liga qat‘iy o‘tgan" bo‘lsagina, ozodlikka chiqarilishi mumkin.

Avf etilmaydigan toifa

Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, siyosiy va e‘tiqod mahkumlari uchun avf o‘z e‘tiqodidan qaytish yoki rejimga bo‘ysunish bilan ozodlikka chiqishning yagona yo‘lidir.

Huquq faoli bu yilgi amnistiyaning siyosiy mahkumlarga nisbatan qo‘llanishiga shubha qiladi.

"Hukumat, odatda fuqaroviy jamiyat faollari, ayniqsa, "Erk" partiyasi, inson huquqlari tashkilotlari faollariga nisbatan deyarli 20 yildan buyon qattiq tartibni saqlab qolmoqda. Bizning hisob kitoblarga ko‘ra, hukumatning o‘ta qat‘iy nazorati ostida 27 nafar shaxs bor. Ularga nisbatan qamoqxonada ham juda kuchli bosimlar davom etmoqda", - deydi Nadejda Atayeva.

Inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslar soni minglab ekanini aytadilar.

Rasmiylar esa mamlakatda siyosiy mahbuslarning mavjud ekanini rad etib kelishadi.

Shu yilning oktyabrida BMTning Jenevadagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasidagi muhokamada hukumat hay‘ati rahbari Akmal Saidov yana bir marta siyosiy mahkumlarning mavjudligini rad etgan.

O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari bo‘yicha bosh muzokarachisiga ko‘ra, O‘zbekistonda mahbuslar soni ko‘pgina Ovro‘po davlatlari va AQShdagidan ancha kam.

Janob Saidov shuningdek, O‘zbekistonda qiynoqlarning muntazam qo‘llanishini ham rad etgan va xalqaro qonunchilikda "qiynoqlarni muntazam qo‘llash" kabi bir tushuncha yo‘qligini ta‘kidlagan.