O‘zbekiston Qozog‘iston bilan strategik hamkorlik bitimini ratifikatsiya qildi

Image copyright bbc
Image caption Har kuni yuzlab o‘zbekistonliklar tirikchilik ilinjida Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishadi

O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi- Senat Qozog‘iston bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgan.

12.uz nashrining xabar berishicha, bitim ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-insonparvarlik, ekologiya va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga izn beradi.

Strategik hamkorlik bitimi Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning shu yil14 iyunida Toshkentga qilgan tashrifi chog‘ida imzolangandi.

Qozog‘iston O‘zbekistonning minaqadagi eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi hisoblanadi.

Toshkentdagi qozoq elchiligi bergan ma‘lumotga ko‘ra, 2013 yilning to‘qqiz oyida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 yarim milliard dollarni tashkil etgan.

Ayni paytda O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiy rivojlanishning turli modellarini tanlagan, Qozog‘iston Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy integratsiya loyihalarida faol ishtirok etib keladi.

Minglab o‘zbekistonliklar har yili Qozog‘istonga mavsumiy ish izlab borishadi.

Kuzatuvchilar aholisi eng ko‘p O‘zbekiston va iqtisodi eng yirik Qozog‘istonning mintaqada liderlik uchun raqobat qilishini aytadilar.

Shu yilning iyunidagi tashrifi chog‘ida Prezident Karimov va Prezident Nazarboyevlar ikki davlatning raqiblar emas, balki sheriklar ekanini ta‘kidlashgan.

Davlat chegarasi

Ayni paytda ikki qo‘shni davlat o‘rtasida davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayoni nihoyasiga yetgan.

Tengrinews.kz agentligining chegaradosh Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi Acqar Mirzaxmetovdan iqtibos keltirishicha, chegaralargi maxsus to‘siqlar o‘rnatilgan.

Qozoq mulozimiga ko‘ra, davlat chegaralariga aniqlik kiritilishi ikki davlat o‘rtasidagi mintaqaviy savdo aloqalarini "anchayin taraqqiy etgan o‘zan"ga solishga imkoniyat yaratgan.

"Chegarada hech qanday muammo yo‘q", - deb aytgan hokim.

O‘zbek-qozoq chegarasining umumiy uzunligi ikki ming kilometrdan ko‘proqni tashkil etadi.