Futbol: Vadim Abramov "Ostona"dan ketdi

Qozog‘iston internet nashrlarida paydo bo‘lgan bu kabi xabarlarni BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq Bosh murabbiyining shaxsan o‘zi tasdiqladi.

Vadim Abramovning Qozog‘iston poytaxtidan bergan suhbatida bizga aytishicha, bunga "Ostona" klubi prezidenti Yesmuxamet Spanovning iste‘foga chiqqani sabab bo‘lgan.

"U meni Bosh murabbiylikka taklif etgan uchun ham, klubda qolishim noo‘rin bo‘ladi, deb o‘yladim. Chunki boshqa prezident keladi. Balki u o‘zining odamlarini olib kelar. Shuning uchun, men ham ketishga qaror qildim", - deydi u.

Vadim Abramovga ko‘ra, bu - o‘zining qarori bo‘lgan: "Chunki prezident ketgach, klubda qolishimning ma‘nisi bo‘lmasdi".

O‘zbekistonlik murabbiy hammasi kutilmaganda yuz bergani uchun ham, bundan keyingi rejalari haqida hozir aniq bir narsa deya olmasligini ham aytdi.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hatto, kecha ham klub prezidentining iste‘fosi haqida gap bo‘lmagan va hammasi bugun ertalab yuz bergan.

Oldindan bashorat qilishga hojat yo‘q, deb o‘ylashini aytgan Vadim Abramovga ko‘ra, endi nima ish bilan shug‘ullanishini vaqt ko‘rsatadi.

"Ostona" futbol klubi rasmiy web sahifasida chop etilgan xabarda aytilishicha ham o‘zbekistonlik mutaxassis va klub prezidenti o‘rtasida og‘zaki kelishuv bo‘lgani bois, uning iste‘fosi ortidan o‘zaro hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilingan.

"Esmuxamet Spanovning o‘z vazifasidan ketishi bois, murabbiy bilan shartnoma imzolanmadi", - deyiladi ushbu xabarda.

Ayon bo‘lishicha, hozircha "Astana" klubi bilan ilk o‘quv-mashg‘ulotini qozog‘istonlik mutaxassis Grigoriy Babayan davom ettiradi.

Tarixcha o‘rnida

Vadim Abramov bir yillik shartnoma bilan Qozog‘istonning "Astana" jamoasi Bosh murabbiyligiga o‘tganini o‘tgan oy oxirida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida shaxsan o‘zi ma‘lum qilgandi.

51 yoshli mutaxassisning klubning yaqinda iste‘fo bergan chexiyalik Bosh murabbiysi Miroslav Beranekning o‘rnini egallashi aytilgandi.

Vadim Abramov 2010-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiylik qilgan.

Shuning barobida O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasini ham boshqargan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birga tarixiy natija qayd etib, ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaligacha ko‘tarilgan.

Jamoani 2014 yilgi jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlarining yakuniy bosqichiga olib chiqqan.

Vadim Abramov o‘z murabbiylik faoliyatini Farg‘onaning "Neftchi" klubida Bosh murabbiy yordamchisi sifatida boshlagan.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning "NBU-Osiyo", "Traktor" va "Lokomotiv" klublarida ishlagan.

Tashkil topganiga bor-yo‘g‘i 4 yil bo‘lgan "Ostona" jamoasi esa, bu yil Qozog‘iston milliy chempionatini kumush medal bilan yakunlagan.

Qozog‘istonning anchayin serxarj jamoalaridan biri sanaladi.

Vadim Abramov, "Osiyo jamoalaridan keyin Ovro‘po klubida ishlash istagi bo‘lgani, o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygani va o‘ziga ancha mos tushgani uchun ham aynan "Ostona" klubi Bosh murabbiyligini tanlangan"ini bildirgan.