Shinjon Uyg‘uristonida yana zo‘ravonlik, qurbonlar bor

Image copyright AP

Xitoyning azaldan musulmon uyg‘urlar yashab kelgan ushbu g‘arbiy mintaqasida yuz bergan navbatdagi to‘qnashuvda 16 kishi qurbon bo‘lgan.

Hodisa yakshanba kuni tunda Qashg‘ar yaqinidagi qishloqda ro‘y bergan.

Bu haqda Xitoy davlat matbuoti xabar bermoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, hibsga olish uchun kelgan politsiya xodimlari qarshilikka uchraydi.

Ularga qarshi portlovchi moddalar va pichoqlar qo‘llanadi.

Ammo xabarda bu shaxslarning kim ekanliklari ochiqlanmaydi.

Ayon bo‘lishicha, politsiya xodimlari 14 kishini otib o‘ldiradi, ikki xodimini ham boy beradi.

Xitoyning ushbu mintaqasida bu kabi to‘qnashuvlar tez-tez yuz berib turadi.

Hukumat bu kabi zo‘ravonliklarda, odatda, ekstremistlarni ayblab keladi.

Uyg‘ur faollariga ko‘ra esa, bunga etnik tanglik va Xitoy hukumatining qattiqqo‘l boshqaruvi sababdir.

Shinjondan olingan xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash doimo qiyin.

Chunki xitoylik mas‘ullar ushbu mintaqaga oid har qanday ma‘lumotni keskin nazorat etishadi.

Ayrim rasmiy xabarlarda yuz bergan so‘nggi zo‘ravonlik yuzasidan ikki kishining hibsga olingani ham aytiladi.

O‘tgan oy ham Xitoy davlat ommaviy-axborot vositalari Qashg‘ar yaqinidagi politsiya idorasiga uyushtirilgani haqida habar bergandi.

Ushbu hodisada 11 kishi qurbon bo‘lgani, ulardan ikki nafarining politsiya xodimlari ekani haqida aytilgandi.

Oktyabr oyi oxirida esa, Tyananmen maydonida mashina yordamida amalga oshirilgan portlash ham 5 kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Rasmiy Pekin yuz bergan hodisani terrorchilik amali atagan va unda Shinjonga bog‘liqligi bo‘lgan ekstremistlarni ayblagandi.

Politsiya yonib ketgan mashina ichida bo‘lgan uch kishi shinjonlik uyg‘urlar, degan xulosaga kelgandi.

QISQACHA MA‘LUMOT O‘RNIDA:

  • Uyg‘urlar turkiy qavmga mansub musulmonlar
  • Ular hozirgi kunda mintaqa aholisining qariyb 45 foizini tashkil etishadi.
  • Qolgan aholining 40 foizi esa, xitoylik xanlardan iborat.
  • Xitoy yangi tashkil topgan Sharqiy Turkiston davlatini qisqa vaqtning ichida yakson etib, 1949 yilda mintaqa ustidan qayta o‘z nazoratini o‘rnatadi.
  • Orada kechgan vaqt davomida esa, mintaqaga katta sondagi xanlarni ko‘chirib borishga muvaffaq bo‘ladi.
  • Bularning barchasi oqibatida uyg‘urlar qadim madaniyatlarining butkul yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirga tushib qolishgan.