Qozog‘istonlik faollar Janao‘zen qurbonlarini xotirlashmoqda

Image caption Politsiya neftchilarning talablariga o‘t ochish bilan javob qaytargan

Qozog‘istonlik faollar mamlakat mustaqilligining navbatdagi sanasini 2011 yilda yuz bergan Janao‘zen voqealari qurbonlarini xotirlash bilan nishonlashgan.

Ikki yil muqaddam politsiyaning neft korxonasi ishchilariga qarata o‘t ochishi natijasida 16 kishi halok bo‘lgan edi.

Hukumat voqealarning navbatdagi sanasi arafasida namoyishlarni taqiqlagan.

Muxolifat faollari bu kunni Ostonaning markaziy maydonidagi siyosiy repressiyalar qurbonlari xotirasiga qo‘yilgan eski yodgorlik poyiga gullar qo‘yish bilan nishonlashgan.

Shuningdek, Olma-Ota shahrida ham to‘plangan faollar Janao‘zen voqealari, xuddi 1986 yilning 16 dekabrida Olma-Otada yuz bergan tartibsizliklar singari oxirigacha tekshirilmagani va javobgar shaxslar jazoga tortilmaganini aytishgan.

Janao‘zenning o‘zida esa shahardan 12 kilometr uzoqlikdagi Tenge ovulida qurbonlar xotirasiga osh berilgan va o‘tganlar ruhiga Qur‘on tilovat qilingan.

Tadbirda qurbonlarning yaqinlari bilan birga Janao‘zen shahri hokimi ham ishtirok etgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirga faqat "nazoratdan o‘tgan odamlar"gina qo‘yilgani yozilgan.

2011 yil 16 dekabr kuni Qozog‘iston mustaqillik kunini nishonlayotgan bir vaqtda mamlakat g‘arbidagi Janao‘zen shahrida neftchilar va politsiya o‘rtasida ommaviy tartibsizliklar kelib chiqqan edi.

7 oy davomida ish tashlagan neftchilar maoshlarining oshirilishi va ish sharoitlarining yaxshilanishini talab qilganlar.

Ammo ish beruvchilar neftchilarning talablariga ularni ishdan bo‘shatish bilan javob qaytarishgan.

Shahardagi binolarga o‘t qo‘yilgan, do‘kon va banklar talon taroj qilingan.

Hodisalarda 100 dan ortiq odam yaralangan.

Internetda qurollangan politsiya qochib ketayotgan odamlarning ortidan o‘q uzgani va yaralanganlarni to‘qmoq bilan urgani aks etgan tasvirlar paydo bo‘lishi ortidan politsiya ustidan ham jinoyat ishi ochilgan.

Faollar tergov jarayonining qiynoqlar va bosimlar ostida o‘tganini aytishadi.

Mahkama jarayonida ko‘pchilik guvohlar qiynoqlar ostida ko‘rsatma berishga majburlanganliklarini aytishgan.

Prezident Nazarboyev voqealar xorijdan aralashuv natijasida sodir bo‘lganini aytgan.

Qozoq huquq-tartibot idoralari qochuvdagi muxolifat rahbari Muxtor Ablyazovni voqealarga aloqadorlikda ayblashgan.

Hukumat Janao‘zen voqealari yuzasidan adolatli mahkama o‘tkazilgani va aybdorlar jazolanganini aytadi.