Namoyishchilar Rossiya bilan hech qanday hujjat imzolamaslikka chaqirganlar

Image copyright BBC World Service

15 dekabr yakshanba kuni poytaxt Kiyevdagi aksilhukumat namoyishida 200 mingcha kishi ishtirok etgani xabar qilinmoqda.

Namoyishchilar Prezident Viktor Yanukovich iste‘fosini talab qilganlar.

Kiyevdagi Mustaqillik xiyobonida ikki AQSh senatori - Kris Myorfi va Jon Makkeyn namoyishchilar oldida chiqish qilganlar.

"Erkin dunyo siz bilan, Amerika siz bilan va men siz bilan birgaman", deb aytgan senator Makkeyn.

Shu kuni Ovro‘po Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Shtefan Fyule o‘zining Twitterdagi sahifasida Ovro‘po Ittifoqi Ukraina hukumati bilan muzokaralarini to‘xtatishi haqida e‘lon qilgan.

"Ukraina: Prezident va hukumatning birlashish kelishuviga doir so‘zlari bilan ishlari borgan sari bir-biridan uzoqlashib borayapti", deb yozgan janob Fyule.

Bunga javoban Ukraina Bosh vaziri matbuot xizmati bayonot e‘lon qilgan, bu bayonotda Ukraina hukumatining Ovro‘po Ittifoqi bilan muzokaralarni davom ettirish istagi borligi aytilgan.

17 dekbar kuni Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovichning Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralari mo‘ljallangani xabar qilingan.

Kiyevdagi Mustaqillik maydonida yig‘ilgan namoyishchilar Prezident Yanukovichning Rossiya bilan biror bir kelishuvni imzolamasligi talab qilingan rezolyutsiya qabul qilganlar.

Bu rezolyutsiyada Ukrainaning Bojxona Ittifoqiga kirishi mumkin emasligi aytilgan, siyosiy tutqunlar, xususan sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoni ozod qilish talabi ilgari surilgan.

Shu kuni Kiyevda Prezident Yanukovich tarafdorlari ham bir necha ming kishilik namoyish tashkil etganlar.

Bu namoyishchilar orasida Qrimdan borganlar ham bor.