O‘zbekistonda Amerikaning obro‘si va ta‘siri qanday?

Agar, "Pyu" xalqaro markazining so‘nggi tadqiqotlariga tayanilsa, o‘tgan 40 yil badalida amerikaliklar ilk bor o‘z mamlakatlarining dunyodagi ta‘siri va obro‘-e‘tibori kamayib borayapti, degan fikrni izhor etishgan.

Aksariyat so‘rov ishtirokchilariga ko‘ra, bugunga kelib, dunyoda Amerikani hurmat qilayotganlar soni ham kamayib bormoqda.

Ulardan yarmidan ko‘prog‘ining nazdida esa, AQSh hozir dunyoda 10 yil avvalgi qudratiga ega emas.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, amerikaliklar so‘nggi bor bu kabi fikrni 1974 yilda izhor etishgan, xolos.

Amerika xalqaro sahnada o‘z ishini qoyillatayapti, degan bahoda bo‘lganlarning soni esa, hatto, 20 foizga ham yetmagan.

Yangi so‘rovning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, yarim asr badalida "Amerika birovlarning ishiga burun suqmay, o‘z ishlari bilan shug‘ullansin", deguvchilar soni ham ellik foizdan ortgan.

O‘z vaqtida AQShning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston esa, so‘nggi yillarda yana rasmiy Vashington bilan aloqalarini yaxshilash harakatiga tushib qolgan davlatlardan biri sanaladi.

Ammo, hozir Nyu-Yorkda bo‘lgan O‘zbekistondagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Amerikaning dunyodagi bugungi qudrati va obro‘-e‘tibori borasida oddiy o‘zbekistonliklar orasida qarama-qarshi fikrlar mavjud:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi orasida ikki xil darajadagi tendentsiyani kuzatish mumkin.

O‘zbekistonlik mutaxassis ushbu masalada eng avvalo mamlakat aholisi aksariyatining musulmon ekaniga e‘tibor qaratib, javob berishni ma‘qul ko‘rishini aytadi.

"Ularda Amerikani, ko‘proq, musulmonlarga qarshi, tinch-osuda bo‘lgan mamlakatlar yoki qayerda neft yoki boshqa zaxiralar bo‘lsa, o‘shalarni bosib oluvchi va faqat geo-siyosiy maqsadlar bilan ilgari odimlovchi bir davlat sifatida anglash hissi paydo bo‘layotganini ham tan olish kerak", - deydi Suhrob Ismoilov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, keyingi paytlarda internet rivojlanib borayotgani, globalizatsiya jarayoni va mamlakatlarning ko‘proq bir-birlari haqidagi ma‘lumotlarga ochilib borayotgani tufayli, odamlarning ong va shuurlari o‘sib borayapti.

"Shuning natijasida ham, O‘zbekistondagi ko‘pchilik, ya‘ni o‘zini musulmonman, deb hisoblayotgan odamlar Amerikani ko‘proq keyingi 10-15 yillik davr ichida Islom mamlakatlariga qilayotgan yurishlari, yangi salb yurishi ham deyilayapti, mana, Iroqdagi voqealar, mana, yaqinda bo‘lgan Liviyadagi hodisalar, Afg‘oniston, hozirgi kunda Suriyada kechayotgan mojarolar va u yoqda G‘arbning, asosan Amerika va Ovro‘po Ittifoqining aralashuvlari, mana shunaqa voqealar orqali anglashni boshlayaptilar...", - deydi o‘zbekistonlik ekspert.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonda Amerikaga bugungi qarashi sobiq Sho‘rolar davrida berilgan nazariyalarga asoslangan aholi guruhi borligini ham ta‘kidlab o‘tadi.

"O‘zbekistonda Amerika borasida maishiy darajada kuzatiluvchi yana bir kayfiyatni Sovet davrida berilgan tushunchaning bir qoldiqlari, desak ham bo‘ladi. Bu tushunchaning asosiy mazmuni fitna nazariyasiga asoslanadi. Bu - Amerika muammoni o‘zimiz yaratib, o‘zimiz hal qilamiz, degan davlat mazmunidagi bir nazariya", - deydi u.

O‘zbekistonlik ekspertning biz bilan suhbatida aytishicha, bu masalada O‘zbekiston siyosiy doiralarida allaqachon umuman boshqa bir darajadagi kayfiyat kuzatiladi.

Siyosiy elita-chi?

"Siyosiy elita o‘zining siyosati haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda hali ham ichki va tashqi siyosatni belgilashda prezident Islom Karimovning roli, mutlaq demasak ham, kuchli. Karimov hali ham iqtidorda, hali ham hokimiyatda. Karimovning o‘zi judayam yaxshi bir siyosiy o‘yinchi. Hozirgi kundagi manfaatlaridan kelib chiqib, o‘ylashimcha, Amerikaga juda ham muhtoj", - deydi u.

Suhrob Ismoilovning aytishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Amerikaga qilgan so‘nggi safari ham bejizga emas.

"Hozirgi kunda, shu, siyosiy oriyentirlar boshqattan belgilanayapti. Va buning asosiy sabablaridan biri - 2014-2015 yillarda kutilayotgan saylovlar ham bo‘layapti. Mana shunda Amerikaga, uning xohish-istaklariga, irodasiga juda katta e‘tibor beriladi va O‘zbekiston hukumati mana shunaqa davrlarda Amerikaning qo‘lloviga, ayniqsa, juda muhtoj bo‘ladi".

Mahalliy ekspert, o‘z o‘rnida, faqatgina oddiy o‘zbekistonliklar emas, inson huquqlari himoyachilari ham, fuqaroviy jamiyat vakillari ham Amerikaning qo‘llab-quvvatloviga muhtoj ekanliklarini ta‘kidlaydi.

"Chunki haliyam mustaqil ishlamoqchi bo‘lishsa, O‘zbekistondagi ko‘pchilik fuqaroviy jamiyat vakillari ko‘proq Amerika fondlariga bog‘liq. Amerika asosiy donor hisoblanadi. Shu jihatdan, Amerikaning bu sohada qilayotgan har bir harakati va amalga oshirayotgan dasturlari ijobiy qarshilanadi".

Mintaqadagi ta‘sir...

Suhbatdoshimiz AQShning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ta‘siri so‘nggi yillarda kamayganiga oid baholarga qo‘shilishi, ammo bunga faqat ularning o‘z istaklari sabab bo‘lganini aytadi.

"Amerikaning o‘zi bu mintaqadan oyoqlarini uzishni istayapti. Chunki hozir Amerikaning boshqa mintaqalarda, yana o‘z ichida muammolari ko‘payyapti. Men Amerikaning o‘zi istamaganida, Rossiya mintaqada o‘z ta‘sirini kuchaytira olgan bo‘lardi, deb o‘ylamayman. Chunki Markaziy Osiyo hukumatlari, haqiqatan ham, kim ko‘proq dotatsiya bersa, kim ko‘proq investitsiyalar kiritsa yoki alohida bir bazalar va yo boshqa bir ob‘ektlar uchun ko‘proq pul bersa, o‘sha bilan hamkorlik qiluvchi hukumatlardir".

O‘zbekistonlik ekspert hozir ham Rossiya va Amerikaning moliyaviy qudrati, imkoniyatini bir pallaga qo‘yib bo‘lmasligini urg‘ulaydi. Unga ko‘ra, Amerikada haliyam qudrat ko‘p.

Suhbatdoshimizning eng so‘nggida aytishicha, Amerikaning global miqyosdagi qudrati va obro‘-e‘tiborini o‘rganishga qaratilgan bu kabi yillik so‘rovlar kerak.

"Davlatlar ham insonlarga o‘xshaydi. Kuchli inson, kuchli lider doimo guruhning qaysi tomonga qarab yo‘nalishi yoki mintaqaning qaysi yo‘nalishga qarab harakatlanishini belgilaydi. Shuning uchun ham bunaqa so‘rovlarning o‘tkazilishida bir ma‘no ko‘riladiki, AQSh hali ham iqtidori baland, kuchli davlat. Allaqachon yagona super-qudrat, deb aytib bo‘lmasa ham, lekin hali ham birinchi kuchlar qatorida ko‘riladi. Va dunyoning ko‘p joylarida siyosiy, iqtisodiy tendentsiyalarni belgilash darajasida qudratga ega bo‘lgani uchun ham, AQShning ta‘siri doimo o‘lchab, kuzatib boriladi", - deydi O‘zbekistondagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov.