Afg‘oniston: Uchoq halokati xorijiy askarlar umriga zomin bo‘ldi

Image copyright none

NATO yetakchiligidagi ISAF - Xalqaro Xavfsizlik Ko‘mak kuchlariga ko‘ra, Afg‘oniston janubida yuz bergan uchoq halokatida 6 nafar Amerika askari nobud bo‘lgan.

"Halokat sabablari qorong‘u va tekshiruv ishlari boshlab yuborildi", deyiladi ISAF bayonotida.

Zobul viloyati hokimi o‘rinbosarining matbuotga aytishicha, NATOga tegishli vertolyot chekka Shojo‘y ulusvorligida qulab tushgan.

Dastlabki xabarlarda hodisa chog‘i dushman tomondan hech qanday hatti-harakat kuzatilmagani aytiladi.

Joriy yil boshlarida ISAF Afg‘onistondagi xavfsizlik mas‘uliyatini afg‘on qurolli kuchlariga topshirgan, ammo hamon mamlakatda 97, 000 xalqaro qo‘shin faoliyat qiladi.

Afg‘onistondagi NATO kuchlari safida hozir 50 mamlakatdan askarlar (ularning 68, 000 minggi Qo‘shma Shtatlarga tegishli) xizmat qilishadi.

Askarlar zarurat bo‘lgan payti afg‘on kuchlariga yordamga borishadi.

2014 yil oxirlarida NATOning barcha jangovor qo‘shinlari chiqib ketishi kerak.

Maslahat va tayyorlov amaliyotlari uchun esa, kichikroq sondagi askarlarni qoldirish rejalangan.

Ammo, hali bunga Afg‘oniston hukumati tomonidan izn berilishi kerak.