Yangi so‘rov: "Afg‘onistonga kirib, balki, xato qildik..."

Image copyright AP

"Associated Press-GfK" tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rovda amerikaliklarning yarmidan ko‘pi bu kabi fikrni izhor etishgan.

So‘rov ishtirokchilariga ko‘ra, 2001 yilgi terrorchilik hujumlari ortidan Afg‘onistonga kirish "yanglish bo‘lgan" bo‘lishi mumkin.

Kelasi yilda Afg‘onistondagi vaziyat yaxshiroq bo‘lishiga ishonganlarining soni esa, 20 foizga ham yetmagan.

O‘z o‘rnida, amerikaliklarning har uchtadan bittasi afg‘on mojarosi yanada yomonroq tus oladi, degan fikrda ekanlar.

Respondentlarning yarmiga yaqiniga ko‘ra, Afg‘onistondagi holat yangi yilda ham shu ahvolda, o‘zgarishsiz qoladi.

Xuddi shu yili Afg‘onistonda o‘tgan 12 yildan buyon hozir bo‘lgan Amerika boshchiligidagi ittifoq kuchlari ortga safarbarlikni rejalashgan.

Shundan so‘ng haliyam notinch va Tolibon jangarilari faol bo‘lgan Afg‘onistonda xorijiy qo‘shinlarning harbiy hozirliklari masalasi hozir mintaqa davlatlarini birdek qiziqtirgan eng dolzarb mavzuga aylangan.

Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari ham xalqaro ittifoq kuchlarining chiqib ketishi ortidan, Afg‘onistonning yana fuqarolar urushi girdobiga botishi, ekstremistlar va bangivor moddalar uyasiga aylanishidan xavotirdalar.

Qator harbiy bazalar va 15 mingtagacha xorijiy askarning Afg‘oniston tuprog‘ida qolish shart-sharoitlarini belgilab beruvchi muhim xavfsizlik bitimi esa, hozircha afg‘on hukumati tomonidan imzolanmagan.

Rasmiy Vashington va Nato bitim rasman ma‘qullanmaydigan bo‘lsa, afg‘on tuprog‘ida birorta ham askarini qoldirmasligini aytmoqda.

Safarbarlik juda sust

Image copyright AP

Agar, yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘i Afg‘onistondan safarbarlik juda sekin sur‘atda kechayotganini aytishgan.

Faqat har o‘ntadan bitta kishi qo‘shinlarimizni juda tez olib chiqib ketishayapti, degan fikrni izhor etgan bo‘lsa, har uchtadan bittasi hammasi maromida, degan to‘xtamda ekanlar.

O‘z mamlakatlari va dunyoning qolgan olti qudratli davlati yadroviy dasturini jilovlash yuzasidan Eron bilan erishgan birlamchi bitimni esa, amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘i ma‘qullashgan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, Eron va Afg‘onistondagi ishlaridan u qadar qoniqish hosil qilishmagan esalar-da, Amerika fuqarolari o‘z prezidentlarining ichkisidan ko‘ra, tashqi siyosatini yuqoriroq baholashgan.

Deylik, so‘rov ishtirokchilarining yarmiga yaqini uning boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarini qanchalik qoyillatayotganidan mamnunlik izhor etishgan. Naq teng foizi esa, bunga zid qarashni bildirishgan.

Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Barak Obama yuritayotgan iqtisodiy siyosatni mamlakat aholisining bor-yo‘g‘i 40 foizi ma‘qullagan. Oltmish foizga yaqini esa, norozi ekanini aytgan.

Umuman olganda esa, 42 foiz amerikalik o‘z prezidentlarining faoliyatini ijobiy baholashgan.

Amerika ommasining fikri shu yil 5-9 dekabr kunlari oralig‘ida o‘rganilgan.

So‘rov KnowledgePanel so‘rov shirkati yordamida ikki mingga yaqin katta yoshli kishi o‘rtasida o‘tkazilgan.

Yangi so‘rov telefon, xatlashuv va internet orqali yo‘lga qo‘yilgan savol-javoblar asosida olib borilgan.