Xalqaro muhojirlar kuni: Rossiyada muhojirlar mavzusi ustivor

Bugun jahon bo‘ylab muhojirlar kuni nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2000 yilda qabul qilingan qaroriga binoan bu kunda BMT a‘zo davlatlari va nohukumat tashkilotlar muhojirlarning inson huquqlari va erkinliklari haqidagi ma‘lumotlarni tarqatish, muhojirlarni himoyalash yo‘lida dasturi amallarni ishlab chiqishga da‘vat qilinadilar.

Joriy yilning oktyabrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Migratsiya va Taraqqiyot bo‘yicha yuqori darajali uchrashuvda BMT a‘zolari muhojirlikning taraqqiyotga qo‘shadigan muhim hissasini tan oldilar va noqonuniy muhojirlik muammosi bilan kurashish, hamda qonuniy va xavfsiz muhojirlikni targ‘ib qilish yo‘lida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Ular qabul qilgan deklaratsiya muhojirlarning inson huquqlariga alohida e‘tiborni qaratadi va xalqaro mehnat mezonlarini targ‘ib qiladi.

Deklaratsiya, shuningdek, irqchilik va toqatsizlik ko‘rinishlarini qattiq qoralab, muhojirlar borasidagi noto‘g‘ri qarashlarni yaxshilash zaruratini urg‘ulagan.

Muhojirlik mavzusi o‘zbekistonliklar uchun bugunda eng dolzarb muammolardan biriga aylangan.

O‘zbekistonlik muhojirlarning eng katta qismi istiqomat qiladigan Rossiyada ham bu yil muhojirlik mavzusi ustivor masala bo‘ldi. Muhojirlar mavzusi, rossiyalik tahlilichlarga ko‘ra, ilk bora siyosiy va axborot maydonida birinchi o‘ringa chiqdi.

Rossiya hukumati markaziy osiyolik muhojirlarga qarshi viza tizimini kiritish, ularning sonini cheklash, hamda noqonuniy muhojirlikning jiddiy illat ekani haqida bot-bot gapirdi. Kremlga muxolif guruhlarning chaqiriqlari rasmiy bayonotlardan farq qilmadi.

Moskvalik antropolog olim Sergey Abashin muhojirlik huquqlari uchun kurashib keladi. Biz undan avvalo, noqonuniy muhojirlik Rossiya uchun real muammomi, deb so‘radik.

Abashin: Bilasizmi, Rossiyada muammo ko‘p. Noqonuniy muhojirlik real muammo, lekin u Rossiya jamiyatidagi eng asosiy muammo emas. Chunki xorijliklarning noqonuniy muhojirligi bilan bir qatorda, Rossiyalik fuqarolarning ham noqonuniy muhojirligi bor. Hukumat bayonotiga ko‘ra, ishlashga qodir aholimizning yarmisi qayerda ishlayotgani va qayerda qanday maosh olayotgani noma‘lum. Demak, ularni ham noqonuniy deb atash mumkin. Bu ancha muhimroq muammo. Yana bir muammo - jinoyatchilik. Statistikaga binoan, Rossiyadagi jinoyatchilik xorijliklar yashaydigan hududlarda emas, balki ichkilikbozlik kabi illatlar keng tarqalgan tushkun hududlarda avj olgan. Jinoyatchilik nuqtai nazaridan olib qaralsa, menimcha, ichkilikbozlik muhojirlikdan ko‘ra ancha jiddiyroq muammo. Aytmoqchimanki, to‘g‘ri, muhojirlikni nazorat qilish kerak, lekin u Rossiyadagi eng asosiy muammo emas. Lekin, axborot maydonida va siyosatda hammasi aksincha. Hech bir jurnalist yo siyosatchi alkogolizm muammosini muhojirlar mavzusidek ehtiroslarga berilib va tez-tez muhokama qilmaydi.

BBC: Va ayni damda siyosatchilar va matbuot to‘lib-toshib muhojirlar mavzusini muhokama qilishlari manzarasida muhojirlarga nisbatan qator noinsoniy hodisalar yuz berdi, Biryulevoda bozorga hujum qilindi, "Bely vagon" kabi aktsiyalar o‘tkazildi, qotilliklar yuz berdi. Lekin, Rossiya ziyolilarining jamoatchilik ongini o‘zgartirishga harakat qilgani ko‘zga tashlanmadi. Nima uchun ziyolilar jim edi?

Abashin: Men bunga faqat qisman qo‘shilaman, chunki ziyolilar, siyosatchilar va inson huquqlari faollarining bir qismi orasida ksenofobiyaning o‘sishiga qarshi keskin chiqishlari bo‘ldi. Jamoatchilikning qaysidir qismi muhojirlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, muhojirlarga qarshi kurashish emas, balki ularni himoya qilib, qonuniylashtirilishi uchun kurashishimiz kerak, degan chaqiriqlar bilan chiqdi, hatto norozilik namoyishlari uyushtirildi. Lekin, gap shundaki, muhojirlarga qarshi bo‘lgan millatchi kuchlar tezroq jipslashadi, chunki ularning shiorlari juda oddiy, va muammolarni hal qilish yo‘lidagi takliflari ham oddiy. Lekin muhojirlarga xayrixoh bo‘lgan kuchlar ancha sekin to‘planadilar. Ayniqsa, Rossiyada liberal va chap qanot kuchlar o‘zaro yaxshi uyushmaganlar. Rossiyada hozir o‘ng qanot millatchi guruhlar ustivor mavqeda.

BBC: Rossiyada muhojirlarga qarshi chiqayotgan kuchlar har qalay Rossiya xalqining bir qismi. Ular balki kundalik hayotlarida muhojirlardan jabr chekayotgandirlar, balki muhojirlar ularning ish joylarini tortib olayotgandir, balki muhojirlar jinoyatlari tufayli ular ko‘chalarda o‘zlarini xavfsiz sezmayotgandirlar? Ya‘ni, ularni faqat siyosatchilar va matbuot ilhomlantirdi deyishdan ko‘ra, o‘z turmushlaridagi qiyinchiliklar shu mavqega majbur qildi deyish mumkinmi?

Abashin: Men unday deb o‘ylamayman. Ayniqsa radikallarga kelsak, ular o‘z turmushlarida muhojirlar yoki qofqozliklardan jabr chekkani uchun radikal ishlarga qo‘l urishadi deb ayta olmayman. Masalan, Russkiy Marshga kimlar chiqayotganini ko‘rib boramiz. Bu odatda mafkuraviylashgan va siyosiylashgan o‘spirinlar. Ularning radikallashuvi o‘smirlarda bo‘ladigan psixologik va ijtimoiy muammolar manzarasida o‘tkirlashadi. Odatda bu o‘spirinlar qoloq Podmoskove yoki boshqa viloyatlardan bo‘lishadi, u yerlarda ta‘lim va madaniy institutlar yaxshi ish olib bormaydi. Muammo shundan kelib chiqadi. Muhojirlar va qofqozliklar kimnidir shunchalik qiynadiki, odamlar ko‘chalarga chiqib ketdi deb o‘ylamayman.

Your contact details
Disclaimer