Ukraina muxolifati: Yanukovich, Kremlda nimani kelishdingiz?

Prezident Viktor Yanukovich rahbarligidagi Ukraina hukumati hay‘atining Moskvaga tashrifi yakunida Rossiya gaz narxini pasaytirishi va Ukrainaga15 milliard dollarlik qarz berishi e‘lon qilindi.

Biroq buning evaziga Ukraina Rosiyaga nima beradi?

Ukraina muxolifati Prezident Yanukovichdan Kremldagi kelishuv tafsilotlarini ochiqlashni talab qilmoqda.

Kremldagi muzokaralar yakunida Rossiya Ukraina uchun tabiiy gaz narxini har 1000 kubometriga 400 dollardan 268 dollarga tushirgani, bu boradagi kelishuv 2019 yilgacha davom etishi e‘lon qilindi.

Shuningdek, Rossiya Ukraina hukumatiga tegishli 3 milliard dollarlikqimmatli qog‘ozlarni sotib olishi xabari tarqaldi.

Bu xabarlar Kiyevdagi Ovro‘poga birlashish tarafdorlarining uzluksiz davometib kelayotgan norozilik amaliyoti ishtirokchilarini xursand qilmagan.

Namoyishchilar qarshisida gapirgan muxolifatdagi "Udar" partiyasi yetakchisi, boks bo‘yicha jahon chempioni Vitaliy Klichko Prezident Yanukovichni Ukraina mustaqilligiga xiyonat qilganlikda ayblagan.

Prezident Yanukovichning Moskvaga safari oldidan muxolifat Rossiya yetakchiligidagi Bojxona Ittifoqiga qo‘shilish bitimini imzolamaslikni janob Yanukovichdan talab qilgan edi.

Endi Ukraina muxolifati parlamentda hukumat iste‘fosi masalasini yana ko‘tarishga qaror qilganini aytmoqda.

Chorshanba kuni Oliy Rada deputatlari parlament prezidiumi va minbarini to‘sib, majlis o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaganlar.

BBC muxbiriga ko‘ra, 20 dan ortiq deputatlar ushbu harakatda qatnashishgan.