Ramzan Qodirov Doku Umarovni "allaqachon o‘lgan"ga chiqardi

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Doku Umarovning jasadini qidirayapmiz"

Chechenistondagi xavfsizlik masalasi haqida fikrlarini izhor etar ekan, Ramzan Qodirov o‘z respublikasidagi vaziyatni " Rossiyaning eng tinch mintaqasi" deb ta‘riflagan.

Checheniston rahbari shuningdek, bo‘lginchilar lideri Doku Umarovning allaqachon o‘lganini da‘vo qilgan.

Doku Umarov Sochidagi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishiga qarshi amallar bilan po‘pisa qilib chiqqan edi.

"Umarov allaqachon o‘lgan, biz faqat uning jasadini qidirayapmiz", deb aytgan Qodirov jurnalistlar bilan suhbatda.

"Umarovdan chechen xalqi va yo respublikasiga biror bir xavf yo‘q. Buni men rasman aytmoqdaman", degan Qodirov.

Qodirovga ko‘ra, kimki Umarovning jasadini topsa u "buyuk askar" sharafiga loyiq bo‘ladi.

Iyul oyi boshida Doku Umarovning videomurojaati e‘lon etilgandi.

Unda o‘zini "Qavqoz Amirligi" rahbari deb ataydigan Umarov 2014 yilgi Sochi Olimpiya o‘yinlarini barbod etish harakatlariga chorlagandi.

Shundan keyin Qodirov "shayton Umarov" to o‘yinlar boshlanganiga qadar o‘ldiriladi deb aytgandi.

O‘shanda Ramzan Qodirov Umarovni Rossiyaning "G‘arblik, Ovro‘polik dushmanlari" qo‘lidagi o‘yinchoq ekanini aytgan va bu dushmanlarga Sochida Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi yoqmasligini iddao etgandi.

Umarovning ayni chiqishini sharhlar ekan, ayrim G‘arb diplomatlari Sochida Olimpiya o‘yinlari o‘tish g‘oyasini Kobulda bu kabi o‘yinlar uyushtirishga teng bir amal deb aytishgandi.

Chechenistonda xavfsizlik vaziyati Moskvanikidan ko‘ra yaxshiroqdir deb aytgan Qodirov.

Bir necha bor "o‘ldirilgan"…

Image copyright c
Image caption Doku Umarov...yana o‘ldimi?

Doku Umarov so‘nggi yillar Rossiyada kechgan yirik teraktlarning barchasi uchun ma‘suliyatni o‘ziga olib kelmoqda.

Bular orasida 2009 yilda "Nevskiy Ekpress"da portlash, Moskva metrosiga 2010 yildagi hujum va "Domodedova" aeraportidagi portlashlar bor.

"Qavqoz Amirligi" Rossiyada terrorchi guruh o‘laroq e‘tirof etilgan va uning rahbari Umarov bosqinchilik, odam o‘g‘irlash, teraktlar va qotilliklarda ayblanadi.

2012 yil fevral oyida Doku Umarov Rossiya tinch aholisiga qarshi hujumlarni to‘xtatib turish taklifi bilan chiqqan edi.

Bunga uni Vladimir Putinga qarshi norozilik namoyishlari ilhomlantirganini urg‘ulandi.

O‘shanda Umarov bundan buyon faqatgina kuch ishlatar tizimlari, harbiylar va maxsus xizmatlar uning guruhi nishoni ostida qolishini aytgan edi.

Hozirga qadar Umarovni yetti marta "o‘ldirildi" deb e‘lon qilishgan.

Uning qayerdaligini ochiqlagan shaxs uchun esa 5 million AQSh dollari va‘da berilgan.

Yovvoyi bo‘salar

Image copyright SPL
Image caption Chechenistonda televizorni bo‘salar o‘chiradi

Bugungi matbuot anjumanida Qodirov jamoatchilik joylarida o‘pishish holatlarini "yovvoyilik" deb atagan.

"Biz uchun ko‘chada o‘pishishlar yovvoyilikdir", deb aytgan Checheniston rahbari.

"Biz televizor ko‘rib o‘tirsak va unda o‘pishish sahnasi bo‘lsa, o‘sha zahotiyoq televizorni o‘chiramiz", deb aytgan Checheniston rahbari.

Checheniston prezidenti o‘zining o‘ta an‘anador chiqishlari bilan nafaqat G‘arb, balki Rossiyadagilarni ham hayratga solib keladi.

Shu yil bahorida u Checheniston Britaniyadan ko‘ra xavfsizroq ekanini ham iddao qilgandi.

Ramzan Qodirov bu chiqishi bilan Britaniya Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga munosabat bildirgan.

Vazirlik o‘z fuqarolariga Chechenistonga bormasliklarini tavsiya qilgandi.

"Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Qofqozga bormaslikni maslahat beribdi. Men butun javobgarlikni o‘z bo‘ynimga olib aytamanki, Chechenistondagi vaziyat Angliyadan ko‘ra xavfsizroqdir. Chechenistonga marhamat qiling!", deb bayon qilgandi chechen rahbari o‘z Twitter sahifasida.