Moskva hokimiyati muhojirlar uchun maxsus shaharchalar qurmoqchi

Image copyright BBC World Service
Image caption Rasmiylarga ko‘ra, muhojirlar mehnatiga talab saqlanib qolaveradi

Moskva shahar hokimiyati poytaxtning sanoat hududlarida mehnat muhojirlari uchun maxsus shaharchalar barpo etish rejasini e‘lon qilgan.

Asosan muhojirlar ishlaydigan kommunal xizmatlar ishchilari uchun mo‘ljallangan yotoqxonalar, rasmiylarga ko‘ra, ish kuchini bir yerda jamlash va ular yashaydigan hududdagi aholining farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ammo moskvaliklar rejadan norozi va getto shaharlar quriladigan hududlarda jinoyatchilik darajasining oshib ketishidan xavotir bildirishmoqda.

Moskvadagi "Muhojirlik va qonun" markazi eksperti Yulduz Aminovaning aytishicha, alohida yotoqxonalarning barpo etilishi migrantlarga ro‘yxatdan o‘tishni qulaylashtiradi.

"Hozir bironta moskvalik O‘zbekiston yoki tojikistonlik migrantni uyiga ro‘yxatga qo‘ymaydi, ular sarson-sargardon bo‘lib yuradilar", - deydi ekspert.

Unga ko‘ra, mehnat muhojirlari yashaydigan alohida manzillarning mavjud bo‘lishi ularga ish topish va hayotlarini yo‘lga qo‘yishda ham qulaylik yaratadi.

"Ular yashayotgan joyda mehnat yarmarkalarini tashkil qilish mumkin, ularning qonuniy maqomlaridan xabardor bo‘lgan Federal Muhojirlik Xizmati ham bu joylarni tekshirishiga hojat qolmaydi", - deydi Yulduz Aminova.

Uning aytishicha, alohida shaharchalar qurilishi muhojirlarni Rossiya jamiyatiga integratsiya qilish g‘oyasiga zid emas.

"Qaytaga ular o‘zlari yashaydigan joyda rus tilini o‘rganishlari, farzandlarini maktablarga berishlari mumkin bo‘ladi", - deydi ekspert.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Rossiya hukumatining muhojirlarga e‘tiborini tanqid qilib keladilar.

Muhojirlar soni kamayadi

Ayni paytda Moskva shahar meri Sergey Sobyanin uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasiga jalb qilinadigan migrantlar soni kelasi yil uchdan birga qisqarishini ma‘lum qilgan.

Janob Sobyanin asosan markaziy osiyolik muhojirlar ishlaydigan sohada "asta-sekinlik bilan tartib o‘rnatishlari"ni ta‘kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Moskvada yo‘llarni tozalash bo‘yicha maxsus tashkilotlar tuzilmoqda va ularda asosan rossiyaliklar ishlashadi.

Ammo hokim muhojirlar xizmatiga talab saqlanib qolishini e‘tirof etgan.

"Baribir qaysidir darajada migrantlar mehnatiga ehtiyoj saqlanib qoladi. Asosiy vazifa- bu mehnatning qonuniyligini ta‘minlash", - degan hokim.

Unga ko‘ra, ish beruvchilar uchun migrantlar mehnati rossiyaliklar mehnatidan arzon bo‘lmasligi kerak va ular ham rossiyalik fuqarolar kabi soliq to‘lashlari lozim.

"Aks holda ish beruvchi Rossiya fuqarosinimas-da, balki Tojikiston fuqarosini ishga olish uchun har-xil bahona va sxemalarni o‘ylab chiqaradi", - deb aytgan janob Sobyanin.

Kuzatuvchilar so‘nggi paytlarda Rossiyada aksil-muhojirlik kayfiyatlarining kuchayganini aytishadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, alohida siyosatchilarning muhojirlarga qarshi chiqishlari bu kabi kayfiyatlarni kuchaytirgan.