Muborakning ittifoqchilaridan bir ayblov olib tashlandi

Gamal va Ala Muborakka qarshi qator mahkama ishlari ochilgandi Image copyright d
Image caption Gamal va Ala Muborakka qarshi qator mahkama ishlari ochilgandi

Misr mahkamasi sobiq prezident Husni Muborakning ikki o‘g‘li va uning so‘nggi bosh vaziri Ahmad Shafiqni pullarni noqonuniy o‘zlashtirish ayblovlaridan oqlagan.

Janob Shafiq 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida Muhammad Mursiga yutqazishi ortidan Birlashgan Arab Amirligida yashab kelayotgandi. Unga mahkama hukmi sirtdan o‘qilgan.

Har uch shaxs ham hamon korruptsiyaga oid boshqa ayblovlarga yuz tutishmoqda.

Qohira mahkamasi yana 10 nafar ayblanuvchini oqlab hukm chiqargan.

Otalari Husni Muborak qudratdan ag‘darilganidan beri Gamal va Ala Muborakka qarshi qator mahkama ishlari ochilgandi.

84 yoshli Muborak janoblarining o‘zi avgust oyi hibsxonadan ozod qilinganidan beri uy qamog‘ida saqlanmoqda.

U hamon korruptsiya ayblovlari va 2011 yilda o‘zining hukmronligiga qarshi norozilik namoyishga chiqqan kishilarni o‘ldirishda ishtirok etish bandlarida ayblanmoqda.

Aybdor topilgan Husni Muborak 2012 yilning iyun oyida bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

Ammo, Misr mahkamasi hukm yuzasidan shikoyatni ko‘rib chiqib, mahkama ishni qayta ko‘rib chiqish haqida qaror olgandi.