"Turkmaniston parlamentida ikki partiya bo‘lishida ma‘ni yo‘q"

Image copyright AFP Getty
Image caption Yakshanba kungi ovoz berish jarayonida mamlakat tarixida ilk bor birdan ortiq partiya ishtirok etdi

Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar Turkmanistondagi parlament saylovlari natijalarini tanqid qilishgan.

Saylovlarda Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga tarafdor partiyalar g‘alaba qozongan.

Tanqidchilarga ko‘ra, dunyodagi eng repressiv davlatlaridan biri - Turkmanistonda haqiqiy islohotlar faqat og‘izda amalga oshirilgan.

Turkman rasmiylari esa, mamlakat demokratiya tomon qadam tashlayotganini aytadilar.

Ko‘ppartiyaviylik?

Yakshanba kungi ovoz berish jarayonida mamlakat tarixida ilk bor birdan ortiq partiya ishtirok etdi.

Biroq, inson huquqlari tashkilotlari gazga boy Markaziy Osiyo davlatida o‘tgan saylovlarda Prezident Berdimuhammedovga muxolif biron bir partiyani ko‘rinmaganiga urg‘u beradilar.

Davlat matbuotining xabar qilishicha, iqtidordagi Demokratik Partiya parlamentdagi 125 o‘rindan 47tasini egallagan, Prezidentga xayrixoh, yangi tashkil etilgan Sanoatchilar Partiyasiga esa, 14 o‘rin tekkan. Jarayonda saylovchilarning 91.33% ishtirok etgani aytiladi.

Parlamentning qolgan o‘rinlarini barchasi hukumatga vafodor bo‘lgan kasaba uyushmalar, ayollar va yoshlar tashkilotlari hamda diniy guruhlar qo‘lga kiritishgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Turkman Tashabbusi Guruhi rahbari Farid Tuxbatullin parlamentda ikki partiyaning bo‘lishi hech qanday ma‘noni anglatmaydi.

Chunki, ularning har ikkisi ham Prezident Berdimuhammedovga sodiq partiyalar. Haqiqiy muxolifat rahbarlari yo qamoqda va yo quvg‘inda.

Xalqaro Amnesti guruhi ham saylovlarni tanqid ostiga olgan. Tashkilotga ko‘ra, saylovlar "mutlaq repressiya, inson huquqlariga zid va Turkmanistonda yillardan beri davom etayotgan qo‘rquv" muhitida bo‘lib o‘tgan.

Turkmanistonda aksari musulmonlardan iborat 5.5 million odam istiqomat qiladi.

Shaxsga sig‘inish

Garchi, aholining katta qismi kambag‘al hisoblansa-da, aksar turkmanlar tekin gaz va elektr ta‘minotidan barhamand bo‘lishadi.

Janob Berdimuhammedovdan oldingi 2006 yil vafot etgan prezident Saparmurod Niyozov mamlakatda shaxsga sig‘inishni vujudga keltirgan va o‘ta g‘ayrioddiy siyosatlar olib borgandi. Masalan, opera taqiqlangan, oylar qayta nomlangan, jumladan, o‘zi va onasining ismlari qo‘yilgandi.

Tanqidchilar Berdimuhammedov janoblari ham o‘ziga xos shaxsga sig‘inishni yaratayotganini aytadilar.

Berdimuhammedov o‘tgan yil qayta prezident etib saylangan va rasmiylar u 97 foiz ovozni qo‘lga kiritganini aytishgandi.